Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi mamlakatdagi inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha sanksiyalar muddatini bir yilga uzaytirdi. Qora ro‘yxatga yana sakkiz kishi va uchta tashkilot qo‘shildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi Kengashining bayonotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
“Bugun kengash Erondagi inson huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishiga javoban cheklov choralari muddatini 2022-yil 13-aprelgacha uzaytirishga qaror qildi. Shuningdek, 2019-yil noyabr oyida Eronda bo‘lib o‘tgan namoyishlarga zo‘ravonlik bilan javob berishdagi rolini hisobga olgan holda, kengash yana sakkiz kishini va uchta tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi”, — deyiladi bayonotda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqining doimiy vakillari qo‘mitasi Eronda inson huquqlarini poymol qilish holatlari kuzatilgan deb gumon qilgan holda sakkiz nafar jismoniy va uch yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash haqida kelishib olgan edi.
Kengashning qayd etishicha, “ushbu choralar mamlakatga kirishni taqiqlash va aktivlarning muzlatilishini, shuningdek, ichki repressiya uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan uskunalar va telekommunikatsiyalarni kuzatish moslamalarining Eronga eksport qilinishini cheklashni ko‘zda tutadi”. “Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining fuqarolari va kompaniyalari uchun ro‘yxatdagi jismoniy va yuridik shaxslarga pul mablag‘larini berish ta’qiqlanadi”, — deyiladi hujjatda.
Endilikda qora ro‘yxatda Eronning jami 89 nafar jismoniy va to‘rtta yuridik shaxsi mavjud. Kengashning qayd etishicha, Eronga qarshi sanksiyalar birinchi marta 2011-yilda kiritilgan va shundan buyon har yili ularning muddati uzaytirib kelinadi.
Ma’lumot uchun, AQSh 2017-yildan buyon Eronga qarshi kiritgan barcha sanksiyalarini bekor qilishdan bosh tortdi, Eron esa AQShning Tehronga qarshi sanksiyalari bekor qilinmaguncha uranni boyitish darajasini 20 foizdan tushirmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, AQSh prezidenti Jo Bayden Eronga qarshi sanksiyalar muddatini bir yilga uzaytirishga qaror qildi. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki AQShning Eron bilan diplomatik aloqalarga ochiqligi, ammo Tehronga qarshi joriy etilgan bir tomonlama sanksiyalarni yumshatmoqchi emasligi ta’kidladi.
Eron Islom Respublikasi prezidenti Hasan Ruhoniy esa uch yil oldin tiklangan AQSh sanksiyalari Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri 200 milliard dollardan oshiq zarar yetkazganini ma’lum qildi.
Izoh (0)