Moskvaning VDNX ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni asl holiga keltirilmoqda. Bu haqda "Mir 24" telekanali xabar berdi.
Sovet ittifoqi davrida ko‘rgazmadagi 66-pavilon O‘zbekiston uchun ajratilgan va bu yerda respublika xalq xo‘jaligi yutuqlari namoyish qilingan.
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan MGIMO bitiruvchilari forumida Rossiya madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy ushbu pavilon O‘zbekistonga foydalanish uchun muddatsiz berilishini ma’lum qilgandi.
Pavilon binosi 1950-yillarda Moskvada keng tarqalgan “Stalin ampiri” hamda o‘zbek milliy me’morchiligi aralashmasi uslubida qurilgan. Ushbu pavilon o‘z vaqtida VDNXning eng chiroyli binolaridan biri bo‘lgan, lekin keyinchalik qarovsiz qolgan.
2017-yilda pavilon Moskva shahar meriyasi ixtiyoriga topshirilganidan so‘ng bu yerda keng qamrovli restavratsiya ishlari boshlab yuborildi. Restavratorlar ushbu pavilonni eski holatiga keltirishga harakat qilmoqda. Ular bu yerdagi o‘yma eshiklar haqiqiy san’at asari ekanligini ta’kidlaydi.
VDNX ma’muriyati ta’mirlash ishlari yil oxiriga qadar yakuniga yetishiga umid qilmoqda.
Izoh (0)