Afg‘oniston 2021-yil boshida ham nisbatan tinchroq edi, ammo bugun vaziyat butkul boshqacha: AQSh boshliq koalitsiya qo‘shinlari mamlakatni tark etayotgani ortidan “Tolibon” mamlakat shahar va viloyatlarini birin-ketin bosib olmoqda — Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Afg‘onistonning 65 foiz hududi toliblar nazorati ostida. Noiloj xorijdan boshpana izlab, sargardon yurgan afg‘onlarning son-sanog‘i yo‘q. Ular uchun terror va qatldan qochishning yagona chorasi — muhojirlik. Afg‘onistonlik Abdul Basir Sadat ham oilasi bilan O‘zbekistondan qo‘nim topgan. U “Tolibon” va uning shafqatsizliklari haqida “Daryo”ga so‘zlab berdi.

Afg‘onistonda bolalar yo‘q... bolaligidan ayrilganlar bor

Hirotdanman. Bu o‘lkani ta’riflashga hojat yo‘q, menimcha. O‘z davrining eng rivojlangan, gullab-yashnagan, ilm-ma’rifat cho‘qqiga chiqqan makon edi. Ammo bugun… manzara butunlay boshqacha. Buzilgan, qulatilgan binolarga to‘la xarobaga aylanmoqda. Ko‘rganing sari yuraging og‘riydi. Ko‘rmay desang, yurtdoshlaring taqdiri haqidagi mudhish xabarlar paydar-pay kelaveradi.

Abdul Basir Sadat

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

1988-yili Afg‘onistonning Hirot shahrida tug‘ilgan. Kompyuter va informatsion texnologiyalar bo‘yicha mutaxassis. Etisalat kompaniyasi xodimi. Olti oydan beri O‘zbekistonda yashaydi. Shu yerda axborot texnologiyalari yo‘nalishida kompaniya ochib, tadbirkorlik qilmoqchi, allaqachon biznes harakatlarni boshlab yuborgan. Oilali, bir nafar farzandi bor.

Besh oylik chaqaloq paytim diniy aqidaparastlar otam va amakimni o‘ldirib ketgan ekan. Onam to‘rt farzand — uch o‘g‘il va bir qizni o‘zi tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Opam va ikki akam hozir Yevropada yashaydi... “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganida esa 7–8 yashar bola edim.

1994–1995-yillari “Tolibon” birin-ketin viloyatlarni, qishloqlarni egallab, davlatga o‘xshash nimadir tashkil etdi. Buni davlat ham deb bo‘lmasdi, aslida. Ularning haqqoniy davlat talabiga javob beroladigan na qonuni, tartib va na yo‘li bor edi. “Tolibon” kelgach, jamiki yo‘llarimiz yopildi. Bizni go‘yo qafas ichiga solib, shu tor-tanqisda yashashga majburlashdi. Kundalik turmushimiz izidan chiqdi. O‘tgan yillar davomida toliblar nafaqat siyosat odamlari, shifokorlar, muhandis-u oddiy fuqarolarga, hatto bolalarga rahm-shafqat qilmay, qotillarcha siyosat yuritdi. Ularda biror tizimli siyosat, rejaning yo‘qligi hammaning turmush tarzi, hayoti, orzulariga ta’sir qildi.

Eng og‘iri, afsuski, bolalarning gardaniga tushyapti. Dunyoviy ilmlarning taqiqlanishi, o‘qiyman, olim bo‘laman deganning jisman mahv etilishi, ilm-hunarli kishilarning so‘roq-savolsiz o‘ldirilishi dahshatli manzara. Buni o‘sha yerda yashagan, zulmni ko‘rib-kuzatib, o‘zi ham jisman azoblangan kishi yaxshi biladi. Bir qatim nurga — tinchlikka zor bo‘lib yashash nimaligini millatdoshlarimdan so‘rang.

Bolalarning ertaga kim bo‘lishi, qanday kun kechirishi ularni hecham qiziqtirmaydi. Shuning uchun murg‘ak go‘dak qorin g‘amida erta yoshdan ishlashga, kun-tun qora ishdan bosh ko‘tarmay mehnat qilishga — boylarning mashinasini yuvishga, mayda-chuyda sotib, olibsotarlik qilishga majbur. Ular bolalik, o‘yin-kulgi, maydonchalarda shodon qiyqirib o‘ynash nimaligini bilmaydi. Afg‘onistonda bolalar yo‘q, bolaligi barvaqt tortib olinayotganlar bor.

“Tolibon” uchun ilmsizlik — sharaf, zamonaviy ilm-fan — dushman

Toliblar har qanday zamonaviy ilmni qat’iy rad etadi. To‘g‘ri, so‘zda Islom dinidan saboq berib, shariat qoidalarini tushuntirishga harakat qiladi, lekin amalda boshqa “ilm”ni o‘rgatadi. Bu bolalarning dunyoqarashini kengaytirish o‘rniga, biqiq, tor muhitda ko‘proq qolishga, dunyoni faqat bir taraflama — birovdan o‘ch olish, o‘ldirish, so‘yish, ayollarni tahqirlash, kaltaklash, ilm isbotlaganni rad etishga ko‘niktiradi, xolos.

Yo‘lboshchilari esa ta’lim-tarbiyadan ko‘ra johiliyatni afzal biladi. Ular uchun ilmsizlik — sharaf, g‘ururlanib aytiladigan gap. “Nega bu yerga kelding?” deb so‘rasangiz, “Jihod uchun!” deydi. “Jihod o‘zi nima?” desangiz, bilmayman deydi. “Islomdagi ilk kalom qaysi?” desangiz, jim turaveradi. “Tolibon” uchun atrofdan keladigan jihodchilar vosita, shunchaki o‘qqa ko‘ksini tutib beradigan toifa. Nega va kim uchun urushayotganini bilmaydiganlari ham bor.

Men o‘zim erkaklardan ko‘ra ayollarning ilm olishi muhimroq, deb o‘ylayman. Afg‘on ayollarining ko‘pi ishlolmaydi, ishlashga biror imkoni, ochiq yo‘li ham yo‘q. Avvallari muallimalik qilgan ayollar bugun chodra ichida, to‘rt devordan iborat hovli-uyidan tashqariga chiqolmaydi. Mabodo jur’at topsa, darrov jazolanadi, toshbo‘ron qilinadi, o‘ldiriladi hatto.

Xotin-qizlarning ovozi yangrashi, munosib o‘rnini topishi uchun istiqbol yo‘q — bariga to‘siq qo‘yilgan. Zarur joylarda, masalan, kasalxonalarda hamshira, shifokor ayol topolmaysiz. Maktablarda ham ahvol shu. Toliblar ayolni shaxs, jamiyatga kerakli inson sifatida ko‘rmaydi. Istaklarni qondiruvchi vosita deb qaraydi, xolos. Ayollarimizning bunday tahqirlanishini to‘xtatishga chora topolmasliging yomon.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Maktabga ilk qadam tashlagan kundanoq ular diniy bilimlarni kuch bilan, majburan o‘qitadi. Diniy bilim zarur — muhabbatim bo‘lak bunga. Biroq shuning o‘zi kifoya emas. Ingliz tili o‘rniga faqat arabchani o‘zlashtirsangiz, bor-yo‘g‘i mahalliy fanlar, tillarnigina o‘rgansangiz, hech narsaga erisholmaysiz.

Toliblarning eng yomon ko‘rgani — ingliz tilini biladigan kishilar. Bizda ham orzular, maqsadlar bor. Lekin “Tolibon” buni kundan kun rad etib, so‘ndirib, tuproqqa qorishtirib bormoqda. Afg‘on urf-odatlariga ko‘ra an’anaviy liboslarni kiyishga, salla o‘rashga majburmiz. Tushunishmaydiki, bular hayot mazmuni emas, xayrga xizmat qilmaydi.

Ular istagan odamini — kimdir yoqmasa, bo‘ysunmasa, o‘ylab o‘tirmay yo‘q qiladi. Agar oilada ikki erkak bo‘lsa, ulardan biri, albatta, “Tolibon” armiyasiga o‘tishga, qo‘liga qurol olib jang qilishga, vatandoshini xo‘rlashga majbur. Agar qarshilik qilsa, shartta joni olinadi, yaqinlari qiynoqqa solinadi. Mujohidlarga xizmat qilishi uchun xotin-qizlar oilalari bag‘ridan yulib olinadi. Yangiliklarni kuzatsangiz, o‘zingiz guvoh bo‘lasiz: shafqatsizlik va bosim kundan kun cho‘qqisiga chiqib bormoqda. Darvoqe, toliblar ommaviy axborot vositalari bilan ham murosa qilolmaydi — telekanallarni yopib, jurnalistlarni ayamay qiradi.

Men siyosat odami emasman, siyosatga uncha qiziqmayman ham. Lekin toliblarni tashqaridan kimdir qo‘llab-quvvatlayotgani, qurol bilan ta’minlayotgani, harakatlarini oqlab, rag‘batlantirayotganini so‘qir odam ham bilib turibdi. Ular aslida o‘z-o‘zicha biror harakat qilolmaydi, ko‘pincha boshqa mamlakatlarga suyanadi. Kamiga boshqa terrorchilik guruhlari ham ularga ko‘makchilik qiladi.

Ilk hukmronlik yillarida “Tolibon” hozirdagidek qattol emasdi. Ayni damda vaziyat juda yomon. Agar kimningdir Kobuldagi hukumat bilan aloqasini sezib qolsa, shartta otib tashlaydi. Ular egallagan hududlarda shifoxonalar, maktablarning kuli ko‘kka sovurilgan, elektr bazalari yoqib yuborilgan, universitetlar faoliyati to‘xtatilgan. Hirot bilan Kobulning orasi, taxminan, 1100 kilometr, lekin birorta ham bus-butun ko‘prikni uchratmaysiz.

Hozir afg‘onlar uchun ish topish, tirikchilik muammo. Ko‘chaga chiqqan odamning o‘lib ketmasligiga kafolat yo‘q. Faqat poytaxt Kobuldagina xiyla erkinlik, nisbatan tinchlik bor. O‘rtahol oilaning non topib, bolalari qornini to‘yg‘azishi mushkul. Shahar markazidan chetroqda ish topish — baxt. Birovning yerida chorakor bo‘lib ishlaydiganlar ko‘p. Ishlab chiqarish darajasi juda past.

Do‘stlarim va ularning yaqinlari o‘ldirilayotganini kuzatish og‘ir. Ular imkon bo‘lishi bilan, o‘ylab o‘tirmay, mamlakatni tark etardi, biroq hamma ham, har doim ham buning uddasidan chiqolmaydi. Uyi buzilgan mazlumning qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Jim turaveradi. Isyon qilsa, gapirsa, “Tolibon”ning qahriga uchraydi... Aytaman desangiz, gap ko‘p, toliblar sha’niga biror yaxshi sifat topish amrimahol.

“Tolibon” bo‘lmaganda…

“Tolibon” bo‘lmaganida... avvalo, tinch yashardik. Odam qadrlanar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, siyosat o‘z yo‘lida bardavom ketayotgan, rivojlanayotgan bo‘lardi, ehtimol. Mamlakat farovon, aholi ilmli bo‘lgan, dunyo bilan hamqadam yurayotgan bo‘larmidik. Hozir eng katta muammo — notinchlik.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

O‘quvchilik yillarim “Tolibon” dahshatini ko‘rdim, yuqori sinfga o‘tgach yangi hukumat keldi-yu, o‘zgarishlar boshlandi. Bor imkoniyatimni ishga solib, yaxshi o‘qishga harakat qildim. Kobuldagi Kardan universitetining kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida o‘qidim. Xalqaro kompaniyada durustgina ish topdim. Xitoy, Hindistonda malaka oshirdim. Xorijga chiqib, naqadar ortda qolganimiz, oddiy, o‘ta jo‘n yangiliklardan ham bexabarligimiz, johillar qo‘lida qolayotganimizdan afsuslandim.

So‘nggi yillarda Afg‘onistondagi vaziyat yana yomon tarafga o‘zgara boshlagani sabab onam va rafiqam bilan birga vatandan chiqib ketdim. Tug‘ilib-o‘sgan joyingdan chiqib ketish juda qiyin, ammo ko‘nmasdan boshqa iloj yo‘q. Agar ota yurtim Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilsa, O‘zbekiston bizga viza berishni rad etavermasa, ikki o‘rtada biznes qilish niyatidaman.

Muallif:Charos Nizomiddinova