O‘zbekistonda 11-iyul soat 23:30 dan 12-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 484 ta holat qayd etildi. Bir kun oldingi antirekorddan 2 ta kam holat qayd etildi. Ketma-ket beshinchi kun yangi kasallanish holatlari 400 tadan ko‘p bo‘lmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 12 997 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 219 nafari karantin muassasalarida (xorijdan kelib karantinga olinganlar — 174 nafar, Namangan viloyatida — 17 nafar, Samarqand viloyatida — 17 nafar, Andijon viloyatida — 11 nafar);
  • 265 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 240 nafar, Andijon viloyatida — 17 nafar, Namangan viloyatida — 8 nafar).

Kun davomida 5 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 3 tasida aholi orasida ham koronavirus aniqlandi. Aholi orasida 265 ta yangi kasallanish holati kuzatildi. Avval hech qachon aholi orasida buncha ko‘p kasallanish holati kuzatilmagan. Bu antirekord. Bungacha aholi orasidagi eng ko‘p kasallanish holati 10-iyul kuni kuzatilgandi, o‘sha kuni aholi orasidagi 195 kishida kasallik aniqlangan.

Toshkent shahrida aniqlangan 240 ta holatning barchasi aholi orasida qayd etildi. Bu ko‘rsatkich ham antirekord hisoblanadi. Ilgari Toshkent shahrida kunlik kasallanish holatlari ham 200 tadan oshmagandi, aholi orasidagi holatlarni gapirmasa ham bo‘ladi. Poytaxtda bungacha eng ko‘p kasallanish holati 7-iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni 195 kishida kasallik aniqlangandi. 9—12-iyul kunlari Toshkent shahrida aniqlangan kasallanish holatlarining 599 tasi aholi orasida va bor-yo‘g‘i 8 tasi karantindagilar orasida qayd etildi.

Andijon viloyatida aniqlangan 28 ta holatdan 11 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 17 tasi esa aholi orasida qayd etildi. Iyul oyi Andijonda eng ko‘p koronavirus bemorlari aniqlangan oy bo‘ldi. 1-iyuldan beri viloyatda 175 kishida kasallik aniqlandi. Ushbu holatlarning 43 tasi aholi orasida qayd etildi.

Namangan viloyatida qayd etilgan 25 ta holatdan 17 tasi karantindagilar orasida, 8 tasi aholi orasida aniqlandi. Namanganda may, iyun va iyul oylarida bir kunda 25 kishida kasallik hozircha qayd etilmagandi, lekin 9 va 10-iyul kunlari 24 tadan holat aniqlangandi. Namangan viloyati Toshkent shahri, Buxoro va Samarqand viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 400 nafardan oshgan to‘rtinchi hudud bo‘ldi. Iyul oyining o‘zida Namanganda koronavirusga chalinganlar soni 103 nafarga (25 foiz) ko‘paydi.

Samarqand viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 17 kishida kasallik aniqlandi. Samarqandda 5 kundan buyon uzluksiz ravishda yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Hozirda Samarqand Toshkentdan so‘ng kasallanganlar soni 600 nafargan oshgan ikkinchi hudud bo‘ldi. Iyul oyida Samarqand kasallar soni bo‘yicha Buxorodan o‘tib ketdi. 12 kun ichida Samarqandda 154 kishida koronavirus qayd etildi.

Toshkent viloyatida iyul oyining boshidan 7-iyulgacha aholi orasida 78 kishida kasallik aniqlandi. Biroq shundan so‘ng hozirgacha aholi orasida ham, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida ham yangi holatlar qayd etilmadi. Toshkent viloyatida 7-iyuldan so‘ng faqat xorijdan kelib karantinga olinganlar va xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari (bular ham aslida xorijdan kelgan) orasida koronavirus aniqlanmoqda.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

12-iyul kuni Toshkent shahrida yashovchi uch ayolning koronavirus asoratlaridan vafot etgani haqida xabar berildi. Ketma-ket uch kundan buyon 3 nafardan bemorning vafot etayotgani haqida xabar berilmoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashagan 53 yoshli M.K. ismli ayol Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida davolangan (vazirlik axborotida ayol aynan qachon kasalxonaga joylashtirilgani aytilmagan). Unga COVID-19 og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Ayol shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya hamroh kasalliklari bilan og‘rigan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. 53 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent shahridagi 32, O‘zbekistondagi 58-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. 7-iyul kuni Chilonzor tumanida yashovchi 76 yoshli V.T. ismli ayol va uning o‘g‘lida koronavirus tasdiqlanganidan so‘ng uyiga maxsus tez tibbiy yordam guruhi kelgan. Ammo bemorda kasallik belgilari bo‘lsa-da, shifoxonada statsionar holatda davolanish rad etilgan, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

11-iyul kuni bemorning ahvoli og‘irlashganligi sababli Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. U yerda unga COVID-19’ning og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligining 2-darajasi, yurak va bosh miya tomirlari aterosklerozi, dissirkulyator ensefalopatiyaning 2-darajasi, 12 barmoqli ichak yarasi kasalligi kabi hamroh kasalliklari bo‘lgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. 76 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent viloyatidagi ikkinchi, O‘zbekistondagi 59-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 65 yoshli M.X. ismli ayolda so‘nggi ikki haftada tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, yo‘tal kuzatilib, uyida davolangan. Tana harorati tushmagach, COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan.

Bemor Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. 65 yoshli ayol koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent viloyatidagi uchinchi, O‘zbekistondagi 60-bemor bo‘ldi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlardan 43 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Kasallikdan davolanish

O‘zbekistonda ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni birinchi marta 5 mingdan oshdi. Aprel oyining ikkinchi yarmida shifoxonalardagi bemorlar soni 1300 nafardan ko‘p bo‘lgandi. Shundan so‘ng sog‘ayganlar soni yangi kasallanganlar sonidan ko‘payishi ortidan shifoxonadagi bemorlar soni kamaya boshladi. 28-aprel kuni bemorlar soni 1000 nafardan kamaydi, 18-mayda esa 464 nafar bemor qolgandi. Davolanish ko‘rsatkichi 82 foizga yetib, koronavirusdan xoli hududlar soni ham oshib borayotgandi.

Karantin cheklovlari yengillashtirilib, xorijdan charter reyslar soni ko‘paytirilgach, bemorlar soni ham ko‘payishni boshladi. Hozirda kasallik qayd etilgan 5085 kishi shifoxonalarda va uy sharoitida koronavirusdan davolanmoqda.

Shu bilan birga, ushbu bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz kechayotgani ham ma’lum qilinmagan. Ma’lumot uchun, 5-iyuldan boshlab O‘zbekistonda koronavirus infetsiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlar uy sharoitida davolanishi mumkin, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

12-iyul davomida 129 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Ulardan 121 nafari Toshkent shahri, 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 3 nafari Buxoro va 1 nafari Navoiy viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi. Toshkentda kasallikdan sog‘ayganlar soni 5 mingdan oshdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 12997 nafar bemordan 7852 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 60 foizni tashkil etmoqda. Uch kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkichlar 1 foizdan tushib bormoqda. Oxirgi marta 2-may kuni davolanish ko‘rsatkichi 60 foiz bo‘lgandi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 50 253 nafar, statsionar karantinda esa 25 482 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. 7-iyuldan beri birinchi marta karantindagilar soni haqida ma’lumot berildi. Oxirgi ikki oy ichida uy karantinidagilar soni birinchi marta 50 mingdan oshdi.