Ford Mustang Mach-E elektrokrossoveri bir kilovatt/soat energiya sarflab uzoq masofa bosib o‘tish borasida Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi. Shotlandiya shimolidagi Jon O’Grouts qishlog‘idan to‘liq quvvatlangan holda yo‘lga chiqqan mashina 1352 kilometr yo‘l bosib, Buyuk Britaniyaning eng g‘arbiy nuqtasi — Lends-End burniga qadar borgan. Uch kishidan iborat jamoat tarkibida BBC muxbiri Pol Klifton ham bor, deb yozadi Motor. Mashina bir kilovatt/soat elektr energiyasi yordamida 10,5 kilometr yurgan.
Safardan maqsad elektrokarlar uzoq yo‘l bosa olishini isbotlash orqali Ginnesga kirish emas, balki ular yonilg‘ili dvigatellarga raqobat qila olishini ko‘rsatib berish bo‘lgan. “Ushbu rekord endilikda elektromobillar barchaga mos kelishini namoyish etadi. Nafaqat shahar yoki ishga borishdagi qisqa harakatlar, balki butun mamlakat bo‘ylab uzoq safarlar uchun ham”, — deydi muxbir. Mashinani bu kabi rekordlardan bir nechtasini o‘rnatgan Fergal Makgrat va Kevin Buker boshqargan.
Rekordni 294 ot kuchini taqdim etishga qodir elektromotor va 88 kilovatt/soatli batareya bilan jihozlangan Mustang Mach-E Extended Range RWD o‘rnatgan. Ushbu krossoverning pasportida bir marta to‘liq quvvatlanish orqali 610 kilometr yo‘l bosishi ko‘rsatilgan, ammo sinovlar ushbu ko‘rsatkich 800 dan oshishi mumkinligini isbotladi. 1352 kilometr uzunlikdagi marshrut davomida mashina akkumulyatori ikki marta quvvatlantirilgan bo‘lib, bunga 45 daqiqa sarflangan. Ford ma’lumotlariga ko‘ra, 150 kilovattli terminaldagi 10 daqiqa Mustang’ning qo‘shimcha 117 kilometr yo‘l bosishiga yordam beradi.
Raqamlar, albatta, hayratlanarli. Ammo Buyuk Britaniyada o‘rnatilgan yana bir “rekord”ni ham eslab o‘tish o‘rinli. Joe Achilles ismli bloger dizelda harakatlanuvchi BMW 730 Ld (265 ot kuchi; 620 Nm)ning yonilg‘i bakini bir marta to‘ldirib, 1450 kilometr yo‘l bosgan. Harakatning o‘rtacha tezligi soatiga 100,9 kilometrni tashkil etgan, yonilg‘i sarfi — 4,5 litr, pasporti bo‘yicha esa sedan 5,3—5,8 litr sarflaydi.
Izoh (0)