Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Sapar Isakov korrupsiyada ayblanmoqda. Undan shaharni tark etmaslik bo‘yicha tilxat olingan. Bu haqda Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga (MXQ) tayanib, “News.tj” xabar berdi.

Foto: Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati

Isakovga nisbatan ayblov Bishkek issiqlik elektrostansiyasini (IES) modernizatsiya qilish borasidagi jinoyat ishining tergovi doirasida e’lon qilingan.

“Aniqlanishicha, u 2013-yilda Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlab yurgan kezlarida ‘Bishkek shahri issiqlik elektrostansiyasini modernizatsiya qilish’ loyihasining amalga oshirilish vaqtida o‘zining siyosiy mavqeidan foydalanib, bir guruh shaxslar bilan birgalikda oldindan rejalashtirilgan harakatlar orqali pudratchini tanlov asosida tanlab olish uchun xorij kompaniyasining manfaatlarini ilgari surgan. Buning oqibatida  davlat va jamiyat mulkiga katta miqdorda zarar yetgan”, — deyiladi xabarda.

IESning modernizatsiyasi bo‘yicha Sapar Isakov uch bora MXQga chaqirilgan, biroq sobiq bosh vazir “hech qachon korrupsiyaga aloqador bo‘lmaganligi sabab” o‘zining ushlab turilishiga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidlagan.

“Sobiq bosh vazir, fuqaro va sobiq bo‘lim boshlig‘i lazomida men savollarga javob berishim kerak. Meni ushlab turishlaridan xavotirim yo‘q. Chunki ushlab turishlari uchun asos bo‘lishi kerak. Masalan, fuqaro qonunni buzishi kerak. Men esa tozaman”, — deydi Isakov.

Eslatib o‘tamiz, Sapar Isakov Qirg‘iziston bosh vaziri etib 2017-yilning avgusti oxirida tayinlangandi. Aprel oyining o‘rtasida parlamentning uchta muxolif fraksiyasi hukumat ishining yuzasadagi hisbotni qoniqarsiz deb topganidan so‘ng, 19-aprel kuni prezident So‘ronbay Jeenbekov bosh vazir Sapar Isakovni iste’foga chiqarish borasidagi qarorga imzo chekkan edi.

Bishkek IESda 2018-yilning yanvarida avariya sodir bo‘lgandi: bir nechta qozon ageregatlari ishdan chiqqan. Aholining uylaridagi harorat 8—10 darajaga qadar tushib ketgan edi.