“Tolibon” harakati tashkil etilgan vaqt 1994-yil hisoblanadi. Uning ta’sischisi va birinchi yetakchisi mulla Umar harakatni 2013-yilgacha boshqargan. Ushbu bir ko‘zli harbiy rahbarning vafot etganini uning maslakdoshlari 2015-yilga kelibgina tan olgan. O‘shandan beri “Tolibon” o‘z rahbarini ikki marta o‘zgartirdi. Harakat yetakchilari butun Afg‘oniston hududini nazoratga olgani to‘g‘risida e’lon qilganidan so‘ng, endi mamlakat yangi rahbarining ismini aytish niyatida. Hozirda harakatning o‘zagini kimlar tashkil qilishi haqida “RBK” maqola tayyorladi.

Mulla Abdug‘ani Birodar — Dohadagi “Tolibon” siyosiy idorasi rahbari

Foto: AP Photo

Harakat asoschilaridan biri Abdug‘ani Birodar 1968-yilda Afg‘onistonning O‘ruzgon viloyatida tug‘ilgan. Birodar uning familiyasi emas, balki mulla Umar bergan taxallus. Sobiq ittifoq qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqarilgandan so‘ng, Umar va Birodar Mayvand (Qandahor viloyati) qishlog‘iga joylashib, o‘z diniy maktabini (madrasa) ochmoqchi bo‘ldi.

Biroq ularga viloyat rahbarlarining xatti-harakati yoqmaydi, oqibatda ikkovlon isyon ko‘tarib, jangga kirishadi. Ularning kurashi tez orada deyarli butun mamlakat bo‘ylab g‘alabaga olib keldi. Bu haqda 2009-yilda Newsweek jurnalida chop etilgan Birodarning tarjimayi holida yozilgan.

Birodar dastlab, “Tolibon”ning bosh shtabiga aylangan Qandahorda mulla Umarning o‘ng qo‘li edi, keyin Afg‘oniston g‘arbida qo‘mondon, keyin esa Kobul garnizonining boshlig‘i bo‘lgan.

Ularni shaxsan taniydigan kishilar jurnal muxbiriga Birodarning qanday qilib 18 soatlab ishlagani haqida aytib bergan. Ta’kidlanishicha, ehtiyot chorasi sifatida u bir joyda ikki marta uxlamagan, 2001-yil noyabr oyida Amerika Qandahorni bombardimon qilayotgan paytda Birodarning hushyorligi Umarni qutqarib qolgan. Birodar “Tolibon”ning o‘sha paytdagi yetakchisini mototsiklda tog‘ga olib ketgan.

2001-yildagi AQSh hujumidan keyin Birodar Pokistonga qochib ketdi. 2010-yilda u Pokiston va AQSh razvedka xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida hibsga olinib, Pokiston qamoqxonasiga tashlangan. 2017-yilda Birodarning ozod qilinishi Vashington va “Tolibon” o‘rtasidagi siyosiy kelishuvlarga birinchi qadam bo‘ldi.

Birodar “Tolibon”ning bosh muzokarachisi bo‘lib kelmoqda. 2020-yilning boshida aynan u Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi AQSh—“Tolibon” shartnomasini imzolagan. Hujjatni tayyorlash uchun u o‘sha paytdagi Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Maykl Pompeo bilan uchrashdi, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashdi. Moskva ham Birodar bilan tanish: Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov u bilan 2019-yilda uchrashgan.

Barak Obama prezidentlik davrida AQSh Mudofaa vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari bo‘lgan Devid Sedni Al-Jazeera’ga ma’lum qilishicha, o‘n yil oldin Birodar “Tolibon”ning “boshqacha fikrlovchi” fraksiyasini boshqargan, fraksiya o‘sha paytdagi prezident Hamid Karzay hukumati bilan tinchlik muzokaralarini istardi. Birodar bilan shaxsan uchrashgan afg‘onistonlik jurnalist Sami Yusufzay uni vazmin, juda diplomatik odam deb ta’riflaydi.

Mavlaviy (hukmdor) Haybatulla Oxunzoda, “Tolibon” rahbari

Foto: Afghan Islamic Press

Harakatga 2016-yilda rahbarlik qilgan bu inson haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Oxunzoda taxminan 60 yoshda, u AQSh maxsus operatsiyasi chog‘ida o‘ldirilgan mulla Umarning birinchi vorisi Axtar Mansurning o‘rnini egallagan. Oxunzoda asli qandahorlik. AFP manbalarining xabar berishicha, aynan Mansur o‘z o‘rinbosarini voris deb atagan.

Sobiq Ittifoq bosqini paytida Oxunzodaning oilasi Pokistonga ko‘chib o‘tdi, uning o‘zi esa, BBC ma’lumotlariga ko‘ra, isyonchilar qatoriga qo‘shildi. “Tolibon”ga qo‘shilgan dastlabki yillarida u din masalalari va sud jarayonlari bilan shug‘ullangan. Aksariyat fatvolarning muallifi aynan Oxunzodadir.

Amerika hujumidan keyin u ham Pokistonda yashagan, mamlakat janubi–g‘arbidagi Kuchlak shahrida masjidda ham dars bergan ham voizlik qilgan. Shahar jamoaviy boshqaruv organi “Kvetta sho‘rosi” yig‘ilgan Kvetta shahridan unchalik uzoq bo‘lmagan yerda joylashgandi. 2019-yilda “Tolibon” rahbarining o‘g‘li va ukasi Kvetta yaqinidagi masjidda sodir etilgan portlashda halok bo‘ldi.

Mulla Umarning vafotidan so‘ng, “Tolibon”da boshqaruv tizimi o‘zgardi: vakolatlar keng doiradagi odamlar orasida taqsimlana boshladi. Hozirgi rahbarning ikkita o‘rinbosari bor, yetakchilar uchligi oqsoqollar kengashiga tayanadi, turli sohalar uchun (harbiy, siyosiy, sog‘liqni saqlash, ta’lim) mas’ullar bor. Quyi darajada dala qo‘mondonlari va “soya” gubernatorlar (butun Afg‘oniston qo‘lga olinishidan oldin) turadi.

Ekspert ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hududi bosib olinmasidan oldin, harakatdagi a’zolar soni 55 mingdan 75 ming kishigacha bo‘lgan. Pushtu tilidan tarjima qilinganda “toliblar”, “talabalar” ma’nosini beradigan “Tolibon”ni yaratish chog‘ida uning o‘zagini 1980-yillarda Sobiq Ittifoq qo‘shinlari bilan jang qilgan afg‘on mujohidlari tashkil etgan. “Tolibon” sunniy musulmonlarni birlashtiradi, ularning aksariyati afg‘on pushtunlari, lekin boshqa etnik guruhlar vakillari — tojiklar, o‘zbeklar va hatto oz sonli shia–hazoralar ham bor.

Sirojuddin Haqqoniy, boshliq o‘rinbosari

Foto: FBI

Sirojuddin — Sovet qo‘shinlari bilan jang qilgan va bu jangda Amerika maxsus xizmatlaridan yordam olgan Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘li. Katta Haqqoniyning vafoti 2018-yilda e’lon qilingan. “Tolibon”ga qo‘shilishdan oldin u o‘zining “Haqqoniy tarmog‘i” terrorchilik guruhini tuzgandi. Haqqoniyning o‘g‘li “Tolibon” safiga 2015-yilda qo‘shilgan. Bungacha u otasining tashkiloti safida jang qilgan. AQSh Sirojuddinni olti kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Kobul mehmonxonasidagi teraktda va o‘sha yili Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzayga qilingan suiqasdda gumon qilib qidirmoqda.

Kichik Haqqoniy Afg‘oniston janubi va janubi-sharqidagi hududlarni nazorat qiladi. Ammo AQSh harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda u harbiy harakatlarni rejalashtirishga mas’ullik qilgan. “Sirojuddin ‘Tolibon’ uchun harbiy operatsiyalarni rejalashtirish bilan tobora ko‘proq shug‘ullanmoqda va bizning fikrimizcha u soyadagi gubernatorlarini tayinlashda ishtirok etmoqda”, — deb yozadi The New York Times 2016-yilda Afg‘onistondagi NATO va AQSh kuchlari vakili, brigada generali Charlz Klivlenddan iqtibos keltirib.

The New York Times gazetasining amerikalik diplomatlarga tayanib xabar berishicha, har ikkala Haqqoniy ham Pokiston bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Shanxay hamkorlik tashkilotining mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga ko‘ra, Haqqoniy “Peshovar kengashi”ga rahbarlik qiladi. Ushbu kengash esa rasmiy rahbari Oxunzoda bo‘lgan, ammo aslida Yoqub tomonidan boshqariladigan “Kvetta sho‘rosi” bilan raqobatlashadi.

Mulla Muhammad Yoqub, boshliq o‘rinbosari

Yoqub — harakat asoschisining o‘g‘li. 2016-yilda u yetakchilik lavozimiga nomzod edi, lekin uning o‘zi yetakchilikni Oxunzodaga taklif qilgan, chunki o‘zini juda yosh deb hisoblardi. Bu haqda yangi rahbarni saylash uchun o‘tkazilgan yig‘ilish ishtirokchilaridan biri Al-Jazeera’ga aytib bergan.

Yoqub 30 yosh atrofida. Taxminlarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda u Afg‘onistonda bo‘lgan. Britaniya qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Yoqubni Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlovchi, shartli ravishda mo‘tadil “Tolibon” qanotiga kiritish mumkin. Uni Saudiya Arabistoni bilan yaqin deb ham atashadi.

Afg‘onistonlik jurnalist Frad Bejanning so‘zlariga ko‘ra, u Pokistondagi islomiy maktablarda o‘qigan va terrorchilar orasida tez ko‘tarilishga otasining sharofati bilan erishgan.

Shermuhammad Abbos Stanikzay, Doha idorasi rahbari

Foto: AP Photo

Shermuhammad Abbos Stanikzay 1963-yilda Luvgar viloyatida tug‘ilgan. U siyosatshunoslik bo‘yicha magistr ilmiy darajasini oldi, 1970-yillarda Afg‘oniston armiyasi safiga qo‘shildi, Afg‘oniston armiyasi bilan qo‘shma dastur asosida Hindiston harbiy akademiyasida o‘qiydi. Lekin 1980-yillarda armiyani tark etib,  Sobiq Ittifoq qo‘shinlari bilan jang qilgan mujohidlarga qo‘shildi. U haqidagi ma’lumotlar The Hindustan Times gazetasida chop etilgan.

“Tolibon” hukmronligi davrida u tashqi ishlar vazirining, keyin sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. Mulla Umar Qandahorda turib hukmronlik qilar ekan, Stanikzay xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlarga va ingliz tilida beriladigan intervyularga yuborilardi. U 2015-yilda Dohadagi ofisni egallagan.

So‘nggi yillarda Stanikzay O‘zbekiston, Moskva, Indoneziyadagi yig‘ilishlarda “Tolibon” delegatsiyalariga yetakchilik qilgan.

Abduhakim Haqqoniy — Dohadagi siyosiy idora a’zosi. U Afg‘oniston rasmiylari bilan muzokaralar olib borgan

Foto: Afghan Islamic Press

Abduhakim Haqqoniy Qandahor viloyatida tug‘ilgan, 54 yoshda. 2020-yilda u muzokarachilar yetakchisi sifatida Stanikzayning o‘rnini egalladi.

“Tolibon” hukmronligi davrida u Qandahor sudida sudya bo‘lib ishlagan va dars bergan. Besh yil oldin u sud ishlariga rahbar etib tayinlangan, shundan so‘ng ko‘plab fatvolar chiqargan. U safdoshlari orasida huquqiy va diniy masalalar bo‘yicha eng bilimdon hisoblanadi. Pokistondagi Dorul-ulum Haqqoniya madrasasini tamomlagan, Oxunzodaning to‘liq ishonchiga sazovor bo‘lgan.