O‘zbekistonda 4-iyul soat 23:30 dan 5-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 312 ta holat aniqlandi. Bir kun oldin ham aynan shuncha bemorda kasallik aniqlangandi. 23-iyundan beri bir kunlik kasallanishlar soni 200 tadan yuqori bo‘lmoqda, uch kundan buyon esa 300 tadan oshmoqda. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 10 ming nafardan oshdi va bemorlar soni 10 020 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 190 nafari karantin muassasalarida (“O‘rtasaroy”da — 155 nafar, Toshkent shahrida — 16 nafar, Toshkent viloyatida — 16 nafar, Samarqand viloyatida — 3 nafar);
  • 121 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 84 nafar, Toshkent viloyatida — 21 nafar, Samarqand viloyatida — 16 nafar);
  • 1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida orasida (Sirdaryo viloyatida) aniqlangan.

Kun davomida 4 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 3 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Bir kun ichida aholi orasida 121 kishida koronavirus aniqlandi. Iyul oyining ortda qolgan 5 kunida 3 marta aholi orasida koronavirus aniqlanishining kunlik ko‘rsatkichi 100 nafardan oshmoqda. 2-iyul kuni 113 kishida, 4-iyul kuni 142 kishi koronavirus aniqlangandi. Iyul oyida aholi orasidagi holatlar 471 nafarni tashkil etdi. Iyun oyida 12 kun ichida aholi orasida 474 ta holat aniqlangandi.

Toshkent shahrida kun davomida 100 ta yangi holat aniqlandi. Ulardan 16 tasi karantindagilar orasida, 84 tasi aholi orasida aniqlandi. Toshkent shahrida iyul oyining o‘zida kasallanganlar soni uch xonali son bo‘lmoqda. Poytaxtda 2-iyul kuni 115 kishida, 4-iyul kuni esa 159 kishida kasallik aniqlangandi. Toshkent shahrida aholi orasida 5 kun ichida 328 kishida koronavirus aniqlandi. Qolgan barcha hududlardagi aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlarini qo‘shsa (143 ta holat) ham poytaxtdagi ko‘rsatkichning yarmiga yetmaydi.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “O‘rtasaroy” karantin markazida 155 kishida koronavirus aniqlandi. Shuningdek, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida 16 ta, aholi orasida 21 ta holat qayd etildi. Toshkent viloyatida so‘nggi ikki hafta ichida faqat 29-iyun va 1-iyul kuni aholi orasida kasallik qayd etilmagan. Viloyat shuningdek, xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida ham tez-tez kasallik aniqlanadigan hudud edi, 27-iyun kuni hatto 32 nafar haydovchida koronavirus aniqlangandi, biroq oxirgi uch kun ichida Toshkent viloyatida xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida yangi holatlar qayd etilmayapti.

Samarqand viloyatida aniqlangan 19 ta holatning 3 tasi karantindagilar orasida, 16 tasi aholi orasida qayd etildi. Viloyatda koronavirus kasallagi ko‘payib bormoqda. 1-iyul kuni 11 kishida, 3-iyul kuni 14 kishida kasallik qayd etilgandi. Iyun oyida Samarqandda eng ko‘p kasallik aniqlangan kunda 17 ta holat qayd etilgandi. Samarqandda 30-iyundan beri ilk marta aholi orasida kasallanish holati aniqlandi.

Sirdaryo viloyatida qayd etilgan yagona holat xalqaro yuk mashinasi haydovchisida aniqlandi. Viloyatda oy boshidan beri 35 kishida kasallik aniqlandi. Sirdaryoda iyul oyida faqat 3-iyul kuni yangi holatlar qayd etilmadi.

22-iyun kuni e’lon qilingan Respublika maxsus komissiyasining yangi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli hududda karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilangandi. O‘sha qarorda tegishli hududda karantin talablarini ta’minlamaganligi tufayli fuqarolarga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgandi. Maxsus komissiyaning qarori e’lon qilingan paytda O‘zbekistonda kasallanganlarning umumiy soni 6401 nafarni tashkil etayotgandi. O‘tgan ikki hafta ichida kasallanganlar soni 3619 nafarga yoki 57 foizga ko‘paydi.

Kasallikdan davolanish

5-iyul davomida Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 159 nafar fuqaro sog‘aydi. Bir kun oldin ham koronavirusga chalingan bemorlar faqatgina poytaxtda shifo topib, uyiga kuzatilgandi. 5-iyuldan boshlab O‘zbekistonda yangi tartib kuchga kirdi. Endi kasallik alomatlarsiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 10 020 nafar bemordan 6584 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 65 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich 29-iyundan 4-iyulgacha 66 foizni tashkil etayotgandi. Ayni paytda davolanish ko‘rsatkichi may oyining boshidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib qoldi.

17-iyun kuni shifoxonalardagi bemorlar soni birinchi marta 1500 nafardan oshgandi23-iyunda ularning soni 2000 nafardan, 28-iyunda 2500 nafardan, 2-iyulga kelib esa shifoxonadagi bemorlar soni 3000 nafardan oshdi. Ayni vaqtda shifoxonalardagi 3402 nafar bemordan 2931 nafari Toshkentda davolanmoqda (Sirdaryo viloyatidagi bemorlar ham Toshkent shahriga o‘tkazilgan). Qolgan 471 nafar bemor mamlakatning 10 hududidagi shifoxonalarda davolanmoqda.

Qoraqalpog‘istonda 9, Namanganda 15, Xorazmda 23, Andijonda 33, Buxoroda 34, Jizzaxda 38, Navoiyda 43, Qashqadaryoda 82, Samarqandda 93 va Surxondaryoda 101 nafar bemor qoldi. Farg‘ona viloyati koronavirusdan xoli yagona hudud bo‘lib turibdi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Sog‘liqni saqlash vazirligi 5-iyul kuni Toshkentda uch kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini ma’lum qildi. Iyun oyining so‘nggi uch kunida va 3—4-iyul kunlari ham SSV 2 tadan o‘lim holati haqida xabar bergan, ammo bir kunda 3 kishining vafot etishi haqida xabar berilishi shu vaqtgacha kuzatilmagandi. Vafot etganlardan ikki nafari ayollar, bir nafari erkak.

Birinchi o‘lim. Shayxontohur tumanida yashovchi 71 yoshli onaxon M.G. 30-iyun kuni koronavirus aniqlanganligi sababli Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Bemor bundan avval, so‘nggi 10 yil davomida yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib yurgan. So‘nggi bir oy ichida esa rejali gemodializ muolajalarini olishni boshlagan.

Shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan. 71 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 18, O‘zbekistondagi 32-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkentda yashovchi 45 yoshli Z. ismli erkakda bir necha kun davomida koronavirus infeksiyasi alomatlari sezilib, tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik kuzatilgan. Bemor kasallik alomatlariga qaramay shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilmagan, uy sharoitida davolanishda davom etgan.

Oqibatda 2020-yilning 30-iyun kuni Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga o‘ta og‘ir holatda, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan olib kelinib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorga yurak ishemik kasalligi, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi, ikki tomonlama pnevmoniya dastlabki tashxisi qo‘yilgan.

Biroq shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan. 45 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 19, O‘zbekistondagi 33-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Yunusobod tumanida yashovchi, 49 yoshli N.U. ismli ayol bir necha kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, tomog‘ida og‘riq va holsizlik bo‘lishiga qaramasdan shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmagan.

3-iyul kuni bemor xususiy klinikada koronavirusga tahlil topshirgan. Shu kuni ahvoli og‘irlashganligi sababli 7-son shahar klinik shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Unga ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, koma I tashxisi qo‘yilgan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli malakali shifokorlar tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. 49 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 20, O‘zbekistondagi 34-bemor bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi uchala bemorning ham qaysi kuni hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qilmagan. So‘nggi vaqtlarda SSV bemorlar vafot etgan kuniyoq bu haqda ma’lumot bermasdan, 1-2 kundan so‘ng xabar bermoqda. Misol uchun, 27-bemorning o‘limi 2 kundan so‘ng, 28, 29, 30 va 31-bemorlarning o‘limi bir kundan keyin e’lon qilindi.

Iyul oyining ortda qolgan besh kunida SSV 8 ta o‘lim holati haqida xabar berdi (ulardan biri iyun oxirida sodir bo‘lgan). Iyun oyida 8-o‘lim holati 29-sanada e’lon qilingan. Mart, aprel va may oylarida o‘lim holatlari tegishlicha 2, 7 va 6 tani tashkil etgandi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3402 nafar bemordan 25 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni birinchi marta 30 nafardan oshdi. Bir sutka avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 15, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni 9 nafarni tashkil etayotgandi. O‘tgan 24 soat ichida esa 3 nafar bemorning o‘limi haqida ma’lumot berildi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 42 895 nafar, statsionar karantinda esa 25 021 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 236 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 720 nafarga ko‘paydi.