Rossiya hukumati har qanday chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan viza va moliyaviy sanksiyalar joriy etishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini Davlat Dumasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Bunday o‘zgarishlarni “Dima Yakovlyev qonuni”ga kiritish taklif qilinmoqda, ayni paytda ushbu qonun faqat AQSh fuqarolariga qarshi sanksiyalar joriy etishga imkon beradi. Qonun loyihasi mualliflari o‘z izohlarida “Rossiya fuqarolarining huquqlari AQSh fuqarolaridan boshqalar tomonidan ham buzilishi mumkinligini” ta’kidladi.
Sanksiyalar qatoriga Rossiya Federatsiyasiga kirishni taqiqlash, mol-mulkni musodara qilish va cheklovlar qo‘yilgan shaxslarning mol-mulki va investitsiyalari bilan har qanday operatsiyalarni taqiqlash kiradi.
Qonun loyihasi mualliflari ta’kidlashicha, taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar chet el fuqarolariga rossiyalik yetimlarni asrab olishni taqiqlamaydi. Ushbu taqiq “faqat AQSh fuqarolariga nisbatan qo‘llanishda davom etadi, bu AQShning agressiv sanksiya siyosati bilan bog‘liq”, deyilgan izohda.
Ma’lumot uchun “Dima Yakovlyev qonuni” 2012-yil dekabrda qabul qilingan. Unga ko‘ra, amerikaliklarga rossiyalik yetimlarni asrab olish taqiqlanadi. Rossiyaik Dima Yakovlyev AQSh fuqarolari tomonidan asrab olingan va 2008-yilda ota-onasining beparvoligi tufayli vafot etgan, shu sababli qonunga uning nomi berilgan. Shuningdek, qonun AQSh fuqarolari uchun Rossiya hududida bir qator cheklovlarni nazarda tutadi.
“Dima Yakovlyev qonuni”ga 2020-yilda kiritilgan o‘zgartishlar Rossiya hukumatiga deyarli har qanday Rossiya fuqarosini “xorijiy agent” sifatida tan olishga imkon beradi.
Izoh (0)