O‘zbekistonda 16-iyul soat 23:30 dan 17-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 541 ta holat qayd etildi. Bir kunda kasallanganlar soni ikkinchi marta 500 nafardan oshdi. 13-iyulda 594 kishida koronavirus aniqlanishi hozircha antirekord bo‘lib turibdi. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 15607 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 170 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 371 nafari koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 191 nafar, Andijon viloyatida — 49 nafar, Samarqand viloyatida — 47 nafar, Sirdaryo viloyatida — 35 nafar, Surxondaryo viloyatida — 21 nafar, Namangan viloyatida — 14 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 14 nafar) aniqlangan.

Kun davomida 7 ta hududda koronavirus aniqlangani haqida xabar berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 17-iyuldan boshlab Toshkent shahri va viloyati ko‘rsatkichlarini alohida hisoblay boshladi. Avvallari barcha bemorlari Toshkent shahriga o‘tkazilgan deb Sirdaryo viloyatining ko‘rsatkichlari ham berilmayotgandi. Endi ushbu viloyatning ham ko‘rsatkichlari alohida berilmoqda.

Toshkent shahrida 191 ta yangi holat aniqlangan. Ushbu holatlar tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida qayd etilgan. Kun davomida nafaqat Toshkent shahrida, balki butun mamlakatda aholi orasida qayd etilgan holatlar haqida xabar berilmadi. Lekin tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida namuna topshirganda virus aniqlanishi — bu qaysidir ma’noda aholi orasida kasallik aniqlanishidir. Misol tariqasida qarorgohi Toshkentda bo‘lib turgan “Surxon” futbol klubi bilan bog‘liq holatni keltirish mumkin. 12-iyul kuni “Surxon” “Andijon”ga qarshi o‘yin o‘tkazgan, 13-iyul kuni “Surxon”ning ikki futbolchisining harorati ko‘tarilgan. 14-iyul kuni topshirilgan testning javobi 17-iyul kuni ijobiy chiqqan. Bu kabi holatlar ilgari aholi orasidagi holatlar sifatida e’lon qilinardi.

Yangi qayd etilgan holatlardan so‘ng Toshkent shahridagi kasallanish holatlarining o‘zi 9450 nafarga yetdi. Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4092 kishini tashkil etayotgani aytilgandi. Hozir Toshkent shahrida 9450 nafar kishida kasallik aniqlangani ikki kun ichida poytaxtda 5 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan degani emas. Aftidan Prezident tilgan olgan 4 ming kishi Toshkent shahrining o‘zida aniqlangan holatlardir. Qolgan holatlar esa xorijdan kelganidan so‘ng karantin markazida kasallik aniqlangach, Toshkentda davolanayotgan va davolangan bemorlar bo‘lishi kerak.

Toshkent viloyatining ko‘rsatkichlari ilk marta Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilindi. SSV statistika yuritishni boshlagandan buyon Toshkent viloyatidagi kasallanish holatlarini Toshkent shahri bilan birga hisoblab kelardi. Toshkent viloyatidagi bemorlar soni haqida bungacha birinchi marta viloyat hokimi Rustam Xolmatov ma’lum qilgandi. 10-iyuldagi viloyat aholisiga qilgan murojaatida Rustam Xolmatov Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolardan 966 nafarida koronavirus kasalligi tasdiqlangan bo‘lib, shundan 586 nafar fuqaro sog‘ayib, tibbiy reabilitatsiya markazlariga va yashash manzillariga jo‘natilganini aytgandi. Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda virus yuqtirganlar soni Toshkent viloyatida 1498 kishini tashkil etayotgani aytilgandi. 16-iyul kuni Toshkent viloyatida 34 kishida kasallik aniqlanganligi xabar berilgandi. 17-iyulda birontayam yangi holat haqida xabar berilmadi, ammo SSVning 17-iyul soat 23:30 holatiga ko‘ra e’lon qilgan jadvalida viloyatda kasallanganlar soni 1678 nafarni tashkil etayotganini ko‘rish mumkin. Prezident selektoridan so‘ng o‘tgan ikki kun ichida Toshkent viloyatidagi bemorlar soni 180 nafarga ko‘paygan.

Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 49 ta yangi holat aniqlangan. 15-iyuldagi videoselektorda Prezident koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyatdan chiqib ketish bo‘yicha Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari qatorida Andijonni ham misol qilib keltirib, og‘ir sharoitdan mazkur hududlardagi birinchi rahbarlar fidoyiligi, qattiqqo‘lligi uchun chiqib ketilganini ta’kidlagandiOy boshida viloyatda koronavirusga chalinish holatlari 209 tani tashkil etayotgandi. Ammo iyul oyining ortda qolgan 17 kunida yana 336 kishida koronavirus aniqlandi. Boshqacha aytganda, Andijonda mart, aprel, may va iyun oylarida qancha kasallik aniqlangan (209 ta) bo‘lsa, iyul oyining o‘zida undan 1,5 baravardan ham ko‘p (336) yangi holatlar qayd etildi. Andijon viloyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshgan beshinchi hudud bo‘ldi.

Samarqand viloyatida aniqlangan 47 ta holat koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida qayd etildi. Prezident koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyatdan chiqqan hududlar qatorida Samarqandni ham tilgan olganda, ammo iyul oyida viloyatda kasallanish holatlari ko‘payib ketdi. Oy boshidan beri 253 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda giyohvand moddasini noqonuniy sotish bilan shug‘ullanib kelgan shaxsda ham kasallik aniqlandi. Samarqand viloyati kasallanganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri va viloyatidan keyin 3-o‘rinda turibdi. Viloyatda hozirgacha 704 kishida kasallik qayd etilgan.

Sirdaryo viloyatida kun davomida tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 35 ta holat aniqlangan. Viloyatda oxirgi marta 10 kun oldin kasallanish holati aniqlangandi. Sirdaryodagi bemorlar 15-may kuni Toshkent shahriga o‘tkazib yuborilgandan so‘ng Sirdaryoning ko‘rsatkichlari Toshkent bilan birga berilayotgani sababli bemorlarning umumiy soni bo‘yicha aniq ma’lumotlar yo‘q edi. 15-may holatiga ko‘ra, Sirdaryoda 38 nafar kasallanish holati kuzatilgan, ushbu bemorlarning 14 nafari sog‘aygan, 24 nafari esa Toshkent shahriga o‘tkazilgandi. O‘tgan ikki oy ichida viloyatda 200 dan ortiq kasallanish holati kuzatilgani ma’lum bo‘ldi, hozirda kasallik qayd etilgan bemorlar soni viloyatda 248 nafarni tashkil etadi. SSVning 16-iyul 23:30 holatiga ko‘ra bergan jadvalida ham Sirdaryodagi barcha bemorlar Toshkent shahriga o‘tkazilgani qayd etilgan bo‘lsa ham, aslida Sirdaryoda koronavirus bemorlari bir necha kundan buyon davolanayotgani ma’lum. Xovos tumani SEOM bosh shifokori 15-iyuldagi brifingda xovoslik besh nafar fuqaroning Sirdaryo yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotganini aytgandi.

Surxondaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 21 ta holat aniqlangan. Bir kun oldin viloyatda 35 kishida kasallik qayd etilgan. Oy boshidan beri Surxondaryoda 178 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda mart, aprel, may va iyun oylarida qancha kasallik aniqlangan (101 ta) bo‘lsa, iyul oyining o‘zida undan qariyb 1,8 baravar ko‘p yangi holatlar qayd etildi.

Namangan viloyatida aniqlangan 14 ta holatning barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida qayd etildi. Viloyatda 12-iyuldan beri har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Namanganda iyul oyida 187 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 39 foizidir.

Qoraqalpog‘istonda ham koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 14 kishida kasallik aniqlangan. Iyul oyida mazkur hududda kasallanganlar soni 115 nafarga ko‘paydi, bu Qoraqalpog‘istondagi jami kasallanishlarning 43 foiziga teng.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

SSV kun davomida Toshkent shahrida yashovchi 3 nafar va Toshkent viloyatida yashovchi 1 nafar, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi T.Yo. ismli erkak tana haroratining ko‘tarilishi sababli namuna topshirgan. 29-iyun kuni unda COVID-19 aniqlangan va yo‘tal, hansirash belgilari kuchayganligi sababli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga miokard infarkti, COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘ng o‘pka spontan pnevmotoraksi, nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Tekshiruvlar bemorda avvaldan bronxial astma kasalligi mavjud bo‘lganini ko‘rsatgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida amalga oshirilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir miokard infarkti, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi 62 yoshli N.A. ismli ayolda 8-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Kasallik o‘tkir nafas hamda yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan. N.A.ga qadar ketma-ket 10 nafar erkakning koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingandi.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashagan 55 yoshli A.X. ismli erkakda 5-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Shifoxonada unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, markaziy nerv sistemasi intoksikatsiyasi kabi asoratlar bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan. So‘nggi kunlarda hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida amalga oshirilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, u o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashagan 59 yoshli B.S. ismli erkakda 9-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Tibbiyot muassasasida unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yildi. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi, diabetik nefropatiya, surunkali buyrak yetishmovchiligi, markaziy nerv sistemasi intoksikatsiyasi kabi asoratlar bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, koronar qon tomirlarni stentlashdan keyingi holat (2008, 2012-yillarda), gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan.

Asosiy kasallik og‘ir kechishi va asoratlari hisobiga ahvoli keskin yomonlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarlarga qaramay, bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi sababli vafot etdi.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 79 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusdan vafot etganlar soni 80 nafarni tashkil etmoqda. “Daryo” 15-iyul kuni Davlat xizmatlari agentligiga tayanib, agentlikning Navoiy viloyati boshqarmasining mas’ul xodimi Adhamjon Dehqonovning koronavirus oqibatida vafot etganini xabar qilgan. Ushbu o‘lim holati hozircha SSV tomonidan tasdiqlanmagan, ammo vazirlik o‘lim holatlarini bir necha kun kechikib berishi holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, taniqli rejissor Sarvar Karimov 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qildi.

Foto: Twitter / @sarvarkarimovic

“Bugun dadam qazo qildilar. Koronavirusdan. Lekin tashxis qo‘yilmadi. Bir hafta uyda davoladik. 103 ga telefon qilsak, bemorning isitmasi bo‘lsa, kelolmaymiz deyishdi. Ularni ham tushunaman, na dorisi bor, na himoya vositasi.

Rasmiy statistikaga ishonmang, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!

Davlatga ishonmang. Rasmiylarning barcha gapi yolg‘on. Ishonch raqamlariga telefon qilib tushib bo‘lmaydi, tushsangiz ham boshqa nomerni berib yuboradi. Biz dadamizga bir hafta tez yordam chaqirolmadik. Axiri o‘pkalariga o‘tib ketib, jonlari uzildi. 63 yoshda edilar. 10 kun avval soppa-sog‘ edilar.

Bu gaplarni yozishimdan maqsad — davlat yordamidan umidingizni uzing. Ko‘chaga chiqmang, ayniqsa kattalarni ehtiyot qiling!”, — deb yozdi rejissor.

Sarvar Karimovning yozishicha, uning butun oilasi COVID-19’ga chalingani rasman tasdiqlangan. “O‘zimizni o‘zimiz davolayapmiz, chunki boshqa iloj yo‘q”, — deb yozdi Sarvar Karimov.

Rejissorning ushbu postidan bir necha soat o‘tib uni akasi va singlisi bilan birga Yunusoboddagi Nuroniy sanatoriysiga olib kelib joylashganini ma’lum qildi. “8 ta qavatga bitta infeksionist va ikkita terapevt bor ekan. Bechoralarning ahvoli biznikidan battar.

Boshqa vrachlar yo‘q, ukollar yo‘q, apparatlar yo‘q. Sabr qilishdan boshqa ilojimiz ham yo‘q”, — deb yozadi Sarvar Karimov.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 6525 nafar bemordan 70 nafari og‘ir, 11 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan oshgandi, oradan bir kun o‘tib esa ularning umumiy soni 80 nafardan oshib ketdi.

Kasallikdan davolanish

17-iyul kuni 220 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Ulardan

  • 94 nafari Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida;
  • 42 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 34 nafari Samarqand viloyatida;
  • 30 nafari Andijon viloyatida;
  • 13 nafari Qoraqalpog‘istonda;
  • 6 nafari Namangan viloyatida;
  • 1 nafari Jizzax viloyatida tuzalgan.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 15607 nafar bemordan 9003 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 57 foizni tashkil etmoqda. Bu so‘nggi uch oy (may, iyun va iyul)dagi eng past ko‘rsatkichdir.

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Ayni paytda 6525 nafar bemordan 4654 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Farg‘onada 13, Xorazmda 17, Jizzaxda 21, Navoiyda 48, Buxoroda 57, Sirdaryoda 70, Qoraqalpog‘istonda 72, Qashqadaryoda 89, Surxondaryoda 114, Samarqandda 142, Namanganda 152, Andijonda 192 va Toshkent viloyatida 884 nafar bemor qoldi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 60 211 nafar, statsionar karantinda esa 22 061 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagilar soni 2846 nafarga, statsionar karantindagilar soni 282  nafarga ko‘paydi. Uy karantinidagilar soni oxirgi ikki oy ichida birinchi marta 60 mingdan oshdi.