“Surxon” futbol klubi o‘yinchilari Nuriddin Hasanov va Husniddin G‘ofurov izolyatsiyaga olindi. Bu haqda Professional futbol Ligasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: PFL

Ta’kidlanishicha, futbolchilarda 13-iyul kuni holsizlanish alomatlari sezilgan. Natijada klub shifokori ularni izolyatsiyaga olgan. 14-iyul kuni futbolchilar koronavirusga test topshirgan va 17-iyulda ularda virus borligi aniqlangan.

12-iyul kuni “Surxon” klubi Coca Cola Superliga 9-turi doirasida “Andijon”ga qarshi bahs olib borgan. Husniddin G‘ofurov uchrashuvning 76-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan.

Endilikda “Surxon” va “Andijon” klubi futbolchilari COVID-19 ga test topshirishiga to‘g‘ri keladi. Mazkur jamoalarning navbatdagi o‘yinlari rejasi shundan kelib chiqib o‘zgarishi mumkin.

Avvalroq “Bunyodkor” futbolchisi Islom Qobilov koronavirusga chalingani ma’lum qilindi. PFL “qaldirg‘ochlar”ga jamoaning barcha a’zolaridan oldingan tahlillarni ma’lum qilish majburiyatini yuklagan. “Bunyodkor” bilan o‘yindan so‘ng “Navbahor” futbolchilari ham koronavirus uchun test topshirgan va ularning hech birida infeksiya aniqlanmagan edi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!