O‘zbekiston professional futbol ligasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2022-yilgi mavsum taqvim rejasi bo‘yicha kelishib oldi. Yangi mavsumga 10-fevral kuni qur’a tashlanadi. Bu haqda PFL rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvlar sanalariga oydinlik kiritilishi uchun OFK taqvim rejasini kutishga to‘g‘ri kelgan. Hozirda Chempionlar Ligasi, OFK Kubogi, Osiyo chempionati U-23, Osiyo Kubogining saralash musobaqalari qaysi sanalarga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘lib ulgurgan.
Mavsum odatga ko‘ra Superkubok uchrashuvi bilan start oladi. O‘zbekiston chempioni sifatida “Paxtakor” Kubokning amaldagi sohibi “Nasaf” bilan to‘qnash keladigan Superkubok bahsi 27-fevral, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Hozircha o‘yin qayerda o‘tkazilishi noma’lum.
Superliga esa 2-mart sanasidan e’tiboran start oladi. Chempionlar Ligasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan klub(lar) guruh bosqichi uchrashuvlarida ishtirok etayotgan bir vaqtda qolgan jamoalar O‘zbekiston Kubogining guruh bosqichida qatnashadi.
Shuningdek, PFL musobaqalarning birinchi davra taqvimini ham e’lon qildi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)