Tojikiston Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatga qaramay, mamlakatga elektr energiyasi yetkazib berishda davom etmoqda. Bu haqda Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Jumaga tayanib, Asia-Plus xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat elektr kompaniyalari 2021-yilda Afg‘onistonga Tojikistondan taxminan 1,5 milliard kilovatt/soat miqdorida elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
“Hozircha qo‘shni davlatga elektr energiyasini yetkazib berish jadvalidan orqada qolish kuzatilmagan, eksport belgilangan rejalar doirasida amalga oshirilmoqda”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasini yetkazib berish, asosan, bahor-yoz mavsumida — maydan sentabrgacha amalga oshiriladi.
Energetika vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning birinchi yarmida qo‘shni mamlakatlarga 917 million kilovatt/soatdan ortiq energiya eksport qilingan, bu 2020-yilning shu davriga nisbatan 5 foizga ko‘p.
2021-yilning birinchi yarmida Tojikistonda 10 milliard kilovatt/soatdan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu 2020-yilning shu davriga nisbatan 170 million kilovatt/soatga kam.
Tojikistonning Afg‘onistonga yuboradigan eksportining qariyb 65 foizini elektr energiyasi tashkil etadi. Tojikistonlik energetiklar 2020-yili elektr energiyasi eksportidan taxminan 45 million dollar daromad olgan.
Afg‘oniston Tojikiston elektr energiyasining har kilovattiga 3 sent (110 kVt elektr uzatish liniyalari orqali yuboriladigan elektr uchun) va 4,5 sent (220 kVt elektr uzatish liniyalari orqali yuboriladigan elektr uchun) to‘laydi. Elektr energiyasining katta qismi 220 kVt quvvatli liniyalar orqali uzatiladi.
Tojikiston Afg‘onistondan tashqari, bahor-yoz davrida O‘zbekistonga ham elektr energiyasi eksport qiladi.
Izoh (0)