Bundan besh yarim oy avval Andijon viloyatida 5 oylik kelinchak besh kishi tomonidan zo‘rlangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Unda kelin dala shiyponida idishlarni yuvish uchun chiqqanda, uni ko‘rgan 5 nafar spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan erkaklar majburlab shiyponga olib kirib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, zo‘rlagani aytilgan. Kelinning yaqinlari uni zo‘rlagan erkaklarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Tarqalgan xabarlar yuzasidan Andijon viloyati IIB matbuot xizmati 13-may kuni fuqaro O.O. 102 qisqa raqamiga murojaat qilib, shu kuni soat 14:00 larda Andijon tumani, “Qoraqalpoq” MFYda joylashgan dala shiyponida fuqarolar S.A. va O.M. unga nisbatan zo‘rlik ishlatib jinsiy aloqada bo‘lganini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan hodisa sodir bo‘lgan joyga Andijon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi rahbarligidagi tergov-tezkor guruhi voqea joyiga chiqib, hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilgan va videotasvirga olingan.
Tergovga qadar tekshirish harakatlarini to‘laligini ta’minlash maqsadida O.O.ga tegishli bo‘lgan qizil qora rangli ayollar ko‘ylagi va boshqa kiyimlari daliliy ashyo tariqasida xolislar ishtirokida olingan. Mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi, sudga oid biologik ekspertiza va sudga oid fizika-texnikaviy ekspertizasi tayinlangan.
Shundan so‘ng Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, shuningdek, jinoyat ishini ichki ishlar vaziri shaxsan nazoratga olgani ham ma’lum qilingandi.
29-may kuni Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining badanida zo‘rlik alomatlari bilan bog‘liq tan jarohatlari mavjud emasligi, 13-14 haftalik homilador ekani va homilasi rivojlanayotgani aniqlangan.
Tergov harakatlari davomida to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan kelinchak O.O.ning zo‘rlangani to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmagani sababli jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismini Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatish masalasi ko‘rib chiqilayotgani, fuqaro O.O. va boshqalarning tuhmat qilgani holatiga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari davom ettirilayotgani ma’lum qilingandi.
O‘shanda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati tomonidan kelgusida tergov harakatlari natijasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi ta’minlanishi ta’kidlangan edi.
Afsuski, orada besh oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da ichki ishlar vazirligidan tortib, bosh prokuratura, hattoki sud tomonidan ham tergov harakatlari natijasi yuzasidan ommaviy axborot vositalarida hech qanday qo‘shimcha yoki yakuniy ma’lumot berilmagan. Shu maqsadda “Daryo” muxbiri viloyat prokuraturasi axborot xizmati bilan bog‘lanib, tergov harakatlari yakuni bo‘yicha ma’lumot taqdim etishni so‘ragan.
Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, “Odam DNKsi sud-biologik” ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchi ayol O. O.ning kiyim-kechaklarida aniqlangan spermalar uning eri O.O.ga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan.
Jabrlanuvchi ayol O.O. yaqin qarindoshlari va himoyachisi ishtirokida so‘roq qilinganida, uni hech kim zo‘rlab nomusiga tegmaganini, qaynonasi O‘.O. moddiy manfaatdor bo‘lish evaziga uni zo‘rlab nomusiga tekkani haqida ariza va ko‘rsatma berishga majbur qilganini, agarda ushbu ko‘rsatmani bermasa eri bilan birga yashattirmasdan, ajratib yuborishini aytgani sababli, ilojsizlikdan yolg‘on ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan.
Mazkur ish bo‘yicha tergovga jalb qilingan fuqaro, kelin tomonidan zo‘rlaganlikda ayblangan erkaklar A.S. o‘zining ko‘rsatmalarida tanishlari O. M., A. M., M. J., X. J., B. X., B. A. bilan birga 2021-yil 13-may kuni soat 10:00 da Andijon tumanida joylashgan “Hayot” nomli choyxonada o‘tirganini va spirtli ichimliklar iste’mol qilganini, shu kuni soat 13:30 dan so‘ng “Qoradaryo” bo‘yiga borib aroq ichganini, shu kuni soat 19:00 dan so‘ng uylariga ketganini bildirgan.
Shuningdek, A.S. hamma tanishlarini o‘ziga tegishli bo‘lgan Labo rusumli avtomashinasida uylariga tashlab, ish joyi Andijon qishloq xo‘jaligi agrotexnologiyalar institutiga qorovullik qilish uchun ketganini aytgan.
A.S.ning ko‘rsatmalarini qolgan gumonlanuvchilar ham to‘liq tasdiqlab, o‘sha kuni kelinchak O.O.ni umuman ko‘rmaganini, uni umuman tanimasliklarini ma’lum qilgan.
2021-yil 14-may kuni gumonlanuvchilarning badani tibbiy mutaxassislar tomonidan ko‘zdan kechirilganda hech qanday jarohat va shilinma izlari mavjud emasligi aniqlangan.
Bundan tashqari, O.O. ishtirokida shaxslarni tanib olish tergov harakati o‘tkazilganida, u faqatgina mahalladoshi A.S. va O.M.ni tanib olgan.
Shuningdek, voqea sodir etilgan kuni dala shiyponidan 400 metr uzoqlikda joylashgan daryo bo‘yida dam olib o‘tirgan X.M., A.A. va Sh.E. o‘z ko‘rsatmalarida, fuqaro O.O.ga tegishli bo‘lgan dala shiyponi esa ta’kidlanganidek, ulardan 400 metr uzoqlikda joylashganini, dala shiyponi ularga yaqqol ko‘rinib turganini, ular shu kuni soat 10:30 dan 17:30 ga qadar o‘tirishganini, shu vaqt davomida shiypon atrofida begona erkaklarni ko‘rmaganini, dala shiyponidan ayol kishining baqirib yordam so‘ragani eshitilmaganini bildirishgan.
2021-yil 26-may kuni o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida to‘plangan inkor qilib bo‘lmas dalillarga asosan kelinchak O.O.ning zo‘rlangani to‘g‘risidagi vajlari o‘z tasdig‘ini topmagani sabab, jinoyat ishining gumon qilinuvchilarga tegishli qismi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga (jinoiy hodisa yuz bermagan yoki shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa) asosan tugatilgan.
4-iyun kuni jinoyat ishi bo‘yicha sudga oid psixiatriya va psixologiya ekspertizalari tayinlangan.
Sud-psixologik ekspertizasining 14-iyundagi xulosasi, jabrlanuvchi O.O.ning dastlabki tergov harakatlari davomida berayotgan ko‘rsatmalari, ijtimoiy voqelikda o‘zaro nomutanosiblik mavjudligi, uning idrok va tafakkur jarayonlarida tushuncha, hukm, xulosalarida favqulodda uzilishlar yuzaga kelgani sabab, uning individual psixologik xususiyatlari va yoshlik darajasi bo‘yicha, ushbu holatni ongli ravishda to‘g‘ri tushungan holda anglab yetishga va tahlil qilishga qodir emasligi, dastlabki tergov harakatlari davomida berayotgan ko‘rsatmalari tafakkuridagi tushuncha, hukm, xulosalaridagi uzilishlar natijasida real bog‘liqqa yaqin emasligini ko‘rsatgan.
Shu munosabat bilan 2021-yilning 22-iyun kuni zo‘rlaganlikda ayblangan erkaklar A.S., O.M., A.M., M., X.J., B.X., B.A. jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan.
Qaynona va qaynota ogohlantirilgan, qaynaka hamda qaynopa esa jarimaga tortilgan
Qayd etilishicha, jinoyat ishining kelin qaynotasi I.O., qaynonasi O‘.O., qaynakasi A.O. va qaynopasi X.J.ga nisbatan bo‘lgan qismi alohida material tariqasida ajratilib, ularning harakatlariga baho berishlik uchun hujjatlar Andijon tuman ichki ishlar bo‘limiga yuborilgan.
Andijon viloyat sudi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2021-yilning 5-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.
Sud qaroriga asosan javobgarlarning barchasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi(tuhmat)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Biroq O.O.ning qaynonasi O‘.O. va qaynotasi I.O. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasiga (huquqbuzarlikning kam ahamiyatliligi sababli ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish) asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod etilib, kelgusida yuqoridagi kabi huquqbuzarliklarni sodir etgan taqdirda javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilib, ularga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish harakatdan tugatilgan.
O.O.ning qaynakasi A.O.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari, ya’ni bir million ikki yuz yigirma besh ming so‘m, qaynopasi X.J.ga nisbatan esa BHMning 2 barobari, ya’ni to‘rt yuz to‘qson ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Kelinchakka jinoyat ishi ochilgan
Viloyat prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning 26-iyun kuni O.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi (nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali; og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab; og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda; g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilingan tuhmat) bandlari va boshqa moddalari (aynan qaysi moddalar ekaniga aniqlik kiritilmagan) bilan ayblov e’lon qilinib, “shaxsiy kafillik” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi 26-iyun kuni ayblanuvchi O.O. va uning himoyachisiga tanishtirilgan. Ikki kundan so‘ng, ya’ni 28-iyun kuni jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi tuzilib, Jinoyat protsessual kodeksining 388-moddasi tartibida sud muhokamasiga yuborilgan.
“Daryo” muxbirining ushbu holat yuzasidan Andijon viloyat sudiga qilgan so‘rovi bo‘yicha hech qanday ma’lumot berilmagan.
Qayd etish lozim, Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Izoh (0)