Koronavirusga chalingan toshkentlik 62 yoshli bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi 62 yoshli ayol N.A.da 2020-yil 8-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Kasallik o‘tkir nafas hamda yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

“Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi”, — deyiladi xabarda.

Mazkur ayol O‘zbekistonda COVID-19 kasalligi oqibatida vafot etgan 78-bemorga aylandi.

Avvalroq Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi 48 yoshli erkak koronavirusga chalinib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berilgandi. U O‘zbekistondagi koronavirusning 77-qurboni bo‘lgandi.