Bishkek sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni katta ta’sirga ega bo‘lgan jinoyatchi Aziz Batukayevni qamoqdan ozod qilish bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: “Vedomosti”

Sud qaroriga ko‘ra, Almazbek Atambayev korrupsiya tashkil qilishda aybdor deb topilgan va unga nisbatan 11 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, davlat mukofotlaridan mahrum etish va mulkni musodara qilish jazolari tayinlangan.

Avvalroq Qirg‘izistonda prokurorlar Atambayevga 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni taklif etgani haqida xabar berilgandi.

Almazbek Atambayev 2011—2017-yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan.

2019-yilning iyun oyidan Atambayev daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan. Bunga Qirg‘iziston parlamenti deputatlari tomonidan sobiq prezidentga qarshi ilgari surilgan va mamlakat Bosh prokuraturasi tomonidan asosli deb topilgan korrupsiya va noqonuniy boylik orttirish bo‘yicha ayblov sabab bo‘lgan.

Qirg‘iziston huquqni muhofaza qiluvchi idoralari 2019-yilning avgust oyida Atambayevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi rezidensiyasini shturm bilan egallagan. Sobiq prezidentning tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan, har ikki tomondan taxminan 200 kishi jarohat olgan, maxsus topshiriqlar bo‘yicha harbiy halok bo‘lgan. Atambayev qo‘lga olingan va korrupsiyada ayblangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Sapar Isoqov korrupsiyada ayblanib 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.