AQSh Eron bilan diplomatik aloqalarga ochiq, ammo Tehronga qarshi joriy etilgan bir tomonlama sanksiyalarni yumshatmoqchi emas. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki prezident Jo Bayden bilan birgalikda Texasga ketish mobaynida jurnalistlar uchun samolyotda o‘tkazgan brifingda ma’lum qildi, deb yozmoqda “TASS”.

Foto: “Trend.az”

“AQSh diplomatik aloqalar uchun ochiq va muzokaralar stoliga o‘tirib, hamkorlarimiz, shuningdek, Eron bilan ham “5+1” formatida (BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi va Germaniya) maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyor. Ammo Biz Eronga qarshi e’lon qilingan sanksiyalarni yumshatish choralarini ko‘rmayapmiz”, — dedi matbuot kotibi Jen Psaki.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil, 11-yanvar kuni sobiq prezident Donald Tramp Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilish haqdagi tegishli qarorni imzolagan edi. Donald Tramp mazkur sanksiyalarni 8-yanvar kuni Eronning Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga bergan zarbalariga javoban e’lon qilgan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik AQSh tomonidan Eronning eng nufuzli generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgach, yanada kuchaydi. Bunga javoban Eron 2020-yil 8-yanvar kuni AQShning Iroqda joylashgan ikkita harbiy bazasiga raketa zarbalarini berdi.

Shuningdek, 2019-yil dekabr oyida AQSh Eronning kemada yuk tashuvchi IRISL Group kompaniyasi, uning Xitoydagi sho‘basi E-Sail Shipping Company Ltd, shuningdek, Eronning Mahan Air aviakompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Ta’kidlanishicha, sanksiyalarni joriy etish uchun ularning “ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish bilan bog‘liq” transport tashuvlarini amalga oshirgani asos bo‘lgan.

Bundan tashqari, davlat departamentidan ma’lum qilishlaricha, “qurollarni Yamanga olib kirishga yordam bergan” sakkizta Eron tuzilmalari ham sanksiya ta’siri ostiga tushgan.