Xitoyning koronavirusiga qarshi vaksinalari infeksiyadan “juda yuqori darajada himoya” qila olmaydi. Bu haqda Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi direktori Gao Funing bayonotiga tayanib, Meduza xabar berdi.
“Biz mavjud vaksinalarning yuqori darajadagi himoyaga ega emasligi to‘g‘risidagi muammoni hal qilamiz. Hozir esa immunizatsiya jarayoni doirasida turli xil vaksinalardan foydalanishimiz kerakmi, degan savol ustida bosh qotirmoqdamiz”, — dedi Gao Fu Chendu shahrida bo‘lib o‘tgan konferensiyada Xitoy vaksinalari taqdimoti chog‘ida.
Shuningdek, u xususan, Amerikaning Pfizer va Moderna kompaniyalari preparatlarini o‘z ichiga olgan mRNK turidagi (oqsil tartibi shifrlangan RNK) vaksinalarining afzalliklari haqida gapirdi. Keyinroq Associated Press’ga bergan intervyusida Gao Fu vaksinalar samaradorligi haqida gapirganda aynan Xitoy emas, butun dunyo vaksinalarini nazarda tutganini aytdi.
Ayni paytda Xitoyda Sinovac, Sinopharm, CanSino va Anhui Zhifei Longcom kompaniyalarida ishlab chiqariluvchi beshta vaksina tasdiqlangan. Ularning hech biri mRNK vaksinasi turiga kirmaydi.
Ishlab chiquvchilarning fikriga ko‘ra, Xitoy vaksinalarining samaradorligi 49 dan 79 foizgacha. Pfizer va Moderna preparatlarining samaradorligi esa 90 foizdan oshadi. Agar vaksinaning samaradorligi 50 foizdan yuqori bo‘lsa, undan foydalanish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi.
Xitoyning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyi boshiga kelib mamlakatda qariyb 100 million odam koronavirusga qarshi vaksinaning hech bo‘lmaganda bitta dozasini olgan.
Izoh (0)