Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgan. Bu haqda “Makan.uz” xabar berdi.

Foto: “Makan.uz”

Hamshiraning koronavirusdan vafot etgani haqida uning singlisi Bag‘iyla Jiyemuratova “Makan.uz”ga ma’lum qilgan.

Hamshiraning singlisi ma’lum qilishicha, opasi oilali, bir nafar farzandi bo‘lgan. Hamshiraning jasadi o‘zi ishlagan shifoxonadan chiqarilgan va hamkasblari tomonidan dafn qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha mazkur o‘lim holati haqida xabar bermagan.

Eslatib o‘tamiz, shu paytga qadar Qoraqalpog‘istonda ikki nafar tibbiyot xodimining koronavirusdan vafot etgani haqida rasman xabar berilgan. Ulardan biri vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.