O‘zbekistonda ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovning ma’lum qilishicha, “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalarining Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Ushbu moddada hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faollik bilan bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 244-moddasida jinoiy javobgarlik qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish kabi harakatlarni sodir etganlik uchun belgilangan.

Bu kabi jinoiy harakatlar 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Unda, fuqarolarni O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari talablarini bajarmaslikka yoki buzishga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan, shuningdek, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.