UzAuto Motors kompaniyasi 2020-yilda Nexia va Spark avtomobillarini ishlab chiqarishdan 550 milliard so‘m miqdorida sof zarar ko‘rgan. Bu haqda “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov 2-mart kuni Asakadagi avtozavodda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

2020-yil noyabrida UzAuto Motors AQSh kompaniyasidan 8750 dona Chevrolet Equinox sotib olish uchun qiymati 199,9 million dollarlik shartnoma imzolagani ma’lum bo‘lgan edi. Bunda bir dona avtomobil 22 845 dollardan tushgan; xuddi shu vaqtda UzAuto Motors ushbu modeldagi avtomobilni O‘zbekistonda 349 million so‘mdan (33 ming dollardan ortiq) sotayotgan edi. Bu avtomobilning import narxidan salkam 11 ming dollarga ko‘p edi.

Azizbek Shukurovning ta’kidlashicha, UzAuto Motors tomonidan bir yilda nechta avtomobil ishlab chiqarildi-yu, nechta mashina import qilindi degan savol qo‘yilsa, mamlakatga olib kirilgan qimmat mashinalar ulushi 5 foizdan oshmasligini ko‘rish mumkin. “Ya’ni, biz sotayotgan mashinalarimizning faqat 5 foizini import qilyapmiz, qolgan 95 foizini ishlab chiqaryapmiz”, — dedi Shukurov.

Azizbek Shukurov (o‘rtada).

Foto: “Daryo” / Musulmonbek Ibrohimov

“O‘zavtosanoat” vakili import qilinayotgan avtomobillar yuqori daromadli xaridorlarga mo‘ljallanganini tan oldi. UzAuto tomonidan 2020-yilda ishlab chiqarilgan 280 mingta avtomobil esa budjet modellari hisoblanadi — Shukurov Damas va Spark’ning narxi 7 ming dollardan, Nexia va Cobalt kabi sedanlarning bahosi esa 8—10 ming dollardan ekanini eslatib o‘tdi.

“Sizlarga bir tijoriy sirni ochyapman — Spark yoki Nexia kabi mashinalarni ishlab chiqarishda daromad umuman yo‘q, nafaqat daromad yo‘q, balki yo‘qotish ham bor. Ommaga arzon mashinani ko‘proq yetkazish imkoniyatini yaratish uchun kam miqdorda olib kirilayotgan qimmat mashinalarning daromadini baland qilib qo‘yamiz. Qimmat mashinani sotish hisobidan olayotgan daromadimiz bilan arzon mashina sabab yo‘qotilayotgan pul o‘rnini to‘ldiramiz”, — dedi u.

Azizbek Shukurovning ta’kidlashicha, UzAuto Motors 2020-yilda Spark va Nexia avtomobillarini ishlab chiqarishdan 550 milliard so‘m pul yo‘qotgan, Equinox, Malibu, Traverse, Tahoe kabi “katta mashinalar”dan 500 milliard so‘m foyda ko‘rgan. “Nima qilgan yaxshi — Equinox, Malibu, Traverse’larning narxini tushirib, Spark va Nexia’larning narxini ko‘tarib qo‘ygan yaxshimi yoki hozirgi biznes-modelni davom ettirganmi?”, — deb savol qo‘ydi “O‘zavtosanoat” vakili.

Shukurovning qo‘shimcha qilishicha, UzAuto Motors umuman olganda zararda emas — kompaniya 2020-yilda 6 foiz rentabellik bilan ishlagan. Ma’lumot uchun, kompaniya 2019-yilda 2,65 trillion so‘m sof foyda ko‘rgan.