Buxoroda qabristonni obodonlashtirishga sarflangan pullar talon-toroj qilinmagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda OAVga xabar bergan maktab direktori ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Daryo” muxbirining fuqaro murojaatini o‘rganish davomida olib borgan surishtiruvlari natijasida “Buxoroda qabristonni obodonlashtirishga sarflanishi lozim bo‘lgan pullar talon-toroj qilingani aytildi. Prokuratura holatni o‘rganishni boshladi” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.
Shofirkon tumani prokurori Jasur Tangriyevning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilgan.
“Murojaatda mahalla hududida joylashgan ‘Miskinato’ qabristoni uchun aka-uka Akmal Jo‘rayev va Hazrat Jo‘rayev tomonidan berilgan 13 million 500 ming so‘m pul boshqa maqsadlarga sarflab yuborilgani, mahalla raisi tomonidan fuqaro Bahodir Mo‘minov qabristonda ishlamasa-da, unga ish haqi to‘langani, Qurbon Aminov hamda Guljahon Rahimovaga ham noqonuniy ravishda 750 ming so‘mdan pul berilgani, shuningdek, hokimlik tomonidan ajratilgan arzon ko‘mir xalqqa berilmagani va har bir xonadonga 20 tadan tok ko‘chati yetkazilmagani bayon qilingan. O‘rganishda qabriston uchun aka-uka Akmal va Hazrat Jo‘rayev tomonidan xayriya qilingan 13 million 500 ming so‘m pul ushbu qabristonning bir qismini devor bilan o‘rash maqsadida ishlatilib, qurilish ishlarida jami 17 million 410 ming so‘m sarflangani, bu haqda tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilganligi oydinlashdi”, — dedi Jasur Tangriyev.
Prokuraturaga ko‘ra, fuqaro Bahodir Mo‘minov tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 2020-yil 23-noyabr kuni “Miskinato” qabristoniga qorovul vazifasida ishga qabul qilinib, hozirga qadar shu vazifada ishlab kelmoqda.
Bundan tashqari, holat joyida o‘rganilganda fuqaro Qurbon Aminov va uning kelini Guljahon Rahimova jamoatchilik asosida ishiga jalb qilinib, har biriga 577 ming 960 so‘m miqdorida ish haqi hisoblanib to‘lab berilgani, mahallada “temir daftar”ga ro‘yxatga olingan fuqarolarning 3 nafariga bepul ko‘mir tarqatilgani, biroq hududdagi boshqa fuqarolarga bepul ko‘mir berilmagani aniqlangan.
“Amaldagi qonunchilik talabiga ko‘ra, arzon narxdagi ko‘mir olish istagida bo‘lgan fuqaro ta’minotchi korxonaga murojaat qilishi lozim. Shuningdek, o‘rganishda ‘Shofirkon paxta tozalash zavodi’ AJ tomonidan ‘Quyi Chuqurak’ mahallasi aholisiga 3,5 ming dona tok ko‘chati tarqatilgan, faqat mahalla raisi Jasur Nasrullayevning ushbu masalada ishtirok yetmagani ma’lum bo‘ldi. Shu sabab murojaat yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda fuqaro Muhammad Aminovning harakatlariga qonuniy baho berish uchun tuman IIBga yuborildi”, — dedi tuman prokurori.
“Daryo” surishtiruvi orqali tuman prokuraturasi tomonidan to‘plangan hujjatlar yuzasidan tuman IIB ham surishtiruv o‘tkazgan. Unga ko‘ra, maktab direktori Muhammad Aminovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ayblanayotgan shaxsning aybi isbotlansa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Ish ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan”, — dedi Jasur Tangriyev.
Izoh (0)