Tadqiqotlarga ko‘ra, egizaklar tug‘ilishi darajasi tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Human Reproduction jurnaliga tayanib, Tengrinews xabar berdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha egizaklarning tug‘ilish miqdori har 1000 ta tug‘ilishga nisbatan o‘rtacha 9 tadan 12 tagacha oshgan, lekin bu ko‘rsatkich har bir davlatda bir-biridan farq qiladi. Eng katta o‘sish Shimoliy Amerikada (71 foiz), Yevropada (60 foiz), va Osiyoda (32 foiz) kuzatildi.
Olimlar 100 dan ortiq mamlakat ma’lumotlarini tahlil qilib, egizaklar tug‘ilishi 1980-yillarga nisbatan sezilarli darajada ko‘payganini aniqladi: hozir har 42 nafar ayoldan bittasi egizak farzand dunyoga keltirmoqda — yiliga 1,6 million nafar bola.
“Raqamlar haqiqatan hayratlanarli. So‘nggi 40-50 yil ichida biz egizaklar soni ham nisbiy, ham mutlaq ma’noda sezilarli darajada o‘sganiga guvoh bo‘ldik”, — dedi Oksford universitetining jamiyatshunoslik va demografiya professori Kristian Monden.
Shuningdek, tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, bugungi kunda egizaklarning 80 foizi Afrika yoki Osiyoda dunyoga kelmoqda.
“Ehtimol, bu Afrika aholisi va boshqa xalqlar o‘rtasidagi genetik farqlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin”, — deb ta’kidladi professor Monden.
Shuningdek, ushbu hodisaning asosiy sababi yordamchi reproduktiv tibbiyotdan foydalanishning tobora o‘sib borishi ham hisoblanadi, masalan, EKU (ekstrakorporal urug‘lantirish), intratsitoplazmatik inyeksiya muolajasi, sun’iy urug‘lantirish va tuxumdonlarni stimulyatsiya qilish shular sirasiga kiradi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2021-yilning fevral oyi holati bo‘yicha, 53 460 nafar chaqaloq tug‘ilgan. Ularning 1166 nafari egizak ekani qayd etilgan.
Izoh (0)