Daryo

Abdulla Aripov Qirg‘iziston hukumati rahbari bilan uchrashdi. Chegaradagi mojaro aybdorlari javobgarlikka tortiladi

Qirg‘iziston hukumati axborotiga ko‘ra, uchrashuvda “tomonlar chegarada sodir bo‘lgan voqeadan afsusdaligini bildirgan”

1 daqiqa o‘qish107 458 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Qirg‘iziston hukumati

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1-iyun kuni soat 9:00 da Qirg‘iziston hukumati rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Kubatbek Bo‘ronov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, uchrashuv Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi “Chechme-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lib o‘tgan.

Foto: Qirg‘iziston hukumati

TIV axborotida qayd etilishicha, uchrashuvda tomonlar transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va chegarada yuzaga keladigan muammolarni do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhida, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 2017-yil 6-oktabrda imzolangan Chegara hududida ishonch choralari bo‘yicha Bitim qoidalariga muvofiq hal qilishga kelishib olgan.

“Hukumat rahbarlari yaqin vaqt ichida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va O‘zbekistonning chegaradosh viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi hududlaridagi vakolatli vakillari Kengashini o‘tkazishga ham kelishib oldi”, — deya qo‘shimcha qilingan TIV axborotida.

Qirg‘iziston hukumati axborotiga ko‘ra, uchrashuvda “tomonlar chegarada sodir bo‘lgan voqeadan afsusdaligini bildirgan”. Qo‘shimcha qilinishicha, uchrashuvda tomonlar tergov-surishtiruv tadbirlarini birgalikda o‘tkazishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga kelishib olgan.

Mavzuga doir: Foto: Bosh vazir Abdulla Aripov So‘xda aholi bilan uchrashdi

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar