Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida uyida qimorxona tashkil qilib, pul evaziga karta o‘yini o‘tkazgan fuqaroga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi Boborahim Ochilov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Abror (barcha ismlar o‘zgartirilgan) karantin talablariga rioya qilmay, 2020-yilning 3-aprel kuni soat 17:30 da o‘zi yashab kelayotgan uyining mehmonxonasida tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yinini tashkil qilgan. Qishloqdoshlari G‘ofur, Marat, Nodir va Bobur bilan qimor o‘ynayotgan paytda, soat 22:00 da, Abrorning qo‘shnisi Nosir kirib kelib, holatni qo‘l telefoniga tasvirga olgan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, mehmonxonaga IIB xodimlari ikki nafar xolis bilan kirib kelgan. Abror ilgari ham o‘z xonadonida pul evaziga qimor o‘yini tashkil etib, qo‘ni-qo‘shnilarining tinchini buzib kelgani oydinlashgan. Voqea joyidan ikki quti o‘yin kartalari va 320 ming so‘m pul tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Abror sudda o‘z aybiga iqror bo‘lib, qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandi, qari onasi va ikkinchi guruh nogiron akasi borligini, oilaning yagona boquvchisi ekanligini, qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
U Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan aybli deb topilib, uch yil muddatga ozodlikni cheklash bilan jazolangan.
Izoh (0)