Rossiyaning texnik reglament va transport xavfsizligi uchun mas’ul Rosstandart federal agentligi Xitoyning Dongfeng, Foton, FAW va Sitrak kabi brendlariga mansub yuk mashinalarini mamlakatga olib kirishni va sotishni taqiqladi. Tashkilot buni “aholi salomatligi va xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid” bilan izohladi.

Qayd etishilicha, agentlik mutaxassislari mashinalarda tormoz tizimining nosozligi va o‘rindiq kamari bilan bog‘liq kamchiliklarni aniqlagan. Shundan so‘ng Rosstandart ishlab chiqaruvchilarga mashinalarni chaqirib olish va savdoni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Buyruqqa bo‘ysunmaganlarga jarimalar qo‘llanishidan ogohlantirgan.
Mazkur qadam Rossiya avtomobil sanoatida inqiroz alomatlari kuzatilayotgan bir vaqtda tashlandi. O‘tgan hafta KamAZ, AvtoVAZ va GAZ kabi gigantlar talab pasayishi ortidan to‘rt kunlik ish rejimiga o‘tdi. Tataristonda joylashgan KamAZ o‘z konveyrlarida ishlab chiqarish jarayonlari sekinlashganini “bozorni Xitoy mashinalari bilan to‘ldirgan importyorlarning qisqa muddatli siyosati”ga bog‘ladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, rasmiylar mahalliy avtomobil sanoatini himoya qilish uchun chet el mashinalari importiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etish ustida ishlamoqda.
Izoh (0)