Bugun, 15-avgust, Pokistonda kuchli musson yomg‘iri yuzaga keltirgan sel va ko‘chkilar sababli kamida 160 kishi vafot etgan. Halok bo‘lganlarning 110 nafari tog‘li Xayber-Paxtunxva viloyatida yashagan. Pokiston nazoratidagi Kashmir hududida esa 7 kishi halok bo‘lgani aytilgan. Bu haqda Le Monde nashri xabar berdi.
Pokiston Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili Anvar Shehzadning so‘zlariga ko‘ra, sel va ko‘chkilar sababli Xayber-Paxtunxva viloyatining o‘zida 110 kishining halok bo‘lgani va 60 kishining jarohat olgani aniqlangan. Oqibatda Buner, Bajaur, Mansehra va Battagram tumanlari falokat yuz berishi mumkin bo‘lgan hududlar sifatida e’lon qilingan.

Agence France-Presse’ning tasvirlarida Bajaur tumani, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarda, odamlar loy bosgan tepalikni kovlayotgani aks etgan. Yaqin atrofdagi dala maydonida janoza namozlari boshlangani va odamlar motam tutayotgani ko‘ringan.
Pokiston meteorologiya xizmati shimoli-g‘arbiy hududlar uchun kuchli yomg‘ir xavfi haqida ogohlantirish bergan. Aholi xavfli hududlarga ortiqcha chiqmaslikka chaqirilgan. Hindiston nazoratidagi Kashmirda esa qutqaruvchilar loy va vayronalar orasidan jasadlarni olib chiqmoqda.
Musson mavsumida Janubiy Osiyoga yillik yog‘ingarchilikning qariyb barchasi yog‘adi. Bu qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim. Biroq yomg‘ir o‘zi bilan birga vayronagarchilik ham olib keladi. Rasmiylar “anomal” deb atagan yozgi musson yomg‘irlari Pokistonda iyun oyidan beri davom etmoqda. Shu vaqt davomida 320 kishining hayotdan ko‘z yumgani aniqlangan. Halok bo‘lganlarning deyarli yarmi yosh bolalar bo‘lgan.
Iyul oyida Pokiston aholisining qariyb yarmi yashaydigan Panjob viloyatida o‘tgan yilga nisbatan 73 foiz ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan.
2022-yilda musson suv toshqinlari Pokiston hududining uchdan bir qismini suv ostida qoldirib, 1 700 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Izoh (0)