Yaqin kunlarda Chevrolet Equinox’ning 2021-yil rusumidagi avtomobillarga shartnoma berish boshlanadi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Zumrad Shojalilova “Daryo”ga ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida “O‘zavtosanoat” modellar qatorini yangilash strategiyasi sababli Chevrolet Equinox’ning hozirgi avlodi ishlab chiqarilishi to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi. Shu bois ushbu modelni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni olish uchun arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish yopilgandi.
Kompaniya mas’ul xodimining aytishicha, Chevrolet Equinox rusumidagi avtomobillarga shartnomalar aynan qaysi sanadan berilishi hozircha aniq emas.
“Yetkazib berish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Xaridorlar bilan shartnoma tuzish qachondan boshlanishi bir-ikki kunda ma’lum qilinadi”, – dedi Zumrad Shojalilova.
Bundan avval O‘zavtosanoat” mas’ullari “Equinox va Tahoe’larning yuqori narxi orqali Spark va Nexia kabi arzon mashinalarni ishlab chiqarishdagi zarar qoplanayotganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti xaridi uchun shartnoma berish 3-martdan qayta tiklanishi, Chevrolet Onix 9—12 ming dollar atrofida sotilishi kutilayotgani hamda UzAuto Motors Lacetti’ning yangi Redline modelini ishlab chiqarishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)