Afg‘oniston poytaxti Kobul markazida bir qancha ayollar norozilik namoyishi o‘tkazib, hukumatda ayollar uchun ba’zi lavozimlar ajratilishini talab qildi. Bu haqda 17-avgust kuni Khaama Press xabar berdi.

Foto: Reuters

Shuningdek, Kunar viloyatida yoshlarning norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ular “Tolibon”dan Afg‘oniston sobiq hukumatining bayrog‘ini saqlab qolishni talab qildi. Bu talab butun Afg‘onistonda qo‘llab-quvvatlanmoqda.

“Tolibon”ning bayonotiga ko‘ra, erkaklar va ayollar uchun barcha ta’lim muassasalari ochiq, lekin Kobulda ushbu muassasalar ishlamayapti. “Tolibon”, shuningdek, bir guruh shifokor ayollar bilan uchrashib, ulardan o‘z ishlarini davom ettirishni so‘radi.

Avvalroq “Tolibon” Afg‘oniston hukumati amaldorlariga umumiy amnistiya e’lon qilib, davlat organlarining faoliyatini qayta tiklashga chaqirgandi.

15-avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonni egallab olgach, matbuot va ayollar uchun o‘z shartlarini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, “Tolibon” hukmronligi ostida ayollar ta’lim olishi va ishlashi, jurnalistlar esa hodisalarni tanqid qilishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga ayollarning barchasi hijob (paranji) kiyishi kerak bo‘ladi. “Tolibon” kafolat berishicha, ayollar uydan yolg‘iz, erkaklar hamrohligisiz chiqa oladi.

Bundan tashqari, harakat jamoatchilik orasida o‘zboshimchalik bilan jazolash holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni rejalashtirmoqda. Qatl qilish yoki toshbo‘ron qilish kabi jazolarning barchasi faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi.

Shuningdek, “Tolibon” vakili ma’lum qilishicha, ular inklyuziv hukumat tuzishga intilmoqda, unda afg‘onistonliklarning barchasi ishtirok eta oladi.