Toshkentda raqamli kriptovalyuta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullangan shaxslar ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro D.K. “R.” ismli shaxs bilan oldindan til biriktirib, raqamli kriptovalyuta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanib, 1V (bitkoin) elektron pul birligini 49 670 dollarga baholab, 0,45 (bitkoin) elektron pul birligiga o‘zining 5 foiz ustama foydasini qo‘shib hisoblab, 0,45 (bitkoin) elektron pul birligini kelishilgan “elektron hamyon”ga o‘tkazib bergan.
Evaziga xaridordan 23 400 dollar va 800 ming so‘mni olgan vaqtida departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan D.K. va “R.” ismli shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 2-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda kripto-birjalar faoliyati tashkil etishga ruxsat berilgan. Ammo kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar O‘zbekiston hududida sho‘ba yoki boshqa turdagi tashkilotlarni ochish asosida faqatgina chet el yuridik shaxslariga beriladi.
O‘zbekistonda kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirishga birinchi litsenziya Koreyaning Kobea Group kompaniyasiga berilgan.
Avvalroq Toshkentda qonunga xilof ravishda 224 000 dollarga kriptovalyuta sotgan shaxs qo‘lga olingani, bitkoin savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanib, 3 million dollar ayirboshlagan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)