Reddit tarmog‘ida Mazda’ning 15 ta RX-7 va RX-8 modellari o‘rin olgan kolleksiyaga oid video paydo bo‘ldi. Xususiy uy yo‘lagida joylashgan sportkarlarning aksariyati achinarli ahvolda. Aftidan, noyob kolleksiya egasi o‘z avtomobillarini ta’mirlashga tayyorlamoqda, deb xabar beradi Motor.
E’lon qilingan kadrlarda sakkizta Mazda RX-7 va yana yettita RX-8 modellarini ko‘rish mumkin. Rotorli sportkarlarning aksariyati jiddiy modifikatsiyadan o‘tib, ayrimlari o‘zgacha bamper, kengaytirilgan g‘ildirak arkalari, massiv orqa antiqanot va modernizatsiyalangan kapotlarga ega bo‘lgan. Avtomobillarning barchasi uzoq vaqt quyoshda qolib ketgani sabab achinarli ahvolda. Mashinalar kuzovini chang bosgan, yoriqlar mavjud.
Harakatlanish chap tomonlama bo‘lgan Kiprda o‘ng rulli sportkarlar kolleksiyasi qanday qilib paydo bo‘lib qolgani noma’lum. Taxminlarga ko‘ra, rotorli Mazda’lar Buyuk Britaniya yoki Yaponiyadan import qilingan. Ayrim internet foydalanuvchilarning yozishicha, mashina egasi 15 ta sportkarni qayta tiklash va sotish maqsadida xarid qilgan. Ammo u mashinalarni restavratsiya qilishni rejalashtirmayapti degan versiya ham mavjud. Rotorli avtomobillar ehtiyot qismlarga ajratilib, modelning mahalliy ishqibozlariga sotib yuborilishi ham mumkin.
Avvalroq Kaliforniyada noyob Porsche’lar bilan to‘la hashamatli garajga ega uy sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)