Buxoro shahri Bog‘ishamol ko‘chasi o‘zaro janjallashgan er-xotinni ajratishga uringan profilaktika inspektorini urgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 23-may kuni er-xotin o‘rtasida nizo chiqib, ular janjallashib qolgan. Mahalla aholisi voqea joyiga shahar IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika inspektorini chaqirgan. Chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan inspektor janjalni bartaraf etishga harakat qilgan, ammo erkak inspektorning qonuniy talabini bajarish o‘rniga unga faol qarshilik ko‘rsatgan. Uning yuz sohasiga qasddan urgan.
Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, fuqaro inspektorga yengil tan jarohati yetkazgan va uning o‘z xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishiga majbur qilgan.
“Qilgan ishimdan pushaymonman, meni kechirishlaringizni so‘rayman”, — deydi erkak.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda chaqiruv bo‘yicha ketayotgan tez yordam mashinasini o‘tkazmagan YPX xodimlari lavozimidan ozod etilgani, Andijonda haydovchi YPX xodimini kaltaklagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)