Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanini 10 kun boshqargan yosh hokim tashabbusi bilan OTMda tahsil olayotgan 4 nafar talabaning bir yillik to‘lov-shartnoma pullari to‘lab berilgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmatiga tayanib, “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov ma’lum qildi.
Qo‘rg‘ontepa tumanini 10 kun boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan yosh hokim Nodirbek Qahhorov faoliyati davomida mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning muammo va takliflarini eshitgan hamda aksariyat murojaatlarni joyida hal etgan.
Murojaat qilganlar orasida “temir daftar”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari ham borligini inobatga olgan yosh hokim 4 nafar talabaning bir yillik to‘lov-shartnoma pullarini to‘lab berishda tashabbus ko‘rsatgan.
Shuningdek, “yoshlar daftari”ga kiritilgan 5 nafar yoshning davolanishi uchun 9 million so‘mdan ortiq moddiy yordam ajratilgan. Kuni kecha tuman rahbarlari ushbu yoshlarning xonadonlariga borib, shartnoma puli to‘langani haqidagi vaucherlarni topshirgan.
“Uch nafar farzandim viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladi. Karantin tufayli ularning shartnoma pullarini to‘lashda qiynalib qoldik. O‘tgan haftada viloyat hokimi tomonidan tayinlangan yosh hokim mahallamizda uchrashuv o‘tkazganida farzandim moddiy qo‘llab-quvvatlanishga ehtiyojimiz borligini aytganida, murojaatimizni mutasaddilar ishtirokida o‘rganib, imkoniyat bo‘lsa, yordam berishini aytgandi. Kuni kecha tuman hokimligi tomonidan o‘g‘lim Nurilloning bir yillik shartnoma puli o‘tkazib berilganligini eshitib quvondim”, — deydi “Iftixor” mahallasida yashovchi Feruza Qoraqo‘ziyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida 10 kun muddatga hokimlik vazifasini bajarishga kirishgan yosh hokimlar haqida xabar berilib, Dehqonobodni boshqargan Adham Qulmamatovning tumandagi zavodga borib, qancha yoshni ishli qilgani bilan qiziqqani, Yakkabog‘ hokimi vazifasini bajaruvchi Setora Ergasheva esa unga murojaat qilgan fuqaro bilan tortishib qolib, “opa, siz menga ‘ponyatka’ bermang”, degani, Shahrisabz shahrining yosh hokimi Sabrina Tursunova shahardagi “roddom”ning bir qismi sotilgani haqidagi murojaatni tinglab, masalaga oydinlik kiritgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)