Taniqli rejissor Sarvar Karimov Twitter’dagi sahifasida o‘zi va oila a’zolari COVID-19’ga chalingani, otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etganini ma’lum qildi.

Foto: Twitter / @sarvarkarimovic

Bugun dadam qazo qildilar. Koronavirusdan. Lekin tashxis qo‘yilmadi. Bir hafta uyda davoladik. 103 ga telefon qilsak, bemorning isitmasi bo‘lsa, kelolmaymiz deyishdi. Ularni ham tushunaman, na dorisi bor, na himoya vositasi.

Rasmiy statistikaga ishonmang, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!

Davlatga ishonmang. Rasmiylarning barcha gapi yolg‘on. Ishonch raqamlariga telefon qilib tushib bo‘lmaydi, tushsangiz ham boshqa nomerni berib yuboradi. Biz dadamizga bir hafta tez yordam chaqirolmadik. Axiri o‘pkalariga o‘tib ketib, jonlari uzildi. 63 yoshda edilar. 10 kun avval soppa-sog‘ edilar.

Bu gaplarni yozishimdan maqsad — davlat yordamidan umidingizni uzing. Ko‘chaga chiqmang, ayniqsa kattalarni ehtiyot qiling!

Hozir butun oilamiz COVID-19’ga chalingan (rasmiy). O‘zimizni o‘zimiz davolayapmiz, chunki boshqa iloj yo‘q. Duo qilinglar, tuzalib ketaylik. Alloh shifo bersin hammamizga.

Sarvar Karimov

Avval Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayev vafot etgani xabar qilingan, keyinchalik san’atkorning koronavirus bilan kasallanib hayotdan ko‘z yumgani oydinlashgandi.