Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirishlar borasidagi fikri bilan bo‘lishdi.
Avvalroq “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizliklar va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishga da’vatlar uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish borasidagi qonun loyihasi tashabbusi bilan chiqqan edi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Unda fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 15-fevral kuni qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Parlament quyi palatasining ma’lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning axborot olish va uni tarqatish madaniyati to‘liq shakllanmagani sababli, boshqa shaxslarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda.
“Qolaversa, bunday shaxslarning axborot tarqatish sohasidagi huquqiy madaniyati shakllanmaganligi kelajakda ular tomonidan qonun talablari buzilishiga, mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etishga, urush, zo‘ravonlik va terrorizm, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish sababchi bo‘lishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “xabarsiz va norozi ozchilikni siyosiy bosim quroliga aylantirishni o‘rganib olgan raqib odatdagidek ‘so‘z erkinligiga tahdid’ bilan yurish qilmoqda”.
Deputatning hisoblashicha, “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari tomonidan tashabbus qilingan qonun loyihasi O‘zbekistonda tinch-xotirjam, emin-erkin va demokratik rivojlanishga xizmat qiladi.
“Boshqariladigan beboshlikni maqsad qilgan, xalq xotirjamligi, manfaatlari va erkin so‘zning qadriga tupurib, ularni g‘arazli o‘yinlarida o‘yinchoq qilib olgan buzg‘unchilarning qo‘lini bog‘laydi. Hech kim tanqidga, to‘g‘ri so‘zga, erkin fikrni baralla aytishga qarshi emas. Erkin so‘z aql, farosat va jur’at talab qiladi. Haq so‘zni gapirayotgan odam nomini yashirmaydi, birovning ortiga berkinib baqirmaydi”, — deydi Alisher Qodirov.
Qonunchilik palatasi vitse-spikerining hisoblashicha, erkin so‘zdan eng katta foyda — jamiyat zarariga ishlayotgan xatolarni ko‘rsatib, uni bartaraf etish yo‘lini taklif qilish.
“Xalq ishonchi bilan vakolatga ega bo‘lgan hokimiyatga qarshi kurashishga chaqiradigan so‘z qachon va qanday hokimiyatga qarshi bo‘lishidan qat’i nazar, huquqbuzarlik sifatida baholanishi va jazolanishi zarur”, — deydi u.
Legalmax yuridik firmasining boshqaruv sherigi Muhammadali Mahmudov 19-fevral kuni qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish birinchi navbatda blogerlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxslarning faoliyatini tartibga solishga yo‘naltirilganini ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda blogerlar tushunchasi yo‘qligiga aniqlik kiritib olish muhim, bunga qonun chiqaruvchilar e’tibor berishi kerak. Ular haqida faqatgina “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda tilga olingan — “bloger veb-sayt va veb-sahifaga egalik qiluvchi shaxsdir”.
“Ammo hozirgi vaziyat umuman boshqacha. Telegram, ‘jonli jurnal’ yoki boshqa internet-maydonchalari orqali yangiliklarni tarqatish axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadigan sohadan ancha chiqib ketgan. Shu sababli kiritilishi rejalashtirilayotgan yaxshilab o‘ylanmagan o‘zgartirishlar hali qabul qilinmasidan eskirgan hisoblanadi. Buning ustiga eskirgan o‘zgartirishlar eskirgan qonunga kiritilmoqda”, — deydi u.
Mavzuga doir:
Izoh (0)