Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan viloyat aholisiga murojaat yo‘lladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Viloyat hokimining qayd etishicha, koronavirus infeksiyasiga chalinish holatlari viloyatda so‘nggi kunlarda keskin o‘sib bormoqda. Xususan, keyingi bir haftada viloyatda 217 kishida mazkur xastalik aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 2-fevralidan shu kunga qadar chet eldan charter reyslari hamda chegara postlari orqali mamlakatga olib kelingan jami 70 mingga yaqin fuqaro karantin zonalariga joylashtirilgan.

“Jumladan, ayni paytda Yuqori Chirchiq karantin poligonida 14 830 nafar fuqaro statsionar sharoitda tibbiy kuzatuvga olingan. Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda boshqa tibbiyot muassasalarida esa jami 563 nafar fuqaro karantin muddatlarini o‘tamoqda. Yana 8 mingdan ziyod fuqaro uy sharoitida karantinda qolmoqda”, — deyiladi murojaatda.

Hokimning ta’kidlashicha, Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolardan 966 nafarida koronavirus kasalligi tasdiqlangan bo‘lib, shundan 586 nafar fuqaro sog‘ayib, tibbiy reabilitatsiya markazlariga va yashash manzillariga jo‘natildi. Bugungi kumda viloyatdagi tibbiyot va karantin muassasalarida 49 nafar shifokor, 836 nafar hamshira, 690 nafar kichik tibbiy va texnik xodim, jami 1574 kishi bu kasallikka qarshi kurash olib bormoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 10-iyul kuni soat 00:01 dan boshlab har qanday transport vositalarida Nurafshon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Nurafshon shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan, viloyat tuman va shaharlariga chiqish to‘xtatildi.

Nurafshon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Nurafshon shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga, Nurafshon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, viloyat boshqarma, idora va tashkilotlarida mehnat qilayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Rustam Xolmatovning bildirishicha, viloyatda koronavirus pandemiyasining hudud iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida alohida shtab faoliyat olib bormoqda. Iqtisodiy blok xodimlari tadbirkorlik subyektlari bilan doimiy muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganib bormoqda. Viloyatda aksariyat ko‘ngilochar, sport, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari, oziq-ovqat va buyum bozorlari faoliyati to‘xtab qolgani bilan barcha ishlab chiqarish korxonalari, oziq-ovqat bilan savdo qiluvchi nuqtalar, dorixonalar, tibbiyot maskanlari faoliyatini davom ettirmoqda. Aynan shu muassasalarda faoliyat yurituvchi fuqarolarning bir hududdan ikkinchi hududga kirishi yoki chiqishi uchun sharoitlar yaratilgan.

“Viloyatdagi barcha ishlab chiqaruvchi — bu sanoat korxonalarimi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarmi, issiqxonalarmi, to‘qimachilik sanoati korxonalarimi yoki istalgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun yuk tashuvchi avtomashinalar viloyat hududida hech qanday ruxsatnoma va to‘siqlarsiz harakat olib bormoqda”, — deyiladi viloyat rahbari murojaatida.

Qayd etilishicha, viloyat hokimligi, viloyat iqtisodiyot, moliya, soliq boshqarmalari xodimlaridan iborat maxsus guruh tomonidan hozirda koronavirus pandemiyasidan aziyat chekkan tadbirkorlar uchun soliq ta’tillari yoki imtiyozlari berish bo‘yicha arizalar qabul qilinmoqda.

Shuningdek, barcha tijorat banklari tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha to‘lovlar muddatlarini uzaytirish choralarini ko‘rmoqda. Bugungi kunga qadar 7142 nafar tadbirkor va 135 ming nafardan ortiq jismoniy shaxsning 1,49 trillion so‘mlik kredit muddatlari uzaytirib berildi.

“Tibbiy niqoblar, antiseptik vositalar ham dorixonalarimizda yetarli. Ularni ishlab chiqarish uchun barcha resurslar o‘zimizda mavjud, ularni tayyorlash va markazlashgan holda dorixonalar va savdo nuqtalariga yetkazib berishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi” , — deydi hokim o‘z murojaatida.

Ta’kidlanishicha, viloyatdagi 20 mingdan ortiq fuqaro kam daromadli va ijtimoiy himoyaga muhtojligi inobatga olingan holda “Saxovat va ko‘mak” loyihasi tashkil etilgan. Karantin davrida ijtimoiy ahvoli og‘irlashgan, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan hamda nogironligi mavjud bo‘lgan oilalarga tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan 2,9 milliard so‘m miqdoridagi ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi va bu jarayon bundan buyon ham izchil davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, joylarda belgilangan qoidalarga amal qilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilganini ta’kidlagandi hamda 10-iyuldan boshlab karantin cheklovlari kuchaytirilishi munosabati bilan viloyat rahbarlariga aholiga murojaat qilish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev o‘zlari rahbarlik qiladigan hududlar aholisiga murojaat qilgani haqida xabarlar berilgandi.