Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirusdan vafot etdi. Uning o‘limi 19-iyul kuni qayd etilgan, biroq hozirgacha hech yerda e’lon qilinmagan. Bu haqda shifokorning opasi Mahmuda Murzayevaga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

“Singlim umrining 40 yilini shu ishga bag‘ishladi, shundan 30 yili davomida Chilonzor SEOMda shifokor, keyinroq — bakteriologiya laboratoriyasi mudiri bo‘lib ishladi. Yoshi 60 dan oshgani sabab nafaqaga chiqishini so‘rasak ham, ishini tashlab keta olmasligini, ortga chekinmasligini aytardi. Ishni oxirigacha yetkazib, keyin pensiyaga chiqaman derdi”, — deydi marhumaning singlisi.

Marhoba Ahmedova koronavirusga 13-iyul kuni test topshirgan va natijasini 16-iyul kuni olgan. U COVID-19’ga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlar qatoriga kiritilgan.

Mahmuda Murzayevaning ma’lum qilishicha, uning singlisi pandemiya boshlanganidan buyon deyarli dam olish kunlarisiz ishlagan va aholidan COVID-19’ga test qabul qilgan.

“Singlimdan har kuni kasallar bilan ishlagani uchun koronavirusga test topshirishini so‘radim. Natijada u topshirdi. O‘sha kuni uning qo‘l ostida ishlaydigan shifokorda koronavirus aniqlangan edi. Birinchi safar singlimda virus aniqlanmadi, biroq bir hafta o‘tgach, uning tana harorati ko‘tarila boshladi va navbatdagi test unda COVID-19 borligini tasdiqladi”, — deydi u.

Foto: “Gazeta.uz”

Bundan tashqari, Mahmuda Murzayevaning ta’kidlashicha, kasalxonalardan joyni tanishlar orqali topishga to‘g‘ri kelgan. Olti kun shifoxonada yotgan Ahmedovaning ahvoli og‘irlashgach, uni kislorod apparatiga ulashgan, ammo bu ham yordam bermagan, ayol vafot etgan.

Foto: “Gazeta.uz”

“O‘zingiz ham ko‘rib turibsiz joylardagi rahbarlar mas’uliyatsizlik qilmoqda. Haligacha… U ham mukofotga, e’tirofga loyiq edi, biroq uning rahbariyati… bunda shahar SEOM va Chilonzor SEOM rahbariyati aybdor — hech yerda singlimning o‘limini e’lon qilishmadi… Kech bo‘lsa ham, hammasini joy joyiga qo‘yish kerak”, — deya ta’kidlaydi Mahmuda Murzayeva.

Marhoba Ahmedova “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus oqibatida vafot etgan O‘zbekistondagi 113 bemor hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasi bo‘yicha esa hozirga qadar 106 kishiga COVID-19 qurboniga aylangan.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, hozirda Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi 36 yoshli Daulet Tolibayev koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu holatlar haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi.