Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtdagi uyini yoki kvartirasini boshqa fuqarolarga ijaraga beruvchi insonlarga murojaat yo‘lladi.
Bugungi kun barchamiz uchun sinov. Ana shunday sinovli kunlarda barchamiz bir-birimizni har qachongidan-da ko‘proq qo‘llab-quvvatlab, yordamimizga muhtoj kishilarga qo‘l cho‘zishimiz, og‘irini yengil qilib, ko‘mak berishimiz kerak. Kuch birlikda! Bugun bir bo‘lib, jipslashib, dunyo gardaniga tushgan dardni yengishimiz shart.Shahrimizda ijarada yashayotgan fuqarolarimiz bor. Ular orasida olis manzildan kelib yashayotganlar ham bor. Ular bugun karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘z oilalari bag‘ridan uzoqda, ijara uylarda yashamoqda. Vaqtincha ishlay olmayotganlari ham bor. Bunday sharoitda ularga oson tutib bo‘lmaydi. Bir tomondan ijara pulini to‘lash, bir tomondan oilalarini ehtiyot qilish, ro‘zg‘or tebratish mas’uliyati yelkalarida turibdi.
Shu bois men ijara beruvchilarga shunday sinovli kunlarda sabrli bo‘lib, ularning holatini to‘g‘ri baholashni, ijara pulini vaqtincha talab qilmay turishlarini so‘ragan bo‘lardim. Vaqtinchalik to‘lanmagan ijara haqi esa keyinchalik to‘lab berish sharti bilan ijarada turuvchi fuqarolarga taqdim etilsa, fikrimcha, adolatli bo‘ladi. Sinovli kunlarda o‘zaro ishonch, hamjihatlik ham juda muhim.
Shuni bilingki, bu kunlar unutiladi, ammo yaxshilik unutilmaydi!
Jahongir Ortiqxo‘jayev, Toshkent shahar hokimi
Izoh (0)