Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Musa Yerniyazov.

Foto: “Daryo”

Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqidagi xabarlar iyul oyi boshida paydo bo‘lgandi. Ammo o‘shanda Qoraqalpog‘iston rahbariyati bu xabarlarni qat’iy rad etgandi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 18-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqida xabar bergandi. SSV Yerniyazovning ahvolini barqaror deb baholagandi. Musa Yerniyazovda koronavirus infeksiyasi tasdiqlanganidan beri u Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston filiali klinikasida davolangan.

30-iyuldagi AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi Anvar Alimov Musa Yerniyazovning ahvoli og‘irligi va u sun’iy nafas olish apparatiga ulanganini ma’lum qilgandi.

Musa Yerniyazov 1947-yil 20-dekabrda Kegeyli tumanida tug‘ilgandi. U 2002-yildan beri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

“Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlaridan vafot etganlar soni 146 nafarga yetdi.