• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12965.34
    • RUB161.34
    • EUR14525.07
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +22°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    O‘zbekiston

    Andijonda “selektorga kelmaydigan” maktab direktori ishdan olindi. O‘qituvchi va ota-onalar bundan norozi

    “Daryo” tahririyatiga Andijon viloyatining Xonobod shahridagi 2-umumta’lim maktabining bir guruh o‘qituvchilari nomidan murojaat kelib tushdi. Unda qayd etilishicha, 2016-yildan beri mazkur muassasaga rahbarlik qilib kelayotgan Gulnoraxon Ahmedovaga nisbatan shahar xalq ta’limi bo‘limi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimlari o‘ta jiddiy bo‘lmagan va isbotlanmagan ayblovlar qo‘ygan. Direktor oxiri lavozimidan ketishga rozi bo‘lib, ariza yozgan. O‘qituvchilar esa direktordan ayrilishni istamayapti. “Daryo” muxbiri mazkur murojaat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.

    Foto: “Daryo”

    “Direktor talabchanligiga o‘qituvchilar chidolmabdi-da!”

    Andijon shahridan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan Xonobod shahriga yo‘l olar ekanman, avtoulovdagi hamrohlarim bilan turli mavzularda gurunglashib ketdik. Kasbim jurnalist ekanligi, shahardagi 2-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari nomidan yozilgan xatga asosan jurnalistik surishtiruv o‘tkazish uchun ketayotganimni aytdim. Andijon san’at kollejida tahsil olayotgan 20 yoshlar chamasidagi qiz “Men o‘sha maktabda o‘qiganman. Gulnora Alibekovna juda ham “zakonchi” ayol edi. Har bir ishga qonunan yondashardi, juda talabchan edi. Direktor bo‘lgach, uning bu xarakteriga oxiri jamoasidagilar ham chidolmay, opadan bezib, ishdan bo‘shatishda yordam so‘rab, sizlarning saytlaringizga murojaat qilishibdi-da”, deya fikr bildirdi. Unga mening so‘zlarimni noto‘g‘ri tushunganligini, o‘qituvchilar aksincha, direktorni o‘z ishini yana davom ettirishini talab qilib, aniq hujjatlarga asoslanmay ishdan bo‘shashiga majbur bo‘lganligi va shu holatga oydinlik kiritib, maktabdagi asl holat qandayligiga guvoh bo‘lishimizni so‘rab bizga murojaat qilganligini aytdim. Buni eshitgan hamrohim yelkasini qisib, ajablandi...

    “Aybim – qonuniy ishlaganim”

    2-umumta’lim maktabiga borgach, o‘ndan ziyod o‘qituvchi va ota-onalar bilan suhbatlashdik. Direktorning aytishicha, uning onasi, qaynonasi ham shu maktabda yosh avlodga saboq bergan. Hozirda nafaqada bo‘lgan qaynotasi ham ushbu dargohda jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Rus tili mutaxassisligiga ega Gulnora Ahmedova institutni tamomlagach, dastlab bir necha yil o‘zi o‘qigan shu maktabda ishlagan. 1999–2009-yillarda hozirgi Xonobod servis ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida rus tili fanidan dars bergan. 2014-yilgacha oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, 2014-yilning yanvaridan ushbu maktabda oddiy o‘qituvchi sifatida ish boshlaydi. 2016-yilning 1-avgustidan esa direktor etib tayinlanadi.

    Gulnora Ahmedova.

    Gulnora Ahmedova.
    Foto: “Daryo”

    “Xabaringiz bor, har yili may oyida Xonobodda katta festival o‘tkaziladi. 2017-yilning aprelida – festival bo‘lib o‘tishi arafasida shahar hokimi yig‘ilishda maktab direktorlariga gullar uchun pul yig‘ish kerakligini aytdi. Oldin hech bunday “yig‘di-yig‘di”larga bosh bo‘lmaganligim uchunmi, bunga rozi bo‘lmadim va “O‘qituvchilardan qanday qilib pul so‘rayman?” dedim. Shu payt hokim men bilan ishlolmasligi va majlisdan chiqib ketishimni aytdi. Nazarimda, o‘sha holatdan keyin hokim meni yomon ko‘rib qoldi. Siz hozir ko‘rib turgan mana bu chala maktab binosi ikki yil oldin ta’mirtalab darajada edi. O‘shanda tadbirkorlar bu eski binoni sotib olib, sex tashkil qilish niyatida yurishgandi. Maktabning 1965-yillarda qurilgan bu qismi hali ancha baquvvat va ta’mirlansa, yana ko‘p yillar mustahkam turishini bilib, bunga ham qarshi chiqdim. Tadbirkorlarga sotilishidan xabar topgan mahalla ahli, ayniqsa, ota-onalardan ko‘pchiligi 2017-yilning yanvarida yuqoriga murojaat xati yo‘llashdi. Shundan so‘ng men hokimlik vakillarining ba’zilariga yana yomon ko‘rinib qoldim. Uch oy o‘tgach, aprelda qizimni poytaxtga davolatgani olib ketdim. Toshkentdan qaytsam, eski bino ta’mirlanayotgan ekan. Bu esa butun jamoani quvontirib yubordi. Ammo mana guvohi bo‘lganingizdek, ta’mirlash ishlari oxiriga yetmay qolib ketdi.

    2018-yil avgust oyida yana qizimni Toshkentga davolatgani olib bordim. U yerdan kelib, faoliyatimni davom ettiraverdim. Selektor yig‘ilishida shahar hokimi orada bir necha marotaba nima sababdan yig‘ilishlarga kirmaganligimni so‘radi. Qonuniy mehnat ta’tilida bo‘lganligim va shu vaqtda farzandimni poytaxtga shifokorlar huzuriga olib borganligimni ta’kidladim. Hokim maktabimiz ozoda emasligini aytdi. Vaholanki, muassasamiz hamisha pokiza bo‘ladi. Shunday qilib, hokim oxiri “Yig‘ilishdan chiqib keting, siz bilan ishlamayman”, dedi. Men ham o‘sha payt jahl ustida u bilan ishlolmasligimni aytdim. Buni tan olaman. Keyingi selektor yig‘ilishi arafasida shahar xalq ta’limi mudiri Roziya opaga qo‘ng‘iroq qildim. U esa “Hokim hovuridan tushguncha, yig‘ilishlarga o‘zingiz kelmay, o‘rningizga o‘rinbosaringizni jo‘natib turing”, dedi. Uning gapiga quloq tutib, o‘rinbosarim Shahnozani yubordim. Bir-ikki safardan keyin menga yig‘ilishga borishim kerakligi haqida umuman xabar bermay qo‘yishdi. Ammo Shahnoza har bir yig‘ilishga borib, kelgach, har dushanba kuni yig‘ilishdagi gap-so‘zlar, yangilik va topshiriqlarni butun jamoa bilan maslahatlashib, vazifalarni bir hafta ichida bajaramiz.

    Shu yilning 12-fevral kuni tushlikdan keyin 14:00 lar chamasida shahar xalq ta’limi mudiri o‘rinbosari Murodjon Hurboyev qo‘ng‘iroq qilib, Roziya opa viloyat xalq ta’limi boshqarmasida ekanligi va meni zudlik bilan boshqarmaga borishligimni tayinlaganligini aytdi. Nima sababdan ekanligini Murodjondan so‘rasam, aniq javob bermay, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining kadrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Hamidillo akani telefon raqamini berdi va u bilan bog‘lanishimni aytdi. Hamidillo akaga qo‘ng‘iroq qilsam, go‘shakni ko‘tarmadi. So‘ng unga o‘zimni tanishtirib SMS yozdim. Birozdan so‘ng menga u kishining o‘zi aloqaga chiqdi. “Hamidillo aka, nima gap? Boshqarmaga nima maqsadda borishim kerakligini ayting? Qandaydir hujjatlarni olaymi o‘zim bilan?” desam, “Yo‘q, hech narsasiz o‘zingiz keling”, dedi. So‘ng kechki soat 17:00 da boshqarma tomon otlandim. Boshqarmaga borib, Hamidillo aka bilan uning xonasida ko‘rishdik. Ikkimizdan tashqari yoshi kattaroq kishi va bir yigit bor edi. Ular Xonobod shahar hokimi selektor yig‘ilishlarga qatnashmayotganligimni qayd etib, viloyat hokimi nomiga xat yozganligi va shunga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yozilgan xatni o‘zimga ko‘rsatmay, o‘qib berishdi. Ularga o‘zim ham shu talabnomani ko‘zim bilan bir o‘qimoqchiman dedim. Ammo bunga rozi bo‘lishmadi. Shahar va viloyat hokimi men bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilinishini istashayotgan bo‘lishsa, nima ham qilardim, deya direktorlik lavozimidan bo‘shashim haqida o‘sha zahoti ariza yozib berdim. Ammo ularning talabnomasida selektor yig‘ilishlariga nima sababdan kirmayotganligim aniq ko‘rsatilmaganligi meni hayron qoldirdi. Bir tomonlama fikrlarga asoslanib, xulosa chiqarishganiga tushunmadim. Men doim jamoamni o‘ylab, himoya qilish maqsadida majburiy mehnat va ortiqcha “yig‘di-yig‘di”larga qarshi chiqqanman. “Zakonchi” ekanligim rost. Haq-huquqimni yaxshi bilaman va doim qonun bo‘yicha ishlayman. Eng katta aybim va xatoim shu xolos”, – dedi Gulnora Ahmedova.

    Maktabning ichki ko‘rinishi.

    Maktabning ichki ko‘rinishi.
    Foto: “Daryo”

    “Yaxshi inson o‘rniga hech qachon yana yaxshi odam kelmaydi”

    “Bu maktabda 20 yildan beri boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ishlayman. Gulnora opa direktor vazifasida ishlayotganidan boshlab, biz jamoadagilarning ko‘ksiga shamol tegdi, desam ishonavering. Avvalgi direktorlar yomon ishlagan, deya olmayman. Ammo ular bizni yanada o‘z ustimizda ishlashga undashda sust edi. Gulnora opa esa bizni doim izlanishga, yangiliklar, zamonaviy texnologiyalar orqali dars o‘tishga undab turadi. Ta’lim sifati ham ancha yuksaldi. Oldinlari xonadagi pechkani o‘zimiz yoqardik, ko‘mir hidi hammayoqni tutib ketardi. Opa direktor bo‘lgach, maktabimizning qozonxonasi, isitish tizimlari ishlay boshladi va doimiy ravishda nazorat qilinadi. Direktorning turmush o‘rtog‘i injenerlik bo‘yicha tajribaga egaligi uchun issiq suvni sirkulyatsiya qiladigan motorlar buzilib qolsa, darrov ustalarni chaqirtirib, sozlatadi. Alisher Zufarovich Sa’dullayev xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritayotgan paytida maktabimizga kelgan va seminar o‘tkazgan. O‘shanda eng chekka hududda shunday maktab borligidan hayron qolganligini bildirgan.

    Biz direktorga juda bog‘lanib qolganmiz. Bizga ijobiy ma’noda tinchlik bermay, hamisha tez-tez ishlash, yangiliklar yaratish va ta’lim sifatini oshirishga chorlab turadi. Maktabimizga yana boshqa direktor keladigan bo‘lsa, u bilan qay darajada chiqishib ketishimizni bilmaymiz. Ammo yaxshi inson o‘rniga hech qachon yana yaxshi odam kelmasligi barchamizga ayon. Biz direktordan rozi bo‘lsak, nima uchun bu ayolni ko‘p sarson qilib, ishidan xato izlashadi. Kamchiliklar hammamizda bor. Ammo asta-sekin ijobiy tomonga o‘zgaryapmiz-ku. Aybi qonunni yaxshi bilgani, Prezident va Sherzod Shermatov tomonidan sohamizda olib borilayotgan o‘zgarishlarni maktabga ham olib kirayotgani xolos. Direktor jinoyat qilmagan, biz o‘qituvchilar bilan urishib, bezillatmagan bo‘lsa, uni qaysi sabablarga ko‘ra ishdan ketishiga undashdi? Aybi bo‘lsa, hujjatlar va aniq faktlar asosida isbotlab berishsin. Mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin, direktorga nisbatan hayfsan, maoshidan 30 foiz ushlab qolish kabi dastlabki jazolarni nima uchun qo‘llashmagan? Selektorlarga kirmagani, direktorlik lavozimini tark etishiga sabab bo‘lmasa kerak?!”, – deydi Muattar Abdurahimova.

    Muattar Abdurahimova.

    Muattar Abdurahimova.
    Foto: “Daryo”

    “Direktorning hissasini unutmaslik shart”

    “Men ham oldin bu maktabda direktor bo‘lib ishlaganman. Rahbar sifatida o‘qituvchilar bilan ishlash juda qiyin. Gulnoraxon shu lavozimida qolishini talab qilayotganligimizning sababi shuki, bu qiz direktor bo‘lganidan so‘ng maktabimizda ijobiy o‘zgarishlar yuksala boshladi. Dargohimizda ta’lim sifatiga e’tibor kuchayayotgani bois oxirgi 3 yil ichida maktab viloyatdagi 700 ga yaqin umumta’lim maktablari orasida 19-o‘ringa yuqoriladi. Oldin yuztalikka ham kirmaganmiz. Shaharda esa toifa borasida ham, ta’lim sifatida ham 1-o‘rindamiz. Ochiq darslar, turli seminarlar muntazam ravishda o‘tkazilib kelinadi. Komissiyalar ham birinchi bo‘lib bizga kelishadi. Bundan sira nolimaymiz. Hamisha har qanday tadbirni o‘tkazishga tayyormiz. Tajribali o‘qituvchilar yig‘ilganmiz. Ammo bunday natijalar ustida biz hamkasblarni birlashtirib, yanada ishlashga chorlayotgan direktor turganligini aslo unutmaslik shart”, – deydi fizika o‘qituvchisi Ra’noxon Mirzayeva.

    “Butun jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”

    “Qonuniy ishlayotgan bu direktorning asossiz ravishda lavozimidan ketishi butun jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Boshqa o‘qituvchilarda “Qonunga rioya qilib, ishlagan direktor shunday jazolansa, biz ham ertaga boshqa usullar bilan jazolanamiz ekan-da”, degan fikr tug‘iladi. Jamoadagilar ham dars sifatiga e’tibor bermay, kun o‘tsinga maktabga kelib-ketadi”, – dedi ota-onalardan vakil Inna Inamova.

    Inna Inamova.

    Inna Inamova.
    Foto: “Daryo”

    Maktab yutuqlari

    Direktor, o‘qituvchi va ota-onalar bilan suhbatlashgach, 1736 nafar o‘quvchi tahsil oladigan maktab faoliyati bilan tanishdik. Filologiya fanlari (ona tili va adabiyoti, rus va ingliz tillari)ga ixtisoslashgan ushbu tayanch maktab jamoasi bir qator yutuqlarga erishgan. Dargohning Olga Toshmatova, Nigora Aliyeva, Muhayyo Umaraliyeva singari o‘qituvchilari “Yil o‘qituvchisi”, “Jivaya klassika”, “Kengru”, “Yurmala” singari tanlovlarda qatnashib, munosib o‘rinlarni qayd etib kelmoqda. O‘quvchilarning aksariyati ham fan olimpiadalari, “Bilimlar bellashuvi” va boshqa tanlovlarda shahar, viloyat bosqichlarida yuqori natijalarga erishmoqda. Maktab sport zali, kutubxona va oshxona ham ko‘ngildagidek faoliyat yuritmoqda.

    Foto: “Daryo”

    Foto: “Daryo”

    Ushbu maktab hududiga MFY binosi va uchastka noziri uchun uy qurilayotganligi bizni ajablantirdi. Maktab binosining eski qismidagi qurilish ishlarining chala holatda, qurilish firmasi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida bino atrofini o‘rab ham qo‘ymagan.

    Foto: “Daryo”

    “Oramizda nizo kelib chiqmagan”

    “2009-yildan beri ushbu mahallaga raislik qilib kelaman. Mazkur maktab bizning hududda joylashgan bo‘lib, shahardagi eng yaxshi maktablardan biri hisoblanadi. O‘rtamizda yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har qanday tadbir o‘tkazadigan bo‘lsak, Gulnoraxon va uning jamoasi yaqindan yordam beradi. Oramizda biror marta ham nizo kelib chiqmagan. Hamkorligimiz natijasida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, o‘z joniga qasd qilish holatlari kuzatilgani yo‘q. MFY binosining maktab hududida qurilayotganiga kelsak, tegishli tashkilot rahbarlari topshiriqlariga asosan amalga oshirilyapti. Qurilish ishlari o‘tgan yili boshlangan”, – dedi “Bunyodkor” MFY raisi Muhammadjon Ablazov.

    Maktab hududiga qurilayotgan MFY.

    Maktab hududiga qurilayotgan MFY.
    Foto: “Daryo”

    “Hayfsan viloyatdan beriladi”

    Surishtiruv davomida shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Roziyaxon Muhitdinova bilan telefon orqali bog‘lanib, bir nechta savollarimizga javob oldik.

    - Roziyaxon opa, maktab faoliyati va jamoa yutuqlari boshqa maktablarga nisbatan ancha ijobiy ekan. Direktorning qaysi xatti-harakati yoxud xatolari sabab unga bunday munosabatlar bo‘lyapti?- Qonuniy berilgan topshiriqlarni to‘g‘ri qabul qilmaydi. Ta’limga oid yig‘ilishlarga kelmaydi. O‘zimiz tomonimizdan beriladigan topshiriqlarni ham bajarmaydi. O‘zicha bitta rahbar sifatida faoliyat yuritadi. Hech kimga bo‘ysunmaydi. Aytaman desak, gaplar ko‘p. Asosiy aytadigan fikrlarimiz shu xolos.

    - Selektor yig‘ilashlari, katta tadbirlarga kelishi uchun shaxsan direktorning o‘ziga yozma xabarnoma yuborganmisizlar?- Yo‘q, qo‘ng‘iroq orqali ogohlantirganmiz.

    - Topshiriqlarni bajarmagan bo‘lsa, o‘zingiz direktorga hayfsan berib, biror marta jazolaganmisiz?- Yo‘q, hayfsan bermaganman. Viloyatdan beriladi.

    - Sizningcha, Gulnora Ahmedovaning o‘rniga boshqa direktor kelsa, maktab nufuzi yanada yuksaladimi yoki pastlaydimi?- Bu maktab azaldan eng yaxshi maktab shaharda. Bilimli, saviyasi yaxshi o‘qituvchilar yig‘ilgan. Kuni uzaytirilgan guruhlar tashkil etib, pulini hisob raqamga tushirmaydi. Oshxona pulini ham o‘tkazmaydi. Davlat tomonidan qilib berishini kutib yuradi. Boqimanda ayol. O‘zini maqtagani bilan hech harakat qilmaydi. Sizga hozir shuni gapiraman xolos.

    - Direktorlik lavozimidan ketish masalasi viloyat hokimi darajasiga chiqishi shartmidi? Gulnora Ahmedovaga yaxshi gapirib, yo‘lga solsangiz bo‘lmasmidi?- Men aytdim-ku, o‘ziga mustaqil shaxs. “GorONO”ga ham kelmaydi. Ariza yozganidan ham bexabarman. Mendan maslahat so‘rasa bo‘lardi. Ishlayotgan direktorni ishdan olish menga ham havas emas. Shaharga kelib xohlagan maktabingizdan so‘rang, bizda “yig‘di-yig‘di”lar, korrupsion holatlar umuman yo‘q.

    - Maktab hududiga MFY binosi va uchastka noziriga uy qurilyapti ekan. Bunga nima deysiz?- Qayerida? Ular maktab hududida emas.

    - Biz borib, holatni ko‘rdik. Maktab hududida ekan.- Azaldan eski binoda joylashgan.

    Maktab hududiga qurilayotgan uchastka nozirining uyi.

    Maktab hududiga qurilayotgan uchastka nozirining uyi.
    Foto: “Daryo”

    Maktab hududiga qurilayotgan uchastka nozirining uyi.

    Maktab hududiga qurilayotgan uchastka nozirining uyi.
    Foto: “Daryo”

    “Uni hech kim hokimiyatdan haydamagan”

    Roziya Muhitdinova bilan suhbatlashgach, Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatbek Buzrukovning mazkur holat yuzasidan fikrlarini olish niyatida uning huzuriga tushrif buyurdik.

    Andijon viloyati XTB.

    Andijon viloyati XTB.
    Foto: “Daryo”

    - Bu ayolning sizlarga murojaati uyushtirilgan holatda bo‘lgan. Ota-onalarni ham uyushtirgan. Keyin viloyat hokimi selektorlarida qatnashmaydi. Hukumat vakili va hokim ta’limga oid o‘tkazgan selektorda qatnashmaslik bo‘yicha vakolati bormi uni?

    - Biz ariza uyushtirilganmi yoki yo‘qmi, bundan bexabarmiz. Murojaatga asosan jurnalistik surishtiruv o‘tkazyapmiz.- Bu uyushtirilgan. Telefondagi gaplarini tegishli idoralar olib beradi. Kuratorimiz ham o‘rgangan.

    - Direktor selektorlarga nima sababdan kelmaganligiga hech qiziqdilaringizmi?- Qiziqdik. Uni hech kim hokimiyatdan haydamagan. Shahar hokimi gapirmasidan avval “Seni hokimiyatingga kirmayman”, deb chiqib ketgan. Bunga hamma maktab direktorlari guvoh.

    - Gulnora Ahmedovaga ariza yozdirishdan avval ogohlantirganmisizlar?- O‘zim borib ogohlantirganman. Men buni ichiga kirib, darslarini tahlil qilganman. U yerda yaxshi o‘qituvchilar bor. Direktorning obyektivkasi bilan tanishsangiz, 2015-yilda maktabga ishga kelgan. Uch yil Rossiyada yurgan. Xo‘jayini tadbirkor. Tadbirkorlik bo‘yicha ikki kunlab yurib, ishga kelmaydi. Davlat oylik to‘layapti, shuni oqlash kerakmi? Tadbirkorligi o‘z yo‘liga. Marhamat, kechki 18:00 dan keyin bemalol qilaversin.

    - Yozma ogohlantirishlar bo‘lganmi?- Ogohlantirish xat asosida bo‘lmaydi.

    - Yuqorida murojaatni uyushtirilgan dedingiz. Ammo biz yigirmaga yaqin o‘qituvchidan fikr oldik.- Bu maktabda 120 nafar xodim bor. 20 nafar xodim fikri bilan baho bermaysiz-da. Juda katta maktab bu. 120 nafar xodimning 15 foizi bilan gaplashibsiz. O‘qituvchilar orasida direktor tomog‘ini yog‘lab turadiganlar bor. Ular ham maktabga kunlab kelmaydi. Maktabga oddiy fuqaro sifatida boring, asl holatni bilasiz. Keyin bu maktabning hisobraqamini ham tekshirish kerak. Yaqindan boshlab, oshxonadan topayotgan daromadining 99 foizini bizning hisobraqamga o‘tkazishi lozim.

    - Shahar xalq ta’limining bosh hisobchisi barcha maktablarning shartnomalarini birga yangilayman, deya javob berayotgan ekan-ku. Shu sabab ular mablag‘ o‘tkazishmayotgan ekan.- 2016-2017-yildagi holatni ko‘rish kerak. Maktabga foydasi tegmaydigan o‘qituvchini nima keragi bor? Prezident direktorlar ham tadbirkor bo‘lsin, deyapti. Agar hozir men qonuniy yondashsam, topshriqlarimni ko‘pini bajarmagan. Maktab oshxonasiga kirsangiz, bola salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan narsalar sotilyapti.

    - Masalan, qanday mahsulotlar sotilayapti?- Ketchup, mayonezli narsalar, kofe umuman bolaga mumkin emas.

    - Bu mahsulotlarni boshqa maktablarda ham ko‘rish mumkin.- Shularni asta-sekin bartaraf etayapmiz...

    Maktabning tashqi ko‘rinishi.

    Maktabning tashqi ko‘rinishi.
    Foto: “Daryo”

    Suhbatdoshlarimizning har biri o‘z fikri va haqiqatiga ega ekanligini ko‘rib, o‘qib turibsiz. Maktab o‘qituvchilari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, muassasada 120 emas, 87 nafar xodim ishlaydi. Gulnora Ahmedovaning 3 yil umrini Rosssiyada o‘tkazganligi haqidagi ta’kid esa o‘z tasdig‘ini topmadi.

    “Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.

    20.02.2019, 08:30   Izoh (0)   74956
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    Shavkat Mirziyoyev: Sirdaryo viloyatining salohiyatidan to‘liq foydalanilmayapti, qishloq tumanlarida sanoat deyarli yo‘q

    20.02.2019, 08:20

    Navoiyda harbiy o‘quv mashg‘ulotlari haftaligi o‘tkazilmoqda (foto)

    20.02.2019, 08:07

    Jizzaxda “Orom” kovorking markazi faoliyatini boshladi

    19.02.2019, 23:45

    Surxondaryoda bosqinchilik qilgan qibrayliklar Qashqadaryoda qo‘lga olindi

    19.02.2019, 23:20

    Farg‘onada nogironligi bor shaxslar va ehtiyojmand oilalarga yangi uy-joylar berildi

    19.02.2019, 22:31

    O‘zbekistonda yanvar oyida 36 mln dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi

    19.02.2019, 22:22
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Central Asian University ta’lim va tibbiyot yangi ekotizimiga 350 million dollarlik sarmoya kiritmoqda


    Jahon banki O‘zbekistonda elektr taʼminotini yaxshilash uchun 100 mln dollar ajratdi


    Uzbekistan Airways Islomobodga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda


    Toshkent mineral suvi: Iskandar Zulqarnayndan hozirgi kungacha


    O‘zbekistonda token chiqarish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan


    Hyundai Uzbekistan sizni Before Service tadbiriga taklif etadi


    “Otang bozor, onang bozor”, qurilish do‘koni ochmoqchi bo‘lsang, Tashkent INDEX’ga bor


    M-Clinic’da UZD bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida birinchi telemeditsina maslahati o‘tkazildi 


    BI Group Toshkent BI Botanika Saroyi turar-joy majmuasini belgilangan muddatdan oldin foydalanishga topshirdi va sifat hamda muddatga sodiqligini tasdiqladi


    TENET: Sodiq Azimov ko‘chasidagi Stellar Residence premium rezidensiyalari galereyasi


    “Trastbank”dan kichik biznes egalari uchun 500 mln so‘mgacha kredit!


    Nega aynan bugun farzandingizga sarmoya kiritish muhim ahamiyatga ega?


    “A.M. Best Company” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekinvest” kompaniyasi reytinglarini “Barqaror” prognoz bilan “b”/“bb” darajasida tasdiqladi


    Silk Avia kattalarsiz sayohat qilayotgan bolalarga hamrohlik qilish xizmatini taklif etadi 


    Biznesni rivojlantirish banki Londonda kelishuvlarga erishdi

     

    Tavsiya etamiz

    “Yovuzlik imperiyasi zaminimizga hech qachon qaytmasligi uchun” — jamoatchilik o‘roq-bolg‘ali qizil bayroq va qora-olovrang lentani taqiqlashni so‘ramoqda

    13 may, 22:22

    Ular doim dunyoda eng yaxshilaridan bo‘lgan — pokistonlik harbiy uchuvchilar haqida

    12 may, 21:30

    Si va Putin tandemi: Rossiya va Xitoyning “chegarasiz do‘stligi” Markaziy Osiyodagi muvozanatga qanday ta’sir qiladi?

    12 may, 19:00

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Zelenskiy Rossiya urushni tugatish uchun “noreal” shartlar qo‘yayotganini aytdi

    Dunyo | 18 may, 23:55

    Rossiyadagi koloniyadan tunnel qazib qochgan 5 nafar o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

    O‘zbekiston | 18 may, 23:25

    Superliga. “Paxtakor” yirik hisobda g‘alaba qozondi

    Sport | 18 may, 23:15

    Dunyoda 300 mln odam ochlikdan o‘lishi mumkin

    Dunyo | 18 may, 23:00

    Superliga. “Xorazm” “Mash’al”ni yirik hisobda mag‘lub etdi

    Sport | 18 may, 22:18

    Video: 105 yashar otaxonni haj safariga kuzatayotgan Namangan hokimi

    O‘zbekiston | 18 may, 22:17
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.