Samarqand viloyatida giyohvand vositasi savdosi bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olingan, so‘ngra unda koronavirus kasalligi borligi aniqlangan, deya xabar beradi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Qayd etilishicha, 2020-yilning 10-iyul kuni soat 12:30 da IIB xodimlari tomonidan Samarqand shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 38 yoshli U.D. 0,59 gramm gashish giyohvandlik vositasini 500 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotgan vaqtida ushlangan. Tadbirda ishlatilgan 250 000 so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (Ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasini o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha U.D.ga tegishli modda bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ammo dastlabki tergov jarayonida U.D. COVID-19 kasalligi bilan xastalanganligi aniqlanib, zudlik bilan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasiga almashtirilgan va U.D. karantinga olingan.