“Kompromatuzb” Telegram kanalida “Hokimga sabr tilaymiz. 200 ming dollar topish osonmas!” sarlavhasi ostidagi xabar turli talqindagi munosabatlarga sabab bo‘ldi. “Daryo” muxbiri ushbu holat yuzasidan tezkor surishtiruv o‘tkazdi.
“Daryo” muxbiri bilan telefon orqali bog‘langan Buxoro shahar hokimi holatga o‘z munosabatini bildirdi.
“Yaqindagina davolanishdan chiqdim. Lekin bu xabar asossiz va hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Uyimga o‘g‘ri tushmagan. ‘Kompromatuzb’ning bu xabari yolg‘on va mutlaqo noo‘rin iddao tarqatgan. Bunaqa miqdordagi mablag‘ga ega ham emasman va buncha pulim bo‘lmagan ham (kulib). Bundan ilgari ham ‘Kompromatuzb’ ‘O‘qituvchidan chiqqan buxorolik hokim Toshkentga qaytish arafasida!’ sarlavhasi ostida yolg‘on xabar tarqatgan edi. Ayni paytda esa ushbu saytni sudga berish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda”, – dedi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov.
“Daryo” muxbirining aniqlik kiritishicha, Buxoro shahar hokimi 2021-yilning 28-dekabridan 3-yanvariga qadar Buxoro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqqan.
“Jamol Nosirov koronavirus infeksiyasi, ya’ni COVID-19 musbat PZR tashxisi bilan davolandi. Kasallik yengil formada kechdi. Davolanish jarayonlari 6 kun davom etdi”, – dedi davolovchi shifokor Shoira Xo‘jayeva.
Hokimning uyidan 200 ming dollar chiqqani haqidagi xabar yuzasidan “Daryo” muxbiri Buxoro shahar IIB boshlig‘i Bahodirxo‘ja Sharipov bilan telefon orqali bog‘landi.
“Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning xonadonida o‘g‘rilik sodir bo‘lmagan. Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlariga bunday mazmundagi hodisa sodir bo‘lganligi to‘g‘risida biror-bir xabar yoki murojaat kelib tushgan emas.
Xuddi shuningdek, surishtiruvimizga ko‘ra, hokimning biror-bir yaqin qarindoshlari tomonidan ham bunday jinoiy hodisa yuz berganligi yuzasidan xabar berilmagan. Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, mustaqil jurnalist va blogerlardan hokimiyat vakillarini obro‘sizlantirishga qaratilgan bu kabi asoslantirilmagan xabar va ma’lumotlarni tarqatmasligini so‘rab qolamiz”, – dedi Bahodirxo‘ja Sharipov.
Ma’lumot uchun, Jamol Nosirov 2021-yil may oyida Buxoro shahri hokimi lavozimiga tayinlangan. Bundan avval Nosirov madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari va Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Izoh (0)