O‘zbekistonda 31-iyul soat 23:30 dan 1-avgust soat 23:30 ga qadar 774 kishida koronavirus qayd etildi va antirekord yangilandi. Ketma-ket ikkinchi kun kasallanish holatlari 700 dan yuqori bo‘lmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 24783 nafarga yetdi. O‘zbekistondagi barcha kasallanish holatlarining 3,1 foizi 1-avgustga to‘g‘ri keldi.

SSV hisobi bo‘yicha 147, “Daryo” hisobi bo‘yicha 155 kishi koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 774 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

  1. Toshkent shahrida — 484 nafar;
  2. Toshkent viloyatida — 190 nafar;
  3. Andijon viloyatida — 22 nafar;
  4. Buxoro viloyatida — 21 nafar;
  5. Qashqadaryo viloyatida — 18 nafar;
  6. Sirdaryo viloyatida — 16 nafar;
  7. Farg‘ona viloyatida — 13 nafar.
  8. Navoiy viloyatida — 4 nafar;
  9. Surxondaryo viloyatida — 4 nafar;
  10. Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 2 nafar.

1-avgust kuni faqat Jizzax, Xorazm, Namangan va Samarqand viloyatlarida yangi kasallanish holatlari kuzatilmadi.

Toshkent shahrida 484 kishida koronavirus qayd etildi. Bu Toshkent shahrida bir kunda kasallik aniqlanishi bo‘yicha antirekord hisoblanadi. Bungacha 27-iyul kuni 475 kishida koronavirus qayd etilishi eng yuqori natija bo‘lib turgandi. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Navoiy, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida epidemiya mavsumi boshidan beri poytaxtda 1-avgust kuni qayd etilgan holatlarchalik kasallanish holatlari kuzatilmagan. Joriy haftaning o‘zida Toshkentda 2086 kishida kasallik qayd etildi.

Toshkent viloyatida 190 kishida kasallik aniqlandi. Bir kun ichida Toshkent viloyatidagi bemorlar soni 7 foizga ko‘paydi. Hafta davomida viloyatda biron marta ham kunlik kasallanish holatlari 100 tadan kamaymadi va 27-iyuldan beri 978 kishida koronavirus qayd etildi.

Andijon viloyatida 22 kishida koronavirus qayd etildi. Andijonda koronavirus bemorlari soni 1017 nafarga yetdi hamda viloyat Toshkent shahri va viloyatidan so‘ng koronavirusga chalinganlar soni 1000 nafardan oshgan uchinchi hudud bo‘ldi.

Buxoro viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi sababli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 21 kishida kasallik aniqlandi. Viloyatda koronavirus yuqtirib olganlar orasida Buxoro viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov ham bor, hozirda u Toshkentda davolanmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyevning ma’lum qilishicha, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolovda 25-iyul kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ammo qiziq tomoni, Sog‘liqni saqlash vazirligi 23—27-iyul oraliqlarida Buxoroda yangi kasallanish holatlari bo‘lgani haqida xabar bermagandi.

Qashqadaryo viloyatida 18 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda kasallik aniqlanganlar soni 711 nafarga yetdi. Qashqadaryo Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro va Namangan viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 700 nafardan oshgan 7-hudud bo‘ldi.

Sirdaryo viloyatida 16 kishida koronavirus aniqlandi25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda. 17-iyuldan boshlab SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 16 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 2,8 baravarga ko‘payib, hozirda 597 nafarga yetgan.

Farg‘ona viloyatida 13 kishida koronavirus qayd etildi. Viloyatda hafta davomida 28 va 29-iyul kunlari ham kasallanish holatlari qayd etilgandi. 29 va 30-iyul kunlari Farg‘ona viloyatida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus komissiyaning qarori bilan ikki kunga viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda joylashgan buyum bozorlarining faoliyat yuritdi. Monitoring natijalariga ko‘ra, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlaridagi ulgurji hamda chakana buyum bozorlariga qo‘shni viloyatlar — Namangan va Andijondan ham xaridorlar kelgani kuzatilgan.

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 4 kishida kasallik aniqlangan25-iyuldan beri viloyatda har kuni yangi holatlar qayd etilmoqda, ammo bu kunlarning hech birida kunlik kasallanish holatlari 11 tadan oshgani yo‘q. Navoiyda koronavirusga chalinganlar orasida viloyat hokimi Qobul Tursunov ham borligi ma’lum bo‘ldi. U 5 kundan beri Toshkentda davolanmoqda.

Surxondaryo viloyatida 4 kishida koronavirus aniqlandi. 19-iyulda viloyatda 3 kishida kasallik qayd etilgach, biron marta ham kunlik kasallanish holatlari 10 va undan past bo‘lmayotgandi. Surxondaryo  hokimi To‘ra Bobolov ayni vaqtda Toshkentda koronavirusdan davolanmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 2 kishida kasallik aniqlangan. Respublikada 28-iyuldan beri yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda. 5 kun ichida Qoraqalpog‘istonda jami 22 kishida koronavirus qayd etildi. 31-iyul kuni vafot etgan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi – O‘zbekiston Respublikasi Senati raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov 1-avgust kuni Nukus shahridagi “Shorsha baba” qabristoniga dafn etildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukusga tashrif buyurib, Yerniyazov qabrini ziyorat qildi. Shuningdek, Nukus shahrida Musa Yerniyazovning vafoti munosabati bilan ta’ziya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 5 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 nafar, jami 6 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. 31-iyul kuni vafot etgan Qoraqalpog‘iston rahbari Musa Yerniyazovning o‘limini ham SSV 1-avgustda e’lon qildi. Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi va Bosh prokuratura 1 nafardan o‘z xodimlari vafot etganini ma’lum qildi. Shu tariqa, 1-avgust kuni 7 ta yangi o‘lim holati haqida xabar berildi. Ilgari hech qachon bir kunda buncha ko‘p odamning vafot etgani ma’lum bo‘lmagandi.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 75 yoshli K.X. ismli erkakda 26-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va og‘ir holatda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli asosiy kasallik hisobiga keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etdi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashiga asoslanib, “Kun.uz” xabar berdi.

Xayriddin Alimuhamedov.

Foto: Ilyosxo‘ja Sultonxo‘jayev / “Daryo”

Toshkent viloyat sudi sudyasi Shermuhamedov 31-iyul kuni vafot etgan. Ta’kidlashlaricha, u koronavirusga chalingan va kasalxonada davolanayotgan edi. Ushbu o‘lim holati haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma’lumot berilmagan.

Xayriddin Shermuhamedov “Ahmadboy ishi”ni ko‘rgan va 2020-yilning fevralida unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari (eski tahrirdagi) bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida hukmni e’lon qilgan edi.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 67 yoshli M.T. ismli ayolda 12-iyul kunidan tana harorati ko‘tarilgan, uy sharoitida davo muolajalarini olgan. 20-iyul kuni esa nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashagan 59 yoshli M.M. ismli ayolda 15-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan.

Ta’kidlash joizki, bemorda 2014-yil buyrak transplantatsiyasi amaliyoti bajarilgan bo‘lib, 2017-yilda ko‘chirib o‘tkazilgan buyrak o‘z vazifasini bajarishdan to‘xtagan va u doimiy gemodializ olib yurgan. Shuningdek, bemorda qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya, surunkali buyrak yetishmovchiligi, semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Bemor o‘tkir nafas, yurak qon-tomir hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Beshinchi o‘lim. Samarqand viloyatining Toyloq tumani prokurori, adliya maslahatchisi Farhod Abduxoliqov 58 yoshda vafot etdi.

Foto: Bosh prokuratura

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, 1962-yilda tug‘ilgan Farhod Abduxoliqov bir haftadan buyon koronavirusdan davolanayotgan bo‘lgan. 1-avgust kuni esa hayotdan ko‘z yumgan.

Toyloq tumani prokurorining o‘limi bo‘yicha hozircha Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot berganicha yo‘q.

Oltinchi o‘lim. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 67 yoshli Q.N. ismli erkakda 20-iyul COVID-19 tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib, Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bundan tashqari, bemor yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Yettinchi o‘lim. Toshkent shahri Uchtepa tumanida yashagan 64 yoshli A.T. ismli erkakda 25-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati ko‘tarilib nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik nafas yetishmovchiligining 3-darajasi hamda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziyaning 3-darajasi va semizlikning ham 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan. Bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 147 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach, vafot etganlar soni 155 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Biroq ushbu sakkiz holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan. Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumani shifoxonasining 32 yoshli tez tibbiy yordam hamshirasi Aliya Jiyemuratova 28-iyul kuni koronavirusdan vafot etgani haqida “Makan.uz” xabar tarqatdi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan 9 337 nafar bemordan 592 nafari og‘ir, 185 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. 10 kun ichida birinchi marta ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni kamaydi. Bir sutka avval davolanayotgan bemorlarning 594 nafari og‘ir, 197 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda edi.

Kasallikdan davolanish

1-avgust kuni O‘zbekistonning 12 hududida koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bemorlardan 835 nafari sog‘aydi. Sog‘ayish bo‘yicha ketma-ket 6-kun rekord yangilanmoqda.

Bemorlarning

  • 396 nafari Toshkent shahrida;
  • 184 nafari Toshkent viloyatida;
  • 98 nafari Buxoro viloyatida;
  • 36 nafari Surxondaryo viloyatida;
  • 32 nafari Andijon viloyatida;
  • 30 nafari Samarqand viloyatida;
  • 17 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 15 nafari Namangan viloyatida;
  • 14 nafari Sirdaryo viloyatida;
  • 5 nafari Navoiy viloyatida;
  • 4 nafari Jizzax viloyatida;
  • 4 nafari Farg‘ona viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘ldi.

Ularning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 24 783 nafar bemordan 15 299 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 61 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta 11-iyul kuni davolanish ko‘rsatkichi 60 foiz bo‘lgandi. 23-iyulda esa bu boradagi ko‘rsatkich 53 foizga tushib ketgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 9337 nafar bemor davolanmoqda. Uch kun avval bemorlar soni 9500 dan ortiq edi. 30-iyuldan boshlab davolanayotgan bemorlar soni kamaya boshladi. Hozirda eng ko‘p bemor Toshkent shahrida davolanmoqda — 6995 nafar. Jizzaxda 13, Farg‘onada 17, Xorazmda 39, Navoiyda 43, Sirdaryoda 80, Andijonda 122, Qoraqalpog‘istonda 126, Samarqandda 136, Namanganda 154, Surxondaryoda 159, Buxoroda 166, Qashqadaryoda 205 va Toshkent viloyatida 1082 nafar bemor qoldi.