Namangan shahrida avtobus eshigiga qisilib qolib, yerga yiqilgan yo‘lovchi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 10-fevral kuni soat 09:10 larda Namangan shahar, “Sardoba” MFY, Navoiy ko‘chasida Isuzu rusumli avtobusni yo‘l varaqasi bilan boshqarib ketayotgan haydovchi Navoiy ko‘chasida joylashgan bekat oldida yo‘lovchilarni olib, avtobus eshigini yopmay, harakatni davom ettirgan.
Eshiklarni yopgan vaqtida orqa eshikda turgan yo‘lovchi eshikka qisilib qolib, yerga yiqilgan. Oqibatda yo‘lovchi og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport boshqarish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan avval Toshkentda avtobuslar ishtirokidagi YTHlar so‘nggi 10 yil ichida to‘rt barobarga kamaygani, MAN va Isuzu yo‘lovchi avtobuslari to‘qnashgani hamda Samarqandda avtobus va taksi haydovchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)