Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat tufayli Tojikistondagi harbiy bazasidan foydalanishga tayyor
Rossiya Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq holda ittifoqchilarni himoya qilish uchun o‘zining Tojikistondagi harbiy bazasi imkoniyatlaridan foydalanishga tayyor. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.
“Biz ittifoqchilarimizga qarshi tajovuzkor bostirib kirishlarning oldini olish uchun hamma chorani ko‘ramiz, shu jumladan, Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasida joylashgan Rossiya harbiy bazasi imkoniyatlaridan foydalanamiz”, — dedi Lavrov.
Vazir “Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) doirasidagi majburiyatlar to‘liq kuchda qolishini” qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot kotibiyati vakillari tojik-afg‘on chegarasi hududiga tashrif buyurgan va vaziyat to‘g‘risida doimiy kengashga xabar beradi.
Lavrovning ta’kidlashicha, AQSh va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi fonida mamlakatdagi vaziyat “tez yomonlashishga moyil”.
Tojikiston hududidagi 201-harbiy baza Rossiyaning o‘z chegaralaridan tashqaridagi eng yirik harbiy obyekti hisoblanadi. U Dushanbe va Bo‘xtar shaharlarida joylashgan. 2012-yilda ushbu bazaning 2042-yilgacha Tojikistonda qolishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Uning tarkibiga motorli miltiq, artilleriya, razvedka, zenit-raketa va boshqa qismlar kiradi. 2015-yil sentabr oyidan boshlab tarkibga harbiy havo guruhi ham qo‘shildi. 2020-yilda bazaga 20 ga yaqin yangi va modernizatsiya qilingan uskunalar, jumladan, Mi-8-MTV5-1 tashuvchi jangovar vertolyotlari, piyodalar uchun modernizatsiya qilingan BMP-2M jangovar mashinalari qabul qilindi.
2017-yil aprel oyida mudofaa vaziri Sergey Shoygu 201-bazani mustahkamlash zarurligini ma’lum qilgan va buni obyektning Afg‘oniston chegaralariga yaqinligi hamda u yerda kelib chiqadigan terrorchilik xavfi bilan izohlagan. 2021-yil may oyida Vladimir Putin mustahkamlash ishlari davom etayotganini e’lon qilgandi.
5-iyul kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun armiya rezervidagi 20 ming nafar harbiy xizmatchini safarbar etgani,Vladimir Putin Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan yordam berishni va’da qilgani, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-iyul kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, suhbat davomida Afg‘onistonning shimoliy hududlaridagi ahvol yomonlashishi fonida Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojiga alohida to‘xtalib o‘tgani haqida xabarlar berilgandi.
Shuningdek, Turkmaniston Afg‘oniston bilan chegara hududidagi harbiy safarbarlikni kuchaytiradi.