O‘zbekistonda 15-iyul soat 23:30 dan 16-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 485 ta holat qayd etildi. 8-iyuldan beri bemorlar soni muntazam ravishda 400 nafardan oshmoqda, 13-iyulda esa 594 kishida virus aniqlanib, antirekord o‘rnatilgandi. Yangi aniqlangan holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 15 066 nafarni tashkil etmoqda.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 97 nafari xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida;
  • 349 nafari koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida (Toshkent shahrida — 245 nafar, Surxondaryo viloyatida — 35 nafar, Toshkent viloyatida — 34 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 17 nafar, Namangan viloyatida — 9 nafar, Navoiy viloyatida — 6 nafar, Farg‘ona viloyatida — 3 nafar);
  • 39 nafari aholi orasida (barchasi Toshkent shahrida) aniqlangan.

Kun davomida 7 ta hududda koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Ushbu hududlardan faqat Toshkent shahrida aholi orasida kasallanish holati qayd etildi.

Toshkent shahrida kun davomida 284 ta yangi holat qayd etildi. Ushbu holatlarning 245 tasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida, 39 tasi aholi orasida aniqlandi. Bir kunlik tanaffusdan so‘ng poytaxtda yana aholi orasida kasallikni yuqtirib olish holati qayd etilishni boshladi. Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan 15-iyul kuni aholi orasida yangi holatlar aniqlanmagandi.

Yig‘ilishdan so‘ng Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga hayfsan e’lon qilindi. Shu farmoyishda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini ketayotgani ta’kidlangan.

Hayfsan olgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 16-iyul kuni Ibn Sino nomidagi 1-sonli shahar klinik shifoxonasida bo‘lib, undagi sharoitlar bilan tanishdi hamda COVID-19 bilan xastalangan fuqarolarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi. Hokim Toshkent shahar Tez tibbiy yordam xizmati dispetcherlik markazida ham bo‘lib, kelib tushayotgan murojaatlarning qabul qilinish jarayonini ko‘zdan kechirgan.

Surxondaryo viloyatida kun davomida aniqlangan 35 ta holatning barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida qayd etildi. Iyul oyining o‘zida viloyatda 157 kishida kasallik aniqlandi. Bu Surxondaryoda aniqlangan barcha kasallanish holatlarining 61 foizi deganidir.

Toshkent viloyatida iyul oyining boshidan 7-iyulgacha aholi orasida 78 kishida kasallik aniqlandi. Biroq shundan so‘ng hozirgacha aholi orasida ham, koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida ham yangi holatlar qayd etilmayotgandi. Toshkent viloyatida 7-iyuldan so‘ng faqat xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida koronavirus aniqlanayotgandi (faqat 9-iyul kuni xalqaro yuk tashuvchi mashina haydovchilari orasida 7 ta holat qayd etildi, aslida bular ham xorijdan kelgan). 8 kun davomida Toshkent viloyatida yangi holatlar qayd etilmadi. Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Toshkent shahri va viloyatida koronavirus bemorlari va qurbonlari ko‘payayotgani sababli yig‘ilish o‘tkazgach, Toshkent viloyatida 16-iyul kuni koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 34 ta holat qayd etildi. Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda Toshkent viloyatida 15-iyul holatiga ko‘ra 1498 kishi kasallanganligi aytilgandi, endi kasallanganlar soni 1532 nafarni tashkil etmoqda.

Qoraqalpog‘istondagi 17 ta holat koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Iyul oyida mazkur hududda kasallanganlar soni 101 nafarga ko‘paydi, bu ushbu hududdagi jami kasallanishlarning 40 foiziga teng.

Namangan viloyatida aniqlangan 9 ta holatning barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida qayd etildi. Viloyatda 12-iyuldan 15-iyulgacha har kuni aholi orasida kasallanish holatlari kuzatilayotgandi. Namanganda iyul oyida 173 kishida koronavirus qayd etildi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 37 foizidir.

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 6 ta holat aniqlandi. Viloyatda 13-iyuldan buyon muntazam ravishda yangi kasallanish holatlari kuzatilmoqda. Navoiy viloyatidagi jami kasallanish holatlarining 23 foizi iyulda aniqlandi.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan 3 ta holat koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlandi. 6-iyul kuni aholi orasida 3 kishida kasallik aniqlanib, Farg‘onaga koronavirus qaytgandi. O‘shandan keyin viloyatda 9, 10 va 13-iyul kunlari ham yangi kasallanish holatlari kuzatilgan va bu kunlarda aholi orasida koronavirus aniqlanayotgandi. 6-iyuldan beri Farg‘onada kasallanganlar soni 21 nafarga ko‘paydi, bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 12 foiziga teng.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

Kun davomida SSV 3 ta o‘lim holati haqida xabar berdi. Shuningdek, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan IIVning yana bir xodimi vafot etgani haqida IIV matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi. Ikki kundan buyon faqat erkaklarning vafot etayotgani haqida xabar berilmoqda.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi 55 yoshli Sh.A. ismli erkak 12-iyul kuni 2-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasidan og‘ir ahvolda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota tuman ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelingan. Ahvoli o‘ta og‘irligi sababli bemor zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan hamda sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, qandli diabet, surunkali buyrak yetishmovchiligi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, u o‘tkir nafas, surunkali jigar-buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. Koronavirusga chalingani tasdiqlangan yana bir ichki ishlar organi xodimi 12-iyul kuni vafot etgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov “Daryo”ga ma’lum qildi.

“IIV rahbariyati va shaxsiy tarkibi Toshkent shahar Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash guruhi katta mutaxassis-muhandisi podpolkovnik Abdulaziz Abduvahobovich Toshevning vafoti munosabati bilan marhumning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi”, — deyiladi IIV matbuot xizmati tomonidan 16-iyul kuni e’lon qilingan ta’ziyanomada.

Foto: IIV

IIV matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, podpolkovnik Abdulaziz Toshev boshqa kasallikdan davolanish maqsadida kasalxonaga yotqizilgan, u davolanish davomida koronavirusga ham test topshirgan va test musbat natija bergan. Podpolkovnik Toshev 15-iyul kuni 42 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

Ushbu o‘lim holati haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi tunda axborot berdi.

“Toshkent viloyatining Toshkent tumanida yashovchi 42 yoshli fuqaro T.A. ismli erkak shu yilning 29-iyunidan 12-iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining jarrohlik bo‘limida o‘tkir pankreatit, o‘t qopi jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash amaliyoti, gemoragik pankranekroz, oshqozonosti bezini drenajlash tashxisi bilan davolangan. Shuningdek, bemordan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan.

Unga o‘tkir total yog‘li pankreonekroz, o‘tkir xoletsistit, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabet kabi hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida tibbiyot mutaxassislari tomonidan konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, ikki tomonlama pnevmoniyadan vafot etgan”, — deyiladi SSV xabarida.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi 53 yoshli Sh.A. ismli erkak 6-iyul kuni holsizlik, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, hansirash paydo bo‘lgach, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan va bemorda COVID-19 tasdiqlangan. Shundan so‘ng u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolanishni boshlagan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda, shuningdek, yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning 2-turi, semizlikning 2—3-darajasi borligi ham qayd etilgan.

So‘nggi kunlarda bemorning ahvoli yomonlashgan, zudlik bilan o‘pka, yurak reanimatsiyasi amalga oshirilgan. O‘tkazilgan muolajaga qaramasdan, yurak ritmi tiklanmagan va bemor o‘tkir yurak-qon tomir hamda nafas yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayev koronavirus asoratlaridan vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Uning vafoti haqida 13-iyul kuni xabar berilgandi. SSV unda koronavirus bo‘lganini 16-iyul kuni tasdiqladi.

Foto: Sirdaryo musiqali drama teatri matbuot xizmati

“Guliston shahrida yashovchi 67 yoshli fuqaro A.A. (erkak) tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, umumiy holsizlik sababli COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan. 5-iyul kuni unda COVID-19 tasdiqlangan va shu kuni Toshkent shahridagi Ibn Sino nomli 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

12-iyul kuni o‘tkir nafas yetishmovchiligi hisobiga reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, bemor ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi sababli vafot etdi”, — deyiladi SSV xabarida.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 75 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus asoratlaridan vafot etganlar soni 76 nafarni tashkil etmoqda. “Daryo” 15-iyul kuni Davlat xizmatlari agentligiga tayanib, agentlikning Navoiy viloyati boshqarmasining mas’ul xodimi Adhamjon Dehqonovning koronavirus oqibatida vafot etganini xabar qilgan. Ushbu o‘lim holati hozircha SSV tomonidan tasdiqlanmagan, ammo vazirlik o‘lim holatlarini bir necha kun kechikib berishi holatlari kuzatilmoqda. Podpolkovnik Abdulaziz Toshevning o‘limi 4 kun, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayevning vafoti 3 kundan keyin berilgani bunga misol bo‘la oladi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 6208 nafar bemordan 58 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni birinchi marta 60 nafardan oshib ketdi. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 51,  ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 6 nafarni tashkil etayotgandi.

Kasallikdan davolanish

16-iyul kuni Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 95 nafar, Namangan viloyatida 10 nafar, Qoraqalpog‘istonda 9 nafar, Navoiy viloyatida 7 nafar, Xorazm viloyatida 4 nafar hamda Buxoro viloyatida 3 nafar, jami 128 nafar bemor tuzaldi. Bir kun oldin bemorlar tuzalishi bo‘yicha rekord o‘rnatilib, 16-iyul kungiga nisbatan 200 nafar ko‘p bemor tuzalgandi (o‘shanda 328 nafar bemor ushbu kasallikni yenggan).

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 15 066 nafar bemordan 8783 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 58 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi marta bu qadar past ko‘rsatkich 1-may kuni kuzatilgandi.

Koronavirusdan davolanayotgan bemorlar soni ilk marta 6000 nafardan oshib ketdi. O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunov viloyat aholisiga qilgan murojaatida 60 nafarga yaqin fuqaro birlamchi aniqlangan bemor sifatida uy sharoitida davolanayotganini aytgan.

Ayni paytda 6208 nafar bemordan 5310 nafari Toshkent shahri va viloyatida davolanmoqda. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibulla Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tayyorlangan zaxira koyka-o‘rinlar yetmayapti. “Hozir boshqa profildagi klinikalarning profilini o‘zgartirib, u yerlarga ham bemorlarni yotqizishga majbur bo‘lyapmiz”, — dedi Oqilov.

Prezident 15-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Zangiota tumanida yaqinda ish boshlagan shifoxonadagi joy sonini yana 1000 o‘ringa ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Farg‘onada 13, Xorazmda 21, Jizzaxda 22, Navoiyda 48, Buxoroda 57, Qoraqalpog‘istonda 71, Surxondaryoda 93, Samarqandda 129 va Qashqadaryoda 131, Namanganda 144 va  Andijonda 173 nafar bemor qoldi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi 200 ming qadoqda Yaponiyada ishlab chiqarilgan “Avigan” (“Favipiravir”) dori vositasi keltirildi.

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda xususiy va nodavlat klinikalarga ham COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashi uchun sharoit yaratilishi ma’lum qilindi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 57 365 nafar, statsionar karantinda esa 21 779 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagilar soni 135 nafarga kamaygan bo‘lsa, statsionar karantindagilar soni 41 nafarga ko‘paydi.