O‘zbekistonda 2-avgust soat 23:30 dan 3-avgust soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 748 ta holat qayd etildi. Ketma-ket to‘rtinchi kun kunlik kasallanish holati 700 dan yuqori bo‘lmoqda. 1-avgustda 774 kishining kasallanishi hozircha antirekord hisoblanadi. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 26301 nafarga yetdi.

SSV hisobi bo‘yicha 159, “Daryo” hisobi bo‘yicha 167 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 748 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  • Toshkent shahrida — 352 nafar;
  • Toshkent viloyatida — 236 nafar;
  • Samarqand viloyatida — 53 nafar;
  • Farg‘ona viloyatida — 20 nafar;
  • Namangan viloyatida — 18 nafar;
  • Qashqadaryo viloyatida — 16 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 13 nafar;
  • Surxondaryo viloyatida — 12 nafar;
  • Xorazm viloyatida — 11 nafar;
  • Sirdaryo viloyatida — 10 nafar;
  • Andijon viloyatida — 7 nafar.

Kun davomida 11 ta hududda koronavirus aniqlandi. Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagina yangi holatlar qayd etilmadi.

Toshkent shahrida 352 kishida koronavirus qayd etildi. Poytaxtda 31-iyuldan beri kunlik kasallanish holatlari 300 tadan kamaymayapti (31-iyulda 302 ta holat, 1-avgustda 484 ta holat, 2-avgustda 325 ta holat). Toshkentda koronavirusga chalinganlar soni 15675 nafarga yetdi. Hozirda O‘zbekiston bo‘yicha kasallikka chalinganlarning 59,6 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Bir hafta oldin bu ko‘rsatkich 60,8 foizga, ikki hafta oldin 61,3 foizga teng edi.

Toshkent viloyatida 236 kishida koronavirus aniqlandi. 17-iyuldan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlarini Toshkent shahridan alohida bera boshladi. Bir kunda 236 kishining kasallanishi viloyat uchun antirekorddir. Bungacha 31-iyul kuni 203 da koronavirus aniqlanishi Toshkent viloyati uchun eng katta ko‘rsatkich edi. Viloyatda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 3294 nafarga yetdi. Ulardan 7 foizida koronavirus 3-avgustda aniqlandi. O‘zbekistonda koronavirusga chalinish holatlarining 12,5 foizi Toshkent viloyatida qayd etilgan.

Samarqand viloyatida 53 kishida kasallik qayd etildi. Bir kun avval Samarqandda 103 kishida koronavirus aniqlanib, viloyat uchun antirekord o‘rnatilgandi. Bir kunda 53 kishida kasallik aniqlanishi esa Samarqandda eng ko‘p koronavirus qayd etilgan kunlar orasida ikkinchi natijadir. Samarqand hozirda koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng 3-o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirus bemorlarining 4,1 foizi Samarqandga to‘g‘ri keladi.

Farg‘ona viloyatida 20 kishida koronavirus aniqlandi. Avgust oyining uchala kunida ham viloyatda kasallik holatlari aniqlanmoqda. Farg‘ona koronavirus eng kam qayd etilgan hududlardan biridir. Viloyatda 29 va 30-iyul kunlari buyum bozorlari faoliyat yuritgandi. Koronavirus bo‘yicha viloyat shtabi Farg‘onada karantin talablarini yanada yumshatishga qaror qildi. 3-avgustdan boshlab viloyatda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari, buyum va chorva mollari, qurilish mahsulotlari bozori, sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ruxsat berildi.

Namangan viloyatida 18 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda oxirgi 8 kun ichida faqat 1-avgust kuni kasallanish holatlari kuzatilmadi. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirus bemorlarining 2,9 foizi (768 ta holat) Namanganda qayd etilgan.

Qashqadaryo viloyatida 16 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatda 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Qashqadaryo viloyati maxsus komissiyasi qarori bilan viloyatda 3-avgustdan boshlab bir qator karantin cheklovlari yumshatilishi boshlandi. 3-avgustdan boshlab Qarshi shahriga soat 07:00 dan 10:00 gacha va 18:00 dan 21:00 gacha kirib-chiqish mumkin bo‘ldi. Shaharda yo‘nalishsiz taksilar soni 250 tadan 500 taga yetkazilgan. 4-avgustdan boshlab shahardagi sartaroshxona va go‘zallik salonlari faoliyatiga ham ruxsat beriladi. Viloyatning Kitob tumanida 4-avgustdan buyum bozori, savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ham tiklanishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 13 kishida koronavirus qayd etildi. Respublikada 28-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda, biroq bu kunlarning hech birida bugungacha yangi kasallar soni biron marta ham 10 taga yetmagandi.

Surxondaryo viloyatida 12 ta yangi holat qayd etildi. Viloyatdagi jami kasallanish holatlari 551 taga yetdi. Surxondaryoda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi To‘ra Bobolov ham bor, u ayni vaqtda Toshkentda davolanmoqda.

Xorazm viloyatida 11 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda oxirgi marta 29-iyul kuni yangi kasallanish holatlari qayd etilgandi. SSV statistikasi bo‘yicha Xorazm iyul oyida eng kam kasallik aniqlangan hudud bo‘lgandi — atigi 56 ta. Avgust oyida kasallik aniqlangan 13 hudud orasida Xorazmda eng kam koronavirus bemorlari qayd etildi. Ushbu oyda faqat Jizzaxda yangi holatlar qayd etilmadi.

Sirdaryo viloyatida 10 kishida koronavirus qayd etildi. 25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 18 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 412 nafarga ko‘payib, hozirda 625 nafarga yetgan.

Andijon viloyatida 9 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda so‘nggi 18 kun ichida faqat 25-iyul kuni yangi holatlar aniqlanmadi. Ushbu kunlar ichida eng kam kasallanish holati 9 taga tengdir, 28-iyul kuni ham 9 kishida koronavirus aniqlangan. O‘zbekiston bo‘yicha koronavirus bemorlarining 4 foizi Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV 3-avgust kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 nafardan, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida 1 nafardan, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. SSV ushbu olti nafar bemorning qaysi kuni vafot etganiga aniqlik kiritmagan

Birinchi o‘lim. Toshkent viloyati Bekobod shahrida yashagan 60 yoshli G.S. ismli ayolda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangach, Bekobod shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, gepatoz, surunkali pankreatit kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir yurak qon-tomir, nafas va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashagan 67 yoshli E.A. ismli erkakda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangandan so‘ng bir necha kun davomida tana harorati ko‘tarilganligi, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir, nafas va poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir yurak qon-tomir, nafas va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashagan 69 yoshli N.Ye. ismli ayolda 25-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 49 yoshli D.S. ismli ayolda 25-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va bir necha kun davomida tana harorati ko‘tarilganligi, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashagan 44 yoshli Sh.T. ismli erkakda COVID-19 tasdiqlangach, shahar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, epilepsiya kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasidan vafot etgan.

Oltinchi o‘lim. Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashagan 70 yoshli T.R. ismli erkakda COVID-19 tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromi asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromidan vafot etgan.

Bemorlarning qaysi kuni vafot etgani haqida axborot bermaslikdan tashqari SSV Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida koronavirusga chalinib, vafot etgan bemorlarda qachon kasallik qayd etilgani haqidagi ma’lumotlarni ham taqdim etmagan. Avvalroq vafoti e’lon qilingan ba’zi bemorlarda koronavirus tasdiqlangan kun SSVning avvalgi ma’lumotlaridan farq qilishi oydinlashgandi. Jumladan, 22-iyul kuni vazirlik Qoraqalpog‘iston va Surxondaryoda bir nafardan bemor vafot etgani haqida xabar bergandi. Xabarda Nukus shahrida yashovchi 42 yoshli B.D. ismli erkakda 3-iyul kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangani aytilgan, biroq SSVning avvalgi ma’lumotlari bo‘yicha 26-iyul oralig‘ida Qoraqalpog‘istonda kasallanish bilan bog‘liq yangi holatlar qayd etilmagan. Shuningdek, Termiz shahrida yashagan 40 yoshli T.X. ismli erkakda 12-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangani aytilgan, biroq SSV avvalroq 1112 va 13-iyul kunlari Surxondaryo viloyatida koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar haqida xabar bermagandi.

Bundan tashqari Sog‘liqni saqlash vazirligi 31-iyul kuni vafot etgan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovda koronavirus 24-iyunda tasdiqlanganini ma’lum qilgandi. Biroq SSV taqdim etgan statistikalar bo‘yicha 24, 25 va 26-iyun kunlari Qoraqalpog‘istonda koronavirus bemorlari ro‘yxatga olinmagan. Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovda (u hozirda Toshkentda davolanmoqda) 25-iyul kuni infeksiya tasdiqlanganini ma’lum qildi. Biroq SSV 24, 25 va 26-iyul kunlari Buxoroda koronavirusga chalinish holatlari haqida xabar bermagandi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 159 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 167 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 880 nafar bemordan 927 nafari og‘ir, 224 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 29-iyulda 500 nafardan, 30-iyulda esa 600 nafardan, 31-iyulda 700 nafardan oshgandi, hozirda ularning umumiy soni 1151 nafarni tashkil etmoqda. Bir sutka avval davolanayotgan bemorlarning 564 nafari og‘ir, 215 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda edi. Avtomobillar harakati cheklangan va aholiga o‘zini o‘zi yakkalash hayot tarziga qat’iy rioya etgan holda o‘z uylarida qolish tavsiya qilingan kunlarda (31-iyuldan 2-avgustgacha) ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 777—791 nafar oralig‘ida edi, endi esa bunday bemorlar soni deyarli 50 foizga ko‘payib ketdi.

Kasallikdan davolanish

O‘tgan hafta (27-iyuldan 2-avgustgacha) davomida har kuni koronavirusdan tuzalish bo‘yicha rekordlar yangilanayotgan edi. Joriy hafta boshida esa koronavirusdan tuzalganlar biroz kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, kun davomida qayd etilgan kasallanish holatlaridan ko‘proq odam sog‘aydi. 3-avgust kuni jami 755 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Ularning

  • 531 nafari Toshkent shahrida;
  • 114 nafari Toshkent viloyatida;
  • 26 nafari Samarqand viloyatida;
  • 22 nafari Andijon viloyatida;
  • 20 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 19 nafari Namangan viloyatida;
  • 14 nafari Navoiy viloyatida;
  • 9 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 26 301 nafar bemordan 17 262 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 65 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 5-iyul kuni davolanish ko‘rsatkichi 64 foiz bo‘lgandi. 23-iyulda esa bu boradagi ko‘rsatkich 53 foizga tushib ketgandi.

Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6555 nafar. Jizzaxda 13, Farg‘onada 24, Navoiyda 37, Xorazmda 48, Andijonda 90, Sirdaryoda 97, Surxondaryoda 131, Qashqadaryoda 132, Qoraqalpog‘istonda 143, Buxoroda 143, Namanganda 145, Samarqandda 163  va Toshkent viloyatida 1159 nafar bemor qoldi.