“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
08:07, 20.07.2021 137247

“Tolibon” va dunyo: kim kimga kerak?

AQSh va NATO davlatlari qo‘shinlarining Afg‘onistondan butkul olib chiqib ketilishi yakuniga yetmoqda. “Tolibon” harakati esa mamlakatda o‘z nazoratini o‘rnatishda davom etmoqda. “Daryo” kolumnisti Sarvar Jalolovning bu safargi maqolasida “Tolibon”ning iyul oyidagi turli mamlakatlarga safari mohiyati, jahon hamjamiyatining ularga bo‘lgan munosabati haqida so‘z boradi.

“Tolibon” delegatsiyasi vakillarining 9-iyulda Moskvadagi konferensiyaga tashrifi.

Foto: AFP

AQSh boshchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan butunlay chiqib ketishi tobora yakuniga yetayotgan bir paytda “Tolibon” o‘z nazoratidagi hududlarni kengaytirib borayotgani tufayli Afg‘oniston eng ko‘p e’tibor tortayotgan mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Mamlakatda de-yure hech qanday vakolatga ega bo‘lmagan, biroq turli baholarga ko‘ra de-fakto Afg‘onistonning yarmidan ko‘pini nazorat qilayotgan “Tolibon”ga nafaqat yetarlicha kuchga ega bo‘lmagan rasmiy hukumat, balki xalqaro hamjamiyat ham jiddiy e’tibor qaratishiga to‘g‘ri kelyapti.

Har yerda mehmon “Tolibon”

Siyosiy byurosi Dohada joylashgan “Tolibon” iyul oyi davomida qator poytaxtlarda mehmon bo‘lmoqda: Tehron, Ashxobod, Moskva. 7-iyul kuni Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif kutilmaganda Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” o‘rtasida Tehronda avvaldan e’lon qilinmagan yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Rossiyada qator fuqarolik jamiyati institutlariga ekstremistik tashkilot yorlig‘i berilishi fonida “Tolibon” 8—9-iyul kunlari Moskvada “mehmon” bo‘lgani jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga uchradi. Rossiya hukumati rasmiylari bu uchrashuv “Tolibon”ga mintaqadagi vaziyat bo‘yicha Kreml pozitsiyasini bildirish uchun zarur bo‘lganini ma’lum qildi. Ashxobodda esa 10-iyul kuni, asosan, Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarasidagi vaziyat muhokama qilingan.

Aslida Rossiya ham boshqa qator davlatlar singari 2014-yilda Baraka Obama ilk marta AQSh qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishini e’lon qilgach va “Tolibon”ning Dohada siyosiy byurosi ochilgandayoq rasmiy muloqotni boshlagan, norasmiy kontaktlar esa 1990-yillardan, Rossiya “Shimoliy Alyans”ni “Tolibon”ga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlagan davrdanoq bo‘lgan. Ayni paytda Afg‘onistonning barcha qo‘shnilari, shuningdek, Rossiya, AQSh, Turkiya kabi davlatlar rasmiy hukumat bilan birga “Tolibon” bilan ham aloqalarga ega.

“Tolibon”ni xalqaro hamjamiyat qabul qilishga tayyormi?

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild “Tolibon” harbiy yo‘l bilan legitimlashmasligini, AQSh, Yevropa davlatlari, Rossiya va Xitoy ham Afg‘onistondagi mojaroga harbiy yechim yo‘qligi bo‘yicha hamfikrligini, dunyo Afg‘onistonda kuch bilan egallangan hukumatni tan olmasligini ma’lum qilgan edi. Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles ham London “Tolibon” tinch yo‘l bilan hokimyatga kelib, terrorchilikdan voz kechsa ular bilan muloqot qilishini ma’lum qilgan.

Bu dunyo hamjamiyati “Tolibon” 1995-yildagidek Afg‘oniston hukumatini kuch bilan egallasa tan olmasligini anglatsa ham, shu bilan birga harakat hokimiyatga tinch yo‘l bilan (hattoki, nisbatan tinch yo‘l bilan) kelishiga qarshi emasligini ham bildiradi.

Dohada AQSh bilan olib borilgan muzokaralarda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinish “Tolibon”ning eng muhim istaklaridan biri bo‘lgan. Buning uchun Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralariga kirish hamda “Al-Qoida” va boshqa terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlikni to‘xtatishi kerak edi.

Hukumat bilan muzokaralar olib borilayotganiga qaramay, harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatishga urinish ham bo‘lmagan, aksincha so‘nggi oylardagi keng ko‘lamli egallash boshlangan. Faqatgina AQSh va koalitsiya kuchlariga hujumlar to‘xtatilgan — bu ularning Afg‘onistondan chiqib ketishi uchun asosiy shart bo‘lgani sababli.

Avval iqtisod, keyin siyosat

“Tolibon” xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishini istashining nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy sabablari ham muhim. “Tolibon” Afg‘oniston hukumatini egallagach mamlakatga hozirda kirib turgan gumanitar va moliyaviy yordam to‘xtashini istamaydi. Qo‘shnilari bilan esa savdo aloqalari uzilishini ham xohlamaydi. Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Pokiston bilan chegara punktlari egallanishining ham asosiy sababi shunda.

Markaziy Osiyo davlatlari 1990-yillardagidek “Tolibon” hokimiyatni egallagan taqdirda Afg‘oniston bilan aloqalarni uzib qo‘ymoqchi emas, biroq buning uchun asosiy shart sifatida mamlakatning respublika sifatida qolishi, “Afg‘oniston islom amirligi” qayta tiklanmasligi lozim. Bu borada mintaqa davlatlari xalqaro hamjamiyat bilan deyarli hamfikr.

“Tolibon”ning ildam yurishi Afg‘onistonning qo‘shnilari va yirik davlatlarni ular bilan gaplashishga majbur qilmoqda. Jumladan, mamlakat shimolining o‘zida 100 dan ortiq tumanni egallashi 1990-yillarda Rossiya, Hindiston, Eron va Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qarshilik qaytarilishining oldini olish bilan birga, bu hududda SSSR tomonidan qurilgan yo‘llar tarmog‘i orqali savdo-sotiqni nazorat qilish uchunligi ham aytilmoqda.

Xitoy va Hindiston

AQShning Afg‘onistondagi harbiy kampaniyasini doim tanqid qilib kelgan Xitoy ham endi Vashington juda tez chiqib ketayotganini, bunday shoshilish mintaqada xavfsizlikka yangi tahdidlar paydo qilishini ma’lum qilmoqda. O‘z navbatida Xitoy Afg‘oniston hukumatining tez orada parchalanib ketishi haqidagi xavotirlarni oshirib yuborilgan,“Tolibon”ning oxirgi paytlarda qo‘shnilari bilan yaxshi munosabat o‘rnatishga urinishi diplomatik yo‘lga hali umid borligini anglatadi deb hisoblaydi.

Xitoy o‘z navbatida avvaldan “Tolibon”dan kutgan asosiy xavfi — Shinjondagi separatist va ekstremist guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi tufayli ehtiyotkor munosabatda bo‘lmoqda. Biroq, birinchidan, ayni paytda Xitoy hukumatining o‘zi Shinjonni misli ko‘rilmagan repressiyalar orqali ulkan qamoqxona/lagerga aylantirib ulgurgan. Ikkinchidan, “Tolibon” endi bunday guruhlarga yordam bermasligini va Xitoyning ichki ishiga aralashmasligini ma’lum qilgan.

Bunday pozitsiya o‘zini musulmonlarning himoyachisi sifatida ko‘rsatishga urinib kelgan “Tolibon” endi faqat o‘z mafkurasiga tayanib qolmasdan pragmatik strategiyaga o‘tganini bildiradi. Zero “Tolibon” Xitoy o‘z ichki siyosatining ba’zi yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash evaziga istalgan rejimga investitsiyalarini yog‘dirishi mumkinligini yaxshi anglaydi. Bundan tashqari, qator ekspertlar tomonidan “Tolibon”ning tayanchi sifatida ko‘riladigan Pokistonning Pekin bilan o‘ta chuqur munosabatlari tufayli ham harakat uyg‘urlar masalasiga aralashmaslikka qaror qilgan bo‘lishi mumkin.

“Tolibon” hokimiyatga kelgan taqdirda eng qiyin vaziyatda Hindiston qolishi kutilmoqda — Rossiya, Xitoy, Eron, Markaziy Osiyo davlatlari va hatto AQSh “Tolibon” bilan ancha oldin gaplashishni boshlagan bo‘lsa, Hindiston o‘z pozitsiyasida qattiq turib faqat Afg‘onistonning amaldagi hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelgan va “Tolibon” bilan kontakt o‘rnatmagan. Endi esa Afg‘onistonda Pokiston qaramog‘idagi “Tolibon” hukumati tuzilib, nafaqat Hindiston manfaatlariga zid harakat qilishi, balki Dehli uchun xavfsizlikka tahdid bo‘lishi ham mumkin.

Pokiston “Tolibon”ga qanchalik ta’sir ko‘rsata oladi?

Pokiston hukumati “Tolibon”ga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi borligini doimo rad qilib kelsa ham, ancha vaqtgacha sirli bo‘lib ko‘ringan harakat vakillarini muzokaralar stoliga o‘tirishga aynan Islomobod ta’sir ko‘rsatgani bu boradaga ko‘p ochiq savollarni yopadi. Albatta, “Tolibon”ga Pokistondan asosan maxsus xizmatlar va armiya ta’sir ko‘rsata oladi, biroq harakatning Islomobod bilan munosabatlari ko‘ringanidan ancha murakkab.

Pokistonning “Tolibon”ga ta’siri borasida Islomobodda ham yakdil fikr yo‘q — ular “Tolibon” hokimiyatga qaytsa Afg‘onistonga ta’sirini tiklashga umid va umuman vaziyatni boshqara olmay qolish qo‘rquvi orasida adashib ketayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, “Tolibon”ning Afg‘onistondagi yutuqlaridan Pokiston hukumatiga qarshi kurashuvchi “Pokiston Toliboni” ham ilhomlanib, yana faollashayotganidan xavotirda. Shu tufayli Tojikiston va Turkmanistondan keyin Pokiston ham Afg‘oniston bilan chegaraga o‘z qo‘shinlarini olib kelgan.

Toshkentdagi konferensiyada Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Pokistonni “Tolibon”ning ildamlashiga qarshilik ko‘rsatmaslikda ayblab, oxirgi bir oy ichida Pokistondan 10 mingdan ortiq ekstremistlar chegarani kesib o‘tib “Tolibon”ga qo‘shilganini aytgan. Taniqli ekspert Ahmad Rashidning fikricha, “Tolibon” Pokiston harbiylari va maxsus xizmatlari aytmaguncha muzokaralarda yon bermaydi, Pokiston rostan yordam berishni istasa “Tolibon”ga ta’sir o‘tkazishi kerak. Masalan, ularning Kvetta va Peshovardagi oilalari orqali.

Afg‘onistondagi boshqa kuchlar

Hozircha Afg‘onistondan qo‘shinlarini butunlay olib chiqishini e’lon qilmagan ikki mamlakat qolgan — Turkiya va Ozarbayjon. Turkiyaga Qobul xalqaro aeroportini qo‘riqlash topshirilishi anchadan buyon muhokama qilinmoqda. Ozarbayjonning esa hali maqsadi aniq emas, katta ehtimol bilan Turkiya bilan birga harakatlanadi. “Tolibon” Turkiyaning qolishini okkupatsiya davom etishi sifatida ko‘rmoqda va bunday holatda ular bilan jang qilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Biroq Turkiya bu tahdidni jiddiy qabul qilmayapti.

“Tolibon” yuzlab tumanlarni egallayotganiga qaramay yirik shaharlar ichkarisida jang qilib, ularni buzish niyati yo‘qligini ma’lum qilgan. Bu orada Sovet okkupatsiyaga qarshi kurash va fuqarolik urushi davrida yetishib chiqqan sobiq dala qo‘mondonlari yana “Tolibon”dan o‘z hududlarini himoya qilish uchun safdoshlarini qurollantirmoqda.

Ular orasida hirotlik tojik Ismoil Xon, hazaralar yetakchisi Abdulg‘ani Alipur, o‘zi Turkiyada davolanayotgan o‘zbeklar yetakchisi Abdurashid Do‘stum, O‘zbekiston bilan chegaradosh Balx viloyatining sobiq gubernatori Ata Muhammad Nur va hatto Afg‘oniston Demokratik Respublikasining so‘nggi bosh vaziri, Pokistonning “Tolibon”dan oldingi “qo‘g‘irchog‘i” Gulbiddin Hikmatyor ham bor.

Keyingi kuchlar muvozanati

17—18-iyul kunlari Dohada “Tolibon” va Afg‘oniston hukumatining yuqori lavozimli mulozimlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Qurbon hayiti munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek hukumat qamoqxonalaridagi 7 ming nafar “Tolibon” a’zolarini ozod qilish evaziga 3 oylik sulh tuzish masalasi muhokama qilingan. Hukumat avval ham shunday yon berish ortidan “Tolibon” o‘z so‘zida turmagani tufayli ikkinchi taklifga ishonchsiz munosabatda.

Bu va bundan keyingi muzokaralar natijalari koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonni butunlay tark etgach mamlakatdagi kuchlar muvozanatini aniqlash uchun katta ahamiyatga ega. Hozirda uchta ssenariy taxmin qilinyapti. Birinchisi – Afg‘oniston hukumati hududlardagi qo‘mondonlar yordamida markaziy hokimiyatni saqlab qoladi, bunda qo‘mondonlarga yana ham ko‘proq vakolatlar beriladi, “Tolibon” esa yengilishi ham, hukumat tarkibiga kirishi ham mumkin. Ikkinchisi – hukumat va “Tolibon” yagona hukumat tuzish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Uchinchisi – hududlardagi qo‘mondonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri “Tolibon” bilan jang qiladi, mamlakatga fuqarolar urushi qaytadi.

Afsuski, eng qo‘rqinchli bo‘lgan uchinchi variant eng haqiqatga yaqini hamdir. Bunday holatda turli guruhlarni turli davlatlar qo‘llab-quvvatlashini kutish ham tabiiy. Faqat tomonlar haligacha to‘liq aniqlanmagan. Pokiston “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi ehtimoli yuqori bo‘lsa ham, oxirigacha aniq emas. Shimoldagi hazaralar, turkmanlar, o‘zbeklar va tojiklarni 1990-yillarda qo‘llab-quvvatlaganlar hozirda “Tolibon” bilan ham muloqot qilmoqda, faqatgina Eron shia mazhabidagi hazaralarga yordam berishda davom etishi aniqroq.

Afg‘onistonda harbiylari qolmayotgan AQSh va NATO Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, biroq harbiy yordamga ehtiyoj tug‘ilsa bu qanday amalga oshirilishi noma’lum. Vashington bir necha oydan buyon Afg‘oniston atrofidagi mamlakatlarda harbiy bazalarini joylashtirish uchun variantlar izlamoqda, biroq hali birorta ijobiy javob olinmagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Putin Bayden bilan uchrashuv chog‘ida AQShni Markaziy Osiyo davlatlarida harbiy bazasini joylashtirmaslikka chaqirganini aytgan. Bu bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari ham ogohlantirilgan, ularning o‘zi bu borada gap ochmagan bo‘lsa ham. Shu bilan birga Putin Baydenga Tojikiston va Qirg‘izistondagi rus harbiy bazalaridan Afg‘onistonga razvedka uchun dronlar jo‘natish maqsadida foydalanishni taklif qilgani ham ma’lum bo‘ldi.

AQShning Afg‘oniston qo‘shnilaridan birida – na Markaziy Osiyoda, na Pokistonda harbiy bazasini joylashtirishi mintaqadagi yana bir gigant – Xitoyga ham yoqmasligi tabiiy. Biroq Xitoyning o‘zi ham mintaqadagi vaziyat keskinlashgan taqdirda nima qilishi bo‘yicha tasavvur mavjud emas. Xullas, butun dunyo nigohida turgan Afg‘onistondagi vaziyat asosan afg‘onlarning o‘zaro kelishib olishiga bog‘liq bo‘lsa ham, qo‘shnilar va yirik davlatlar o‘z manfaatlaridan ko‘ra tinchlikni birinchi o‘ringa qo‘ysagina ijobiy natija kutish mumkin bo‘ladi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Boshqa yangiliklar