Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan kasalxonaga tushib qoldi. Bu haqda mahalliy “Graparak” gazetasi ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar qildi.
“Prezidentning yuragida muammolar kuzatilgan. U ‘Astxik’ tibbiyot markaziga davolash uchun yotqizilgan, yurakka stend qo‘yish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti amalga oshirilmoqda”, – deyiladi xabarda.
Prezident matbuot xizmati Armen Sarkisyan koronavirusdan tuzalganidan keyin kasallikdan qolgan asoratlar uning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildirgan.
“Prezident koronavirusdan tuzalganidan keyin ham unda kasallik asoratlari saqlanib qolgan. Ayni vaqtda u ‘Astxik’ tibbiyot markazida tekshiruvlardan o‘tmoqda”, – deyiladi Armaniston prezidentining matbuot xizmati taqdim qilgan axborotda.
Eslatib o‘tamiz, 1-martda Armanistonda bosh vazirga qarshi namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirgani, keyinchalik Yerevanda politsiya Armaniston prezidenti Armen Sarkisyanning qarorgohini qat’iy qo‘riqlov ostiga olgani haqida xabar berilgan. Shuningdek, Armaniston prezidenti bosh vazir Nikol Pashinyan tomonidan taklif qilingan Bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyan iste’fosi haqidagi farmon loyihasini ikki marta rad etgach, Bosh shtab boshlig‘i qonuniy tartibda lavozimidan ozod etilgan. Farmon e’lon qilingandan so‘ng mamlakat rahbari Armen Sarkisyan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilib, undan 2018-yilda kiritilgan “Harbiy xizmat va harbiy xizmatchilarning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarning konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirishni so‘ragan.
Izoh (0)