O‘zbekistonda 6-iyul soat 23:30 dan 7-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirusga chalinganlar soni 308 kishiga oshdi. O‘zbekistonda ketma-ket 5-kun kunlik kasallanganlar soni 300 nafardan oshmoqda. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 10 670 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 187 nafari karantin muassasalarida (xorijdan kelib karantinga olinganlar — 35 nafar, Toshkent shahrida — 88 nafar, Toshkent viloyatida — 16 nafar, Buxoro viloyatida — 15 nafar, Sirdaryo viloyatida — 15 nafar, Navoiy viloyatida — 12 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 6 nafar);
  • 117 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 101, Toshkent viloyatida — 7, Qoraqalpog‘istonda — 5, Jizzax viloyatida — 2, Qashqadaryo viloyatida — 2);
  • 4 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari orasida (Qoraqalpog‘istonda — 3, Toshkent viloyatida — 1) aniqlangan.

Kun davomida 8 ta hududda yangi kasallanganlar qayd etildi. Ushbu hududlarning 5 tasida aholi orasida koronavirus aniqlandi. Aholi orasida 117 ta yangi kasallanish holati kuzatildi. Iyul oyining o‘zida aholi orasidagi kasallanish holatlari beshinchi marta 100 nafardan oshdi. 7 kun ichida aholi orasida 704 ta yangi holat aniqlandi.

Toshkent shahrida 189 ta yangi holat qayd etildi. Poytaxtda bundan ham ko‘p kasallanish holati roppa-rosa bir oy oldin — 7-iyun kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 195 kishida kasallik aniqlangandi. 7-iyul kuni qayd etilgan yangi holatlarning 88 tasi karantindagilar orasida, 101 tasi aholi orasida aniqlandi. Poytaxtda 4 kun ichida uchinchi marta aholi orasidagi holatlar 100 nafardan oshmoqda — 4-iyul kuni 105 kishida, 6-iyul kuni 101 kishida kasallik aniqlangandi.

Toshkentda iyul oyining boshidan beri 856 kishida koronavirus aniqlandi. O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgandan buyon vodiyning uch viloyati va Jizzax viloyatida aniqlangan holatlarni qo‘shsa ham bundan kam odamda kasallik qayd etilgan. Koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishni muvofiqlashtiruvchi Farg‘ona viloyati shtabi ham viloyatda 6-iyul kuni qayd etilgan 3 ta holatdan 2 tasida fuqarolar koronavirusni Toshkent shahrida yuqtirib olgan degan xulosaga kelgan.

Toshkent viloyatidagi karantin markazlariga xorijdan kelib joylashtirilgan 35 nafar fuqaroda koronavirus tasdiqlandi. Shuningdek, Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida 16 ta, aholi orasida 7 ta, xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida 1 ta holat aniqlandi.

Buxoro viloyatida aniqlangan 15 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida aniqlandi. Viloyatda anchadan buyon bir kunda 15 kishida kasallik qayd etilmayotgandi. Bunaqasi iyun oyida ham kuzatilmagan. Oxirgi marta 1-may kuni Buxoroda bir kun ichida 20 kishida kasallik aniqlangandi. Iyul oyida Buxoroda qayd etilgan 34 ta holatdan 28 tasi karantindagilar orasida, 6 tasi aholi orasida aniqlangan. Hozirda Buxoroda kasallikka chalinganlarning umumiy soni 555 nafarga yetdi.

Sirdaryo viloyatida ham aniqlangan 15 ta holatning bari karantindagilar orasida qayd etildi. Viloyatda oy boshidan beri 50 kishida kasallik aniqlandi. Ulardan 26 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 7 tasi aholi orasida va 17 tasi xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida qayd etildi.

Qoraqalpog‘istonda 14 ta yangi holat aniqlandi. Ulardan 6 tasi karantinga olinganlar orasida, 5 tasi aholi orasida va 3 tasi xalqaro yuk mashinasi haydovchilari orasida qayd etildi. Respublikada 28-iyun va 1-iyul kunlari ham aholi orasida kasallik qayd etilgandi. Bir kun oldin Qoraqalpog‘istondagi shifoxonalarda faqat bir nafar bemor qolib, ushbu respublika koronavirusdan xoli hududga aylanishga yaqin turgandi. Qoraqalpog‘istonda may va iyun oylarida ham bir kunda 14 kishida kasallik aniqlanmayotgandi.

Navoiy viloyatida aniqlangan 12 ta holatning barchasi karantindagilar orasida qayd etildi. Navoiyda 11-iyun kuni aholi orasida 18 ta kasallanish holati qayd etilganidan so‘ng viloyatda aniqlanayotgan yangi holatlar koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etilmoqda. 15-iyunda 5, 18-iyunda 6, 19-iyunda 4, 24-iyunda 5 va 27-iyunda 3, 2-iyul kuni 6 (Navoiydagi birinchi o‘lim holati qayd etilgan bemorda ham shu kuni kasallik aniqlangan) va 4-iyul kuni 6 kishida kasallik aniqlangandi.

Jizzax viloyatida aholi orasida 2 ta holat qayd etildi. Jizzax shahar hokimligi xodimlari COVID-19 testidan o‘tkazilganda ularda va rahbariyatida koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. Ammo “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi” Jizzax shahar bo‘limining 1 nafar xodimida COVID-19 infeksiyasi aniqlanganligi sababli “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi” Jizzax shahar bo‘limi va shahar hokimligi binosi karantinga olingan.

Jizzax shahrida karantin talablarini kuchaytirish to‘g‘risida Jizzax viloyat hokimi Ergash Soliyevning qarori qabul qilindi. Shahardagi istirohat bog‘lari faoliyati to‘xtatiladi va fuqarolarning bog‘ hududiga kirishi taqiqlanadi. Avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz faqat kunning muayyan vaqtida soat 07:00 dan soat 10:00 gacha va soat 17:00 dan soat 20:00 gacha harakatlanishiga ruxsat etiladi. Shuningdek, barcha savdo shoxobchalari, choyxona, restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish joylari, sartaroshxona va go‘zallik salonlari hamda o‘quv kurslari faoliyati karantin tadbirlari tugagunga qadar to‘xtatiladi.

Qashqadaryo viloyatida ham aholi orasida 2 ta holat aniqlandi. Viloyatda oxirgi marta 23-iyun kuni aholi orasida kasallanish holati qayd etilgandi. 5-iyunda viloyatga koronavirus qaytganidan so‘ng, asosan karantindagilar orasida kasallik qayd etilayotgandi. 5-iyundan 7-iyulgacha Qashqadaryoda qayd etilgan 198 ta holatdan 185 tasi karantindagilar orasida, 13 tasi aholi orasida aniqlangan.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

7-iyul kuni koronavirusdan vafot etgan uch nafar bemor haqida ma’lumot berildi. Ulardan ikki nafari erkaklar, bir nafari ayol.

Birinchi o‘lim. Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi 61 yoshli O.N. 27-iyun kuni koronavirusga chalingan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganligi sababli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va davo muolajalari boshlangan.

Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi asorati bilan kechgan. Bemor bundan avval surunkali buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, o‘tkir miokard infarkti bilan ham og‘rigan.

Shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 61 yoshli ayol koronavirusdan vafot etgan Samarqanddagi 3, O‘zbekistondagi 38-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi, 79 yoshli X.B. ismli erkak 19-iyun kunidan tana harorati ko‘tarilib, yo‘tal bezovta qilgan. Shunga qaramay, mutaxassislarga murojaat qilmasdan bir hafta davomida uyida davolangan.

2-iyul kuni esa birinchi marotaba oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan. Fuqarodan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va xonadonida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan. Unga COVID-19, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, parkinsonizm kasalligi tashxisi qo‘yilgan.

Shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi. 79 yoshli erkak koronavirusdan vafot etgan Toshkentdagi 24, O‘zbekistondagi 39-bemor bo‘ldi.

Uchinchi o‘lim. Navoiyda yuz bergan ilk o‘lim holati haqida viloyat hokimi Qobul Tursunov ma’lum qildi. Keyinroq Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati bemorning yoshi, jinsi va unga qo‘yilgan tashxis haqida ma’lumot berdi. Ushbu xabarlarni kun oxirida SSV tasdiqladi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Navoiy shahrida yashovchi 38 yoshli X.Sh. ismli erkak 2-iyul kuni koronavirus infeksiyasiga namuna topshirgan va uning kasalligi tasdiqlangan. Bemor shu kunning o‘zidayoq shifoxonaga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, 1—2-darajali nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Qo‘shimcha gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya tashxisi ham qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining 3—4-darajasi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi kabi asoratlar bilan kechgan. Bemor 2019-yildan buyon gipertoniya kasalligi bilan nazoratda turgan.

Shifokorlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi oqibatida vafot etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, vafot etgan bemor “Sanoat qurilish bank”ning Navoiy viloyati filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Xurshid Shabonovdir.

Xurshid Shabonov koronavirusdan vafot etgan Navoiydagi birinchi, O‘zbekistondagi 40-bemor bo‘ldi.

Uchala bemorning ham o‘lim sanasi haqida ma’lumot berilmadi. Qobul Tursunov 6-iyul kuni Navoiy viloyati aholisiga qilgan murojaatida viloyatdagi ilk o‘lim holati kecha sodir bo‘lganini aytgan. Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati xabarida esa 6-iyul kuni bemorning ahvoli o‘ta og‘irlashib qolgani aytilgan. Xabarda, shuningdek, reanimatsion muolajalarga qaramay bemorning biologik o‘limi qayd etilgani ma’lum qilingan. Biroq o‘lim sanasi keltirilmagan. SSV xabarida esa sanalardan faqat bemor shifoxonaga yotqizilgan kun — 2-iyul tilga olingan.

Ketma-ket uchinchi kun O‘zbekiston shifoxonalarida 3 nafardan bemor vafot etayotgani haqida xabar berilmoqda. Iyul oyi boshidan beri SSV 14 nafar bemorning vafot etgani haqida xabar berdi. Iyul O‘zbekistonda koronavirusdan eng ko‘p odam vafot etgan oyga aylandi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 3819 nafar bemordan 24 nafari og‘ir, 13 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir sutka avval ahvoli og‘ir bemorlar 25, ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 13 nafarni tashkil etayotgandi. Bu orada esa 3 kishining vafot etgani haqida xabar berildi.

Kasallikdan davolanish

7-iyul davomida 121 nafar fuqaro sog‘aydi. Ulardan 59 nafari Toshkent shahrida, 54 nafari Qashqadaryo viloyatida, 6 nafari Jizzax viloyatida va 2 nafari Buxoro viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi.

Jizzaxda ikkinchi kun ketma-ket kasallikka chalinganlar shifoxonani tark etmoqda. Jizzaxda bugungacha oxirgi kasallanish holatlari 29-iyun va 2-iyul kuni qayd etilganini hisobga olsak, bemorlar juda tez sog‘aydi desa ham bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyatida iyul oyining o‘zida 99 kishi shifoxonalarni tark etdi. 2-iyul kuni viloyatda 45 kishi koronavirusdan sog‘ayib chiqqandi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 10 670 nafar bemordan 6811 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 63 foizni tashkil etmoqda. Uch kundan buyon bu boradagi ko‘rsatkichlar 1 foizdan tushib bormoqda. Davolanish ko‘rsatkichi may oyining boshidan beri eng past ko‘rsatkichga tushib qoldi.

Ayni vaqtda 3819 nafar bemordan 3312 nafari Toshkentda davolanmoqda. Farg‘onada 3, Jizzaxda 12, Qoraqalpog‘istonda 15, Xorazmda 23, Namanganda 24, Qashqadaryoda 30, Buxoroda 47, Navoiyda 54, Samarqandda 93, Surxondaryoda 94 va Andijonda 113 nafar bemor qoldi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 44 713 nafar, statsionar karantinda esa 25 032 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir sutka avval karantindagilar haqida ma’lumot berilmagandi. 5-iyuldagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslansa, uy karantinidagi fuqarolar soni 1818 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 11 nafarga ko‘paydi. Uy karantinida kuzatuvga olingan fuqarolar soni birinchi marta 44 mingdan oshdi.